Tabiat qo‘ynidagi sayr immunitetni ko‘taradi
Shifokor-mutaxassislar dam olish kunlari tabiat qo‘ynida ko‘proq sayr etishni tavsiya etishmoqda. Sayr nafaqat toza havoda to‘yib nafas olishingizga imkon beradi, balki inson steril bo‘lmagan muhitda organizm uchun foydali bo‘lgan bakteriyalar bilan ham bevosita “muloqot”ga kirishadi. Natijada bu foydali bakteriyalar immunitetga ijobiy ta’sir etib, uning zararli bakteriya va viruslarga qarshi chidamliligini oshirar ekan. O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar, gripp kabi kasalliklar immuniteti past “tegma nozik”larga yopishishi bejiz emas.
Homiladorlar uchun eng foydali mahsulot
Tadqiqotlarga ko‘ra homiladorlik davrida haftasiga 12 martagacha baliq iste’mol qilgan bo‘lg‘usi onalar juda ham sog‘lom farzand ko‘rishgan. Chunki, baliq (ayniqsa, dengiz va okean baliqlari) tarkibida omega-3 yog‘ kislotasi mavjud. Bu omega-3 yog‘ kislotasi homilaning ko‘zi va miyasi rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi.
Yo‘talning sababi turlicha
Vaqti-vaqti bilan xurujsimon yo‘tal sizni bezovta qilsa allergelog – shifokor qabuliga yoziling. Yana yo‘talning sababi virusli va bakteriyali infeksiyalar ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, o‘pka kasalliklari, bronxit, sil, o‘sma xastaliklarida hamda yurak nuqsoni(yurak astmasi)da qon aylanish buzilganida ham kishini yo‘tal tutadi. Kashandalar va passiv chekuvchilar(kashandalarning yonida zaharli tutun yutishga majbur bo‘lgan odamlar)ni ham yo‘tal bezovta qiladi. Umuman olganda sizni nima sababdan yo‘tal tutishini vrach-pulmonolog(o‘pka kasalliklari bo‘yicha mutaxassis) rentgen tasvirini ko‘rib, allergolog esa organizmingiz qanday allergenlarga qarshi reaksiya ko‘rsatayotganini maxsus tekshirishlar orqali aniqlaydi. Zarur bo‘lsa kompyuter tomografiyasi tekshiruvi ham bemorga tavsiya etiladi. Qon va peshobning laborator tahlillari va zarur qo‘shimcha tekshirishlar natijasida bemorga davo muolajalari mutaxassis tomonidan buyuriladi.
GULSHIRIN