Beg‘ubor olamning bekasi
Umr yo‘llarida o‘zgalarga ezgulik ulashib, jamiyatga manfaat keltirib yashayotgan insonlarning manzillari nurli, tolei saodatli bo‘ladi. Xalqimizda: “O‘zgalar baxti uchun kurashsang, o‘z baxtingni ham topasan” degan hikmat bor. El-yurt ravnaqi yo‘lida fidoyi bo‘lgan insonning o‘zi ham el orasida qadr topishi, azizu mukarram bo‘lishi bu hikmatning mazmunida aks etadi.
Uzoq yillar mobaynida bolalar matbuoti sohasida mehnat qilib, ta’bir joiz bo‘lsa, bu beg‘ubor olamda yashab kelayotgan Feruza Adilova ham hayotini, bor bilim va tafakkurini barkamol avlod tarbiyasiga bag‘ishlab kelayotgan insonlardan. Uning kamtarona mehnatlari, fidoyiligini yozgan qiziqarli maqolalari, hikoyalari, qolaversa, har haftada yurtimizdagi minglab xonadonlarga kirib borayotgan bolalar va o‘smirlarning sevimli nashri – “Tong yulduzi” gazetasi “so‘zlab turibdi”.
Bolalar va o‘smirlar hayotiga oid qiziqarli maqolalari gazetaning mazmun-mundarijasini boyitishga xizmat qilsa, “Do‘stlik mo‘jiza yaratadi”, “Intizom”, “Kompyuter ustasi”, “Afsus” kabi hikoyalari bolalarni fikrlashga, mushohada yuritishga, yaxshi bilan yomonni farqlay olishga o‘rgatishi bilan ham ahamiyatlidir.
Bolalik haqida gap ketganda, beixtiyor chehramiz yorishadi, qalbimiz nurlanadi. Chunki bolalik – beg‘ubor olam. Bu musaffo, shaffof olamda yashaydigan, bolalar bilan dillashib, tillashib, ularning murg‘ak qalblariga yo‘l topa oladiganlarning o‘zlari ham bolaqalbli insonlardir.
Mehnat faoliyatini “Tong yulduzi” gazetasi tahririyatida matn teruvchilikdan boshlagan, keyinchalik muxbir, katta muxbir, bo‘lim muharriri, mas’ul kotib vazifalarida sidqidildan mehnat qilgan, bugungi kunda mazkur nashrga bosh muharrirlik qilayotgan Feruza Adilovani ana shu beg‘ubor olamning bekasi degimiz keladi. Uni kichkintoylar davrasida uchratsangiz, ular bilan bola tilida so‘zlashishini, qo‘l ushlashib o‘ynashini ko‘rsangiz, bu fikrning nechog‘li to‘g‘riligiga o‘zingiz amin bo‘lasiz. Beixtiyor: “Aynan shu kasb uchun yaralgan ekan!” deb yuborganingizni sezmay qolasiz.
Hayotda baxt tushunchasi nisbiy tushuncha. Uni hamma o‘z mezon tarozisi bilan o‘lchaydi. Baxtni mol-dunyoda, mahobatli imorat-u, qo‘sha-qo‘sha mashinalarda deb biladiganlar ham yo‘q emas oramizda. Feruzaxon esa bu tuyg‘uni farzandlari kamolida, oilasidagi tinchlik, totuvlikda, qolaversa, sevimli, ardoqli kasbida his qiladi.
Ayolning baxti – atrofidagilarning uni tushunishida. Inson-insonga qoyadek suyanch bo‘lsa, uni tushunsa, qo‘llab-quvvatlasa, dilidagi barcha ezgu niyatlari ijobat bo‘ladi. Hamkasbimiz bu borada ham omadi chopganlardan. Turmush o‘rtog‘i Azizjon aka Adilov oilaparvar, e’tiborli inson. Umr yo‘ldoshining hayot yo‘lidagi odimlarini qadrlaydi, unga yaqin maslakdosh. Feruzaxon bugungi kungacha nimagaki erishgan bo‘lsa, buning uchun eng avvalo, bolaligidanoq qalbida adabiyotga mehr uyg‘otgan, bilim olishi uchun yetarli sharoit yaratgan dadasi (rahmatli) Soyibjon otadan, qolaversa, umr yo‘ldoshidan behad minnatdor.
“Yaxshi odamlar ko‘paysin desangiz, yaxshi onalarni ko‘paytiring” deb yozgan edi Jan Pol. Zamirida bir olam ma’no mujassam bu hikmatni Feruzaxonga nisbat qilsak arziydi. Chunki uning bilimli, zukko, intiluvchan farzandlari – Iskandar va Alisherga ko‘pchilik havasmand.
Xalqimizda “Shogird ustozga qarab bo‘y cho‘zadi” degan ajoyib naql bor. Feruzaxon o‘zi tahsil olgan O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakulteti o‘qituvchilari Omonulla Madayev, Begali Qosimov, uni ijod olamiga yetaklagan Hamza Imonberdiyev, Shoim Bo‘tayev kabi ustozlariga qarab bo‘y cho‘zgan, kasb mahoratini oshirib, qalamini charxlagan bo‘lsa, bugungi kunda jamoaga yoshlik shijoati, nafasi bilan kirib kelgan Sayyora Qodirova, Dinara Shokirova, Mahmudjon Azimov, Nigora Abdunazarova singari umidli yosh jurnalistlar unga ustoz deya ergashishyapti.
F. Adilovaning samarali mehnatlari munosib bahosini oldi. Bugungi kunda uning ko‘ksini “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bezab turibdi. 2003 yilda Jurnalistlar uyushmasining “Atirgul” tanlovi g‘olibi bo‘ldi. Qator yillarda ko‘plab “Faxriy yorliq”lari bilan rag‘batlantirildi.
Men zamon bilan qadam-baqadam odimlayotgan bu hamkasbimiz timsolida tom ma’noda davr ayoli qiyofasini ko‘raman: ibratli xonadon sohibasi, mehribon ona, g‘ayratli, izlanuvchan, fidoyi rahbar…
Umr yillar bilan emas, ezgu amallar bilan sarhisob qilinadi. Shunday ekan, qalbida mehr-oqibat yashaydigan, qadamida samimiyat chechaklari unadigan F. Adilovaning yarim asrlik umri mazmunli, ibratli o‘tdi, deyishga haqlimiz. Uning oydin, yanada nurliroq manzillari hali oldinda ekanligiga umid qilib:
– Feruzaxon, ikki dunyo saodatidan bahramand bo‘ling! Sevimli kasbingiz, aziz va ardoqli farzandlaringiz kamoli qalbingizni nurlantirib, hayotingizga ma’no, mazmun baxsh etaversin! – deymiz.
Feruza JALILOVA