Ijtimoiy himoya – ustuvor vazifa
Pensiya tayinlash qanday mezonlarga asoslanadi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 30 dekabrdagi “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining respublikamizning shahar va tumanlarida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tashkil etilgan.
Pensiya ta’minotini rasmiylashtirish borasidagi savollar barchani qiziqtirishi tabiiy. Ularga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Olmazor tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Zayniddin Aralov bilan suhbatlashdik.
– O‘zbekistonda fuqarolarning pensiya yoshi qanday belgilangan hamda talab etiladigan hujjatlar yig‘masi va ish staji necha yil bo‘lishi haqida bizga ma’lumot bersangiz.
– “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasiga muvofiq yoshga doir pensiya olish huquqiga: erkaklar – 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil, ayollar esa – 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 12-bandiga asosan yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi belgilab qo‘yilgan:
– ish stajini, shu jumladan, maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat;
– ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
– ariza beruvchining jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi nusxasi (2005 yil 1 yanvardan keyin).
Bundan tashqari zarur hollarda quyidagi ma’lumotnomalar taqdim etiladi.
Ya’ni, tegishli organ tomonidan berilgan harbiy xizmatni, partizan otryadlari va qo‘shilmalarda bo‘lganlikni, davlat xavfsizligi organlarida va ichki ishlar organlarida xizmat qilganlikni tasdiqlaydigan ma’lumotnoma topshiriladi.
Tegishli organ tomonidan berilgan, idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, harbiylashtirilgan soqchilikdagi, maxsus aloqa organlari va kon-qutqaruv qismlaridagi xizmatni tasdiqlaydigan ma’lumotnoma ham berilishi shart.
Yana band bo‘lgan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq organlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan berilgan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langanligini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma ham zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining davolash-profilaktika muassasasi tibbiy-maslahat komissiyasi tomonidan berilgan ariza beruvchining bolasi 16 yoshgacha nogiron bola deb e’tirof etilishini tasdiqlaydigan tibbiyot xulosasi yoki Tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tomonidan berilgan parvarish ostidagi shaxs I guruh nogironi deb tan olinishini tasdiqlaydigan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomaning tegishli qismi ham ushbu hujjatlar to‘plamiga kiradi.
Davolash-profilaktika muassasasining xulosasi asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqtni tasdiqlaydigan ma’lumotnoma kerak.
Oliy ta’lim muassasalarida aspiranturada, doktoranturada va klinik ordinaturada kunduzgi o‘qishni, shu jumladan, chet elda o‘qishni tasdiqlaydigan diplom yoki ma’lumotnoma topshiriladi. Shuningdek, bolani parvarish qilish bo‘yicha ta’til berilganligi va ta’tildan qaytilganligi to‘g‘risidagi buyruqlarning nusxalari ilova qilingan holda ayol kishi bola tug‘ilgandan boshlab u uch yoshga to‘lgungacha bo‘lgan davrda mehnat munosabatlarida bo‘lgan tashkilot tomonidan berilgan bola uch yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish vaqtini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma darkor.
Ofitserlar tarkibidan bo‘lgan shaxslar, praporshchiklar, michmanlar va muddatdan tashqari xizmat qiluvchi harbiy xizmatchilarning xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqtni tasdiqlaydigan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning xotini (eri) chet elda bo‘lgan vaqtini tasdiqlaydigan ma’lumotnomalar ham pensiya jamg‘armasiga taqdim etiladi.
Ariza beruvchi urush qatnashchisi yoki unga tenglashtirilgan shaxs hisoblanishini tasdiqlaydigan hujjat, davolash-profilaktika muassasasining ariza beruvchi gipofizar nanizm bemori (liliput) yoxud disproporsional pakana ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi, familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgartirilganligi to‘g‘risidagi hujjat topshiriladi.
TMEKning nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomasining tegishli qismi – mehnatda yoki kasb kasalligiga chalinganlik oqibatida I va II guruhlar nogironi bo‘lgan vaqt stajga hisoblanadigan hollarda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan nogiron bola 8 yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish vaqtini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma, shuningdek, bola 8 yoshgacha nogiron bola deb e’tirof etilishini tasdiqlaydigan TMK tomonidan berilgan tibbiyot xulosasi, yoki TMK tomonidan berilgan nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan kasallik bo‘yicha davolash-profilaktika muassasasida hisobda turganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar pensiya hisoblashda katta ahamiyatga ega.
Oqlov hukmi yoki ish to‘xtatilganligi to‘g‘risida sudning ajrimi yoki prokuror (tergovchi)ning ish to‘xtatilganligi to‘g‘risidagi qarori, shuningdek, oldini olish chorasi sifatida shaxsni (tergov izolyatori) qamoqda saqlash, qamoq yoki ozodlikdan mahrum etish shaklida jazoni o‘tash davri to‘g‘risida tergov organlari yoki ichki ishlar organlarining ma’lumotnomasi, yana, reabilitatsiya to‘g‘risidagi hujjatlar (sud organlari, prokuratura organlari, surishtiruv va tergov organlarining oqlov hukmi chiqarilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi yoki reabilitatsiya qiluvchi asoslar bo‘yicha jinoyat ishi to‘xtatilganligi to‘g‘risidagi qarori (ajrimi) zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuman (shahar) Bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining shaxsni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi taqdimnomasi ham topshiriladi.
– Pensiya yoshiga yetgan erkak yoki ayolning ish staji talab qilingan me’yordan kam bo‘lgan holda pensiya qanday tayinlanadi?
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga asosan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiya, pensiya tayinlash uchun (7-modda) yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar ushbu qonun 37-moddasi birinchi qismining “a”, “b”, “v” va “g” bandlarida nazarda tutilgan kamida 5 yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi.
– Ishlayotgan pensionerlar qay tartibda ish haqi yoki tayinlangan pensiyaning 50 foizini olishga haqli va ushbu tartib II, III guruh nogironlariga qanday holatlarda to‘lanadi?
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011 yil 30 aprelda 2222-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ishlovchi pensionerlarga pensiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan quyidagi toifadagi ishlovchi pensionerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda (100 foiz) to‘lanadi. Urush nogironlari va qatnashchilariga, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslarga. Ikkinchi jahon urushi yillarida harbiy xizmatni o‘tagan yoki front orqasida ishlagan fuqarolar, I va II guruh nogironlari, Chernobil atom elektrostansiyasi halokatidan ziyon ko‘rgan insonlar, ushbu halokatdan ziyon ko‘rganlar doirasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi rayosati va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 apreldagi 170-sonli “Chernobil halokatidan ziyon ko‘rgan O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarni ijtimoiy himoyalash haqida”gi qarorida belgilangan tartibda pensiya oladilar. Fuqarolar yig‘inlari va mahallalarning raislariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘yicha maslahatchi lavozimlarida ishlovchi pensioner ayollarga – yoshga doir pensiyani olganda, qolgan barcha ishlovchi pensionerlarga ularga tayinlangan pensiyaning 50 foiz miqdorida pensiyalar to‘lanadi.
2014 yil 1 yanvaridan boshlab fuqarolik-huquqiy tarzidagi shartnomalar bo‘yicha ishlaydigan va qonun hujjatlari bilan belgilangan yoshga doir pensiyalarning minimal miqdoridan past daromad (gonorar, mukofot va boshqalar) oladigan pensionerlarga pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadi.
– Kimlarga nogironlik pensiyasi tayinlanadi?
– O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga muvofiq qonun hujjatlarida belgilangan tartibda I va II guruh nogironlari deb topilgan shaxslarga nogironlik pensiyasi tayinlanadi.
– 16 yoshdan katta va 16 yoshgacha bo‘lgan bolalikdan nogironlik nafaqalarini kimlar olish huquqiga ega?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 apreldagi 107-sonli qarori bilan tasdiqlangan bolalikdan nogironlarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom 16 yoshdan katta bolalikdan nogironlarga va 16 yoshgacha nogiron bolalarga har oylik nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi. Nafaqa olish huquqiga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan bolalikdan I guruh nogironlari, bolalikdan II guruh nogironlari deb e’tirof etilgan 16 yoshdan katta shaxslar, shuningdek, nafaqa olish huquqini beradigan tibbiy xulosa mavjud bo‘lgan taqdirda 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar egadirlar.
– “Keksalarni e’zozlash yili” munosabati bilan tuman Pensiya jamg‘armasi bo‘limida qanday ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan?
“Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi doirasida Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 100 yoshga to‘lgan nuroniy fuqarolarimiz uchun eng kam ish haqining 100 foizi miqdorida mukofot pullari berilishi, 75 yoshdan oshgan fuqarolarga tekshirishlarda hisoblangan ortiqcha to‘lovlardan voz kechish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va urush davrida mamlakat ichkarisida xizmat qilgan vatandoshlarimiz uchun uy-joy kommunal xizmatlari uchun beriladigan kompensatsiya to‘lovlari miqdorlarini oshirish belgilangan. Mavjud rasmiy veb-saytimizdagi pensiya kalkulyatori orqali fuqarolar o‘zlari ham dastlabki pensiyani hisoblab chiqish imkoniyatlari yaratildi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Olmazor tuman bo‘limida yosh kadrlar malakali xodimlarga biriktirilib, ular o‘rtasida ustoz-shogird an’analari yo‘lga qo‘yilgan.
Darhaqiqat, mazkur bo‘limda olib borilayotgan ishlar yuksak talab darajasida tashkil etilgan. Biz esa farovonlik, to‘kinlik va taraqqiyot, tinchlik hamda osoyishtalik yurtimizni aslo tark etmasin, umr dovonlaridan oshib pensiya yoshiga yetish har bir yurtdoshimizga nasib etsin deymiz.
Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Jamila XAYDAROVA suhbatlashdi