– Men albatta jahon chempioni bo‘laman, –
deydi O‘zbekiston chempioni Shahnoza Samatova.
Shahnoza Samatovani bugungi kunda tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgudek qirralarini eshitib, rosti havasim keldi. U Guliston davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyi “Ijtimoiy-gumanitar” fanlar yo‘nalishi 2-bosqich o‘quvchisi. 13 yoshidan beri sportning taekwondo ITF sport turi bilan muntazam shug‘ullanib keladi.
Asli gulistonlik bu qiz bolaligidanoq televideniye orqali namoyish etiladigan sport ko‘rsatuvlarini katta qiziqish bilan tomosha qilar, unda nufuzli xalqaro chempionatlarda ishtirok etgan chempionlarga havas qilardi. Qiz bola bo‘lishiga qaramay u futbolning ashaddiy muxlisi edi. Bora-bora unda sport bilan astoydil shug‘ullanish maqsadi paydo bo‘ldi. Yettinchi sinfda o‘qiyotganida u tahsil olayotgan maktabda harbiy sport sinflari ochildi. Buni albatta Shahnoza uchun bir omad desa arziydi. U maktabdagi darslari tugagan zahoti sport sinfiga shoshilardi.
Bir kuni sinfdoshlari bilan birga harbiy qasamyodga tayyorlanib, mashqlarni bajarayotganlarida bir guruh bolalar va qizlar maxsus oq liboslarda o‘z chiqishlari bilan uning havasini keltirishadi. Shundan keyin u taekwondo ITF sport turi bilan muntazam shug‘ullana boshlaydi.
U mashg‘ulotlarda birinchi murabbiyi Rustam Hamroyevdan ushbu sport turining sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgandi. Avvaliga mashg‘ulotlarda u ba’zi bir uslullarni qo‘llashda ancha qiynaldi. Ammo Shahnozadagi istak va mustahkam iroda bois tinimsiz izlandi. Ilk musobaqalardayoq u muvaffaqiyat qozondi.
Hozirgi kunda malakali sport murabbiyi Yevgeniy Kon unga ustozlik qilmoqda. Doimiy izlanish va harakat shioriga aylangan bu qiz “Kamolot” YOIH, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan va ta’lim maskanida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etadi.
– Sport menda o‘zimga bo‘lgan ishonchni mustahamladi. Avvallari kun sal sovisa tez-tez kasal bo‘lardim. Endi sport bilan shug‘ullanganim bois salomatligim mustahkamlandi. Eng asosiysi vaqtning qadriga yetishni o‘rgandim va har bir ishimni rejali bajarishga harakat qilayapman. O‘qishga ham sport bilan shug‘ullanishga hamda uy ishlarida onajonimga yordamlashishga ham ulguryapman. Men barcha tengdoshlarimning sport bilan shug‘ullanishlarini istardim, – deydi Sh.Samatova.
Shahnoza shu paytgacha viloyat va O‘zbekiston chempioni bo‘lishga sazovor bo‘lgan. 2012 yil unga omad keltirdi, u qora belbog‘ 1 DAN sohibasi bo‘ldi. Kelgusida Shahnoza barcha tengdoshlari qatori jahon arenalarida O‘zbekiston sharafini himoya qilib, yurtimiz bayrog‘ini yanada yuqori ko‘tarishni niyat qilgan. Jahon chempioni bo‘lish uning ezgu tilagidir. Zero, maqsad va harakat birlashsa orzular ushaladi, albatta.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA