Tutak ota rivoyati

Sohibqiron Amir Temur o‘z qadami yetgan har bir manzilda dastlabki ishni bu joylarda o‘tgan aziz avliyolar qabrini ziyorat qilishdan boshlagan. Bobokalon o‘z “Tuzuklar”i va “Tarjimai hol”ida sayyidlar, ulamo, shayxlar hamda fozillarni doimo chuqur ehtirom etganligini ko‘p ta’kidlaydi. Sohibqironning duogo‘y piri Abu Bakr Toyobodiy juda ko‘p masalalarda unga xat orqali o‘gitlar bergan. Ana shu maslahatlarga ko‘ra, u saltanatini o‘n ikki toifaga bo‘lib, eng dastlabki toifalarga yuqoridagi hurmatli zotlarni va duogo‘ylarni kiritgan. “Ular bilan xilvatda suhbat qurib, ko‘nglimdagi maqsadimni aytib, duo tilardim. Majlislarda, bazmlarda, jang maydonlarida ulardan ko‘p barokotlar topdim”, – deb yozadi Sohibqiron o‘z “Tuzuklar”ida.

Amir Temur hayotidagi ilk mustaqil qadamini o‘ziga ma’naviy ustoz – pir izlashdan boshlagan. Uning hayotida ulkan iz qoldirgan uch zabardast pir – Xoja Shamsiddin Kulol, Abu Bakr Toyobodiy va Mir Sayyid Baraka haqida ko‘pgina tarixiy manbalarda ma’lumotlar bor.

Yakkabog‘ tumanidagi Tutak qishlog‘ida yashovchi Saloy bobo Siddiqov Sohibqiron nomi bilan bog‘liq quyidagi rivoyatni so‘zlab berdi:

– Bir zamonlar bu manzilda yashagan shayxning ilmi kamolga yetib, tevarak-atrofdagi qishloqlarning aholisi unga murid tushgan edilar. Shayxning dovrug‘i Kesh, Kifti-ob va undan olislarga ham taralgan edi. Ittifoqo, bir kuni Sohibqironning yo‘li shu qishloqqa tushdi. Amir Temur, agar shayxning karomatlari rost bo‘lsa, uning izzatini o‘rniga qo‘yib, vaqf belgilamoqqa qaror qildi. O‘shanda qishning ayozli chillasi edi. Sohibqiron o‘z choparini shayxga yo‘llab dediki, shayx bizni uzum va tut bilan siylasin, otlarimizni yangi o‘rilgan o‘t bilan boqsin, so‘ngra biz ul zotning karomatlariga ishonurmiz. Shayx bu so‘zlardan avvaldanoq voqif edi, tezda muridlarini mehmonga peshvoz yo‘lladi. Yana aytdiki, Amir Temur qirqta otliq yigiti bilan kelyapti, darhol otlarni bog‘lash uchun qirqta qoziq hozirlanglar!

Sohibqironni izzat-ikrom bilan kutib oldilar. Otlarni qirqta qoziqqa bog‘lab, oldiga quchoq-quchoq ko‘k o‘t tashlayotganlarini ko‘rib, amirning hamrohlari lol qoladilar. Shayx mehmonni vatani (hujra)ga taklif qildi. So‘ngra bir muridga aytdi: bizga uzum bilan tut keltirgil! Murid chorboqqa chiqib qarasa, hammayoq qor, ammo bir shox husayni uzum, bir shox tut g‘arq pishib, tovlanib turibdi. Bularni keltirib mehmonning oldiga qo‘ydilar. Sohibqiron bildiki, shayxning valiyligi ayon. Unga ixlosi ortib, ko‘p izzat-hurmat ko‘rsatdi, o‘zi minib kelgan uchqur otini ham shayxga nazr qildi. Ammo shayx xizmatkorlariga otni so‘yishni buyurdi. Amir Temur hayratlanib kuzatib turar edi. Darhol otning oyoqlarini bog‘lab, yerga qulatdilar, qonini oqizish uchun bo‘ynini kichik chuqurchaga to‘g‘rilab, tig‘ tortdilar.

Яна ўқинг:  ОИЛАДА АЁЛНИНГ ЎРНИ

Shundoq uchqur tulporning so‘yilganini ko‘rib, amirning yuragi kuydi, ichida: “boshqa jonliq so‘yilsa tuzukroq edi”, – deb o‘yladi.

Shunda shayx: – Ey Amir Temur, Sizning fikringiz bizga ayondur! – dedi. Otga yaqinlashib, hassasini uning bo‘ynidan yurgizgan edi, qonlar qayta yig‘ildi, terisi birlashib, jarohat o‘rni butkul yo‘qoldi. Yana hassasi bilan uch marta urib, “Chuh” degan edi, ot pishqirdi-da, sakrab o‘rnidan turib ketdi. Buni ko‘rgan Amir Temur shayxning poyiga kamoli ixlos bilan bosh urdi. Ot bozori, Qoratosh, O‘rta va yana bir qancha qishloqlarning xirojini shayxga nazr qildi. O‘shandan buyon har yili ro‘za namozida bu qishloqqa bir qo‘y, bir necha qop guruch, mutavalli va imom uchun ikkita to‘n uzluksiz yetkazib turilgan.

Endi ikki og‘iz so‘z Tutak ota ziyoratgohida Sohibqiron Amir Temur qoldirgan yorliq – “chak” xususida. Yorliqda ziyoratgoh uchun belgilangan vaqf, har yili keltiriladigan xiroj miqdori va bu joyga qarovchi ruhoniylarning shajarasi keltirilib, Sohibqiron muhri bilan tasdiqlangan. Ushbu yorliqqa necha yuz yillar davomida o‘tgan har bir hukmdor amal qilib, talablarini so‘zsiz bajarganlar. Mazkur ko‘hna an’ana sho‘rolar zamonasiga kelib barham topdi. Din ahllariga zug‘um kuchaygan davrlarda bu yerdagi imomlar mazkur shajara-yorliqni ishonchli joyga berkitib, asrashga majbur bo‘lganlar. Faqatgina har yili ro‘za namozida yorliq keltirilib, jamoa qarshisida o‘qib eshittirilgan. Keksalarning aytishlaricha, yorliq xuddi moylangandek yaltiroq va pishiq Samarqand qog‘oziga yozilgan bo‘lib, uzunligi ikki qulochcha kelarkan. Ba’zi bir gaplarga ko‘ra, bu bebaho tarixiy yorliq hozir ham Hotam eshonning Yakkabog‘ shahrida yashovchi avlodlarida saqlanadi.

Xo‘sh, sohibkaromat zot – Tutak ota kim bo‘lganlar? Bu haqda hozircha aniq ma’lumot uchratolmadik. Yana, qishloq keksalarining rivoyatlariga quloq tutsak, ul zotning asl ismlari Boboyi Valiy bo‘lib, Xoja Bahovuddin Naqshbandiyning jiyani ekanlar. Taqdir taqozosi bilan Boboyi Valiy Buxorodan hozirgi Yakkabog‘ qishlog‘ining yuqorisidagi G‘achchon degan manzilga kelib, bir badavlat odamga cho‘ponlikka yollanadi. Qish kunlarining birida qo‘ylarni yantoqzorga yoyish uchun haydab chiqadi. Biroz vaqtdan so‘ng bu yerdan o‘tayotgan xizmatkorlardan biri qarasaki, cho‘pon yo‘q, qo‘ylar atrofidan esa ikkita bo‘ri aylanib, boqib yuribdi. Qorda bir kishining izlari jarlikdagi g‘or tomon ketgan emish. Xizmatkor o‘sha iz bilan g‘orga kirsa, haligi yangi cho‘pon xushro‘y yigitlar va nuroniy keksalar bilan suhbatlashib o‘tirgan ekan. Shunda Boboyi Valiy xizmatkorga qarab, bu yerda ko‘rganlarini hech kimga aytmasligini so‘raydi. Ammo haligi kishi qishloqqa qaytgan zahoti barchaga g‘orda ko‘rganlarini gapirib beradi. Shundan so‘ng Boboyi Valiy bu yerdan ketib, hozirgi Tutak qishlog‘idan manzil topgan ekan. Bu qishloq nomi esa Shayxning Sohibqironga ko‘rsatgan karomati – tut va tok (uzum bilan tut) voqeasidan so‘ng kelib chiqqan, deyishadi.

Яна ўқинг:  Тадбиркорга ким мададкор?

Baxtiyor HAYDAROV

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: