IKKI AVLOD UCHRASHUVI
Istiqlol tufayli dunyoga kelgan “O‘zbekiston Mustaqilligi” mahallasi o‘zining ibratli ishlari bilan respublikamizda yaxshi tanish. Bu mahallada taniqli shoir, yozuvchi, olimlar, xalq deputatlari bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazilib turiladi. Xalqimizning eng e’zozli Navro‘z va Mustaqillik bayramlari keng nishonlanadi.
Mahallada istiqomat qiluvchi 1750 oilaning o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini to‘la amalga oshirish uchun keng qamrovli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, “Giyohvandlik – inson hayotining kushandasi”, “Tamaki chekish koni ziyon”, “Jismoniy tarbiya va sport – hayot tarzimiz” singari mavzularda o‘tkazilgan davra suhbatlari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu ibratli tadbirlarni o‘tkazishda mahalla fuqarolar yig‘ini kotibi Shamsiddin Shobadatov, fuqarolar yig‘ini diniy ma’rifat, ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha mahalla maslahatchisi Bo‘ston opa Muhammadjonovalarning alohida o‘rni bor.
Yaqinda mahallada ishga tushirilgan sport majmui Mustaqilligimizning 21 yilligiga munosib to‘yona bo‘ldi. Endilikda bu yerdagi futbol, volleybol, basketbol, tennis, shaxmat-shashka to‘garaklarida 500 nafardan ortiq yoshlar muntazam shug‘ullanmoqda.
Kuni-kecha mahallada “2012 – Mustahkam oila yili” munosabati bilan o‘tkazilgan “Ikki avlod oilasi” uchrashuvi ham yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Uchrashuvda mahallaning eng ibratli, ko‘p yillardan beri ahil-inoq yashayotgan otaxonu onaxonlari bilan yosh kelin-kuyovlarning qiziqarli muloqoti bo‘ldi. Oila qurishda, farzandlarni xalqimizning munosib fuqarolari qilib voyaga yetkazishdagi boy tajribalar ommalashtirildi.
Uchrashuv qatnashchilarini mahallaning eng hurmatli oqsoqollari, “El-yurt hurmati” ordeni sovrindori Egamnazar Qodirov, filologiya fanlari doktori, professor Erkin Qodirov, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mavluda Hakimova va boshqalar qizg‘in qutladilar hamda yosh oilalarga taniqli adiblarning kitoblarini sovg‘a qildilar.
Mahallada “Mustahkam oila yili” munosabati bilan yana bir qator uchrashuv va kechalar tashkil qilish belgilandi.
R.JABBOROV