Kuy-qo‘shiq va she’rlar tanlovi
Toshkent viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashida bolalar qo‘shiqlari, she’rlari va kuylarini yaratish bo‘yicha respublika ijodiy tanlovining hududiy bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi, xalq ta’limi, madaniyat va sport ishlari viloyat boshqarmalari, yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda bastakorlar, shoirlar, bolalar ijodiy jamoalari, bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ijodiy tanlov yakuniga ko‘ra, Ra’no Ahmedova “Qo‘shiq uchun yaratilgan eng yaxshi she’r” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Bo‘stonliq tumanidagi 17-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘zbek xalq cholg‘ulari fani o‘qituvchisi G‘ofur Qo‘chqorov hamda viloyat akademik va xalq badiiy jamoalari direksiyasi rahbari Rustam Muhammadiyev “Eng yaxshi qo‘shiq ijrochiligi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bekobodlik Bozorboy Saydinov “Eng yaxshi bolalar oromgohi madhiyasi”, Chirchiq akademik litseyi o‘quvchisi Dilnavoz Najimova “Eng yaxshi hisob she’ri va mashq qo‘shig‘i” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib, deb topildi.
G‘oliblar ijodiy tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
I.XUDOYQULOV