Ko‘z ilg‘amas xastalik deb o‘ylamang
yoki allergenlarning zararli oqibatlari haqida
Sir emaski keyingi yillarda nafaqat bizning diyorimizda balki butun dunyo miqyosida allergik kasalliklar soni kun sayin ortib bormoqda. Hozirda dunyo miqyosida allergik kasalliklar dardning eng ko‘p tarqalgan turi bo‘lib qolmoqda. Shu bois bugungi kunda allergologiya faniga e’tibor ortib bormoqda. Quyida biz Respublika ilmiy ixtisoslashgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ozodbek Nazarovga o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat etdik.
– Allergik xastaliklarning kelib chiqish sabablari xususida ma’lumot bersangiz.
– Allergiya yunoncha “allos” – begona, “ergos” – ta’sir so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, u organizmning begona yot moddalarga o‘zgacha ta’sir qilish xususiyatini anglatadi. Ana shu begona moddalarni biz tibbiy ibora bilan allergenlar deb ataymiz. Allergenlarning bir qancha turlari mavjud bo‘lib ulardan eng asosiylari:
Oziq-ovqat allergenlari, dori allergenlari, uy-ro‘zg‘or allergenlari, o‘simlik gullari changi keltirib chiqaradigan allergenlar, epidermal va insekt allergenlarni sanab o‘tishimiz mumkin. Bu allergenlarning inson organizmiga o‘ziga xos ta’siri mavjud. Jumladan, oziq-ovqat allergenlariga sitrus mevalar, shokolad, kofe, asal, yong‘oq, qovun, tarvuz, baliq, qulupnay, shaftoli, sut, tuxum, tovuq go‘shti, ot go‘shti, dukkakli mahsulotlar, spirtli va turli sun’iy bo‘yoqli ichimliklarni ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin.
Dori allergenlariga esa eng ko‘p allergik xastalik chaqiruvchi dori vositalari analgin, aspirin, penitsillin, V guruhi vitaminlari, sulfanilamid guruhi preparatlarini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin.
Uy – ro‘zg‘or allergenlari qatoriga maishiy allergenlar – uy changi, kutubxona changi, yostiqlarga solingan parranda patlari changlari singari allergenlarni misol keltiramiz.
O‘simlik gullari changini tarqatuvchi o‘simliklardan ermon, burgan, sho‘ra, shuvoq, terak, ayniqsa, oq terak, zarang daraxti, majnuntol, boshoqlilardan bug‘doy, arpa, suli va boshqalarni ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin.
Epidermal allergenlarga esa uy hayvonlari junlari va qazg‘oqlari kiradi. Ularga it, mushuk, qo‘y, ot va boshqa junli hayvonlarni ko‘rsatib o‘tamiz.
Insekt allergenlarga esa arilar (sariq ari, qovoq ari, asalari)ning zahri, chivinlar, suvaraklar hamda boshqa hasharotlarning ustki qobig‘i qoldiqlari kiradi.
– Ushbu kasalliklar nasl suradimi?
– Allergiyaning nasl surishi haqida yagona fikr mavjud emas. Fanda nasl surishning turli shakllari, ya’ni autosom-retsessiv (yashirin) va autosom-dominant, poligen kabi yo‘llari tasvirlab berilgan. Ayni paytda poligen nasl surish ko‘proq deb hisoblanadi. Yanada oddiyroq qilib aytadigan bo‘lsak allergik kasalliklarni kuchli xuruj davrida bemor ayollar homiladorlikdan vaqtincha saqlanib turganlari ma’qul.
– Ona suti bilan emizib boqish allergenlarga qarshi kurashda qanday ahamiyatga ega?
– Ona suti bilan emizib boqilgan bolalarda allergik xastaliklar kam uchrashi fanda isbotlangan. Ona sutining tarkibida allergik xastaliklarni rivojlanib ketishiga qarshi omillar bor. Hozirgi vaqtda ko‘pchilik yosh onalar bolasini tezda ko‘krak sutidan chiqarib, sun’iy sutli aralashmalar bilan oziqlantirishga o‘tkazib yubormoqda. Go‘dak bolani turli xil sun’iy, tarkibida kimyoviy moddalar bo‘lgan oziq-ovqatlar bilan ovqatlantirish o‘z-o‘zidan murg‘ak bola organizmida turli xil ko‘rinishdagi allergik xastaliklarni kelib chiqishiga va ularni avj olishiga sababchi bo‘lmoqda.
– Chilla yara (diatez) ga moyilligi bor go‘daklarni noto‘g‘ri ovqatlantirish, ya’ni parhezga amal qilmaslikning salbiy oqibatlari haqida nimalar deya olasiz?
– Yuqoridagi fikrimizdan kelib chiqqan holda bolalarda diatez xastaligi mavjud bemor bolalarni noto‘g‘ri ovqatlantirish ushbu kasallikning og‘ir turi bo‘lgan atopik dermatit xastaligini keltirib chiqarishi mumkin. Diatez xastaligida bolaning faqat yuzida toshmalar paydo bo‘ladigan bo‘lsa, atopik dermatit xastaligida esa bemorning butun tanasini ayniqsa, bukuluvchan a’zolarni toshmalar qamrab oladi. Bu jarayon kuchli qichishish bilan kechadi. Bola injiq bo‘lib qoladi. U ovqat yemay qo‘yadi. Bu holat o‘z vaqtida davolanmasa ichki shilliq qavatlarning zararlanishi, shuningdek, terini yanada og‘ir yallig‘lanishi bo‘lgan ikkilamchi ekzemaga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham mana shu davrda gipoallergik parhezning ahamiyati nihoyatda kattadir.
Agar bola shu paytda ko‘krak suti bilan boqilayotgan bo‘lsayu, lekin bolada yuqoridagi holat yuzaga kelgan bo‘lsa u me’da-ichak tizimida onaning o‘zi to bolani ko‘krakdan ajratgunga qadar albatta gipoallergik (ya’ni, allergik moddalar bo‘lmagan) parhezga amal qilishi shart.
– Ko‘pincha ota-onalar yosh bolalarga turli sun’iy bo‘yoqli gazli ichimliklar, marinadli, mayonezli, dudlangan oziq-ovqatlar, choy kabi go‘daklarga mumkin bo‘lmagan mahsulotlarni ham berishadi. Tajribali va malakali mutaxassis sifatida ularga o‘z tavsiyalaringizni bersangiz.
– Yuqorida aytib o‘tilgan mahsulotlarni nafaqat yosh bolalar, balki allergiyaga moyilligi bor har qanday yoshdagi insonlar iste’mol qilmagani ma’qul. Chunki, bu mahsulotlar hazm jarayonini buzadi va o‘zi ham turli xil ko‘rinishdagi og‘ir allergik xastaliklardan qavarchiqlar, allergik dermatitlar, Kvinke shishlari, bronxospazm (bronxlar siqilishi) holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Bunday shoshilinch holatlarda agarda bemorga tibbiy muolaja o‘z vaqtida ko‘rsatilmasa, bemorning ahvoli juda og‘irlashib, u hatto nobud bo‘lishi mumkin. Allergik xastaliklarni qo‘zg‘atuvchi va ularning avj olishiga turtki beruvchi hamda og‘ir oqibatlarga olib keluvchi bunday oziq-ovqatlarni bemorning taomnomasidan chiqarib tashlash zarur.
– Har faslda qanday allergik kasalliklar kuzatiladi? Ularning oldini olishda qanday chora – tadbirlar qo‘llash zarur?
– Bahor faslida o‘simliklarni gullashi sababli ularning guli changidan pollinoz yoki mavsumiy allergik rinit xastaligi kelib chiqadi. Bu holatni biz kuz faslida ham ko‘rishimiz mumkin. Qishning sovuq kunlarida nam va zax joylarda yashaydigan bemorlarda zamburug‘lar ta’sirida kelib chiquvchi allergik rinit va bronxial astma (ziqqinafas) rivojlanishi mumkin. Uy changi, uning tarkibida bo‘ladigan mayda ko‘zga ko‘rinmas kanachalar, shuningdek, parranda momig‘i, eski gazeta-jurnallar, kitob changi ta’siridan bronxial astmaning atopik turi, allergik rinitning doimiy turi kelib chiqishi mumkin. Ushbu kasalliklarning kelib chiqish sabablari, ya’ni etiologik omillariga qarab bemorlarga kerakli tavsiyalar beriladi. Avvalo allergik xastaliklarni har qanday turida birinchi galda bemorlar gipoallergik parhezga rioya qilishlari zarur. Shuningdek, maishiy allergenlarga ayniqsa, uy changi, uning tarkibida bo‘lgan kanachalarga sezuvchanlik oshganda bemorlar albatta burunlarini tuzli suvda chayishlari, yotoqxonalarni ham tuzli suvda artishlari maqsadga muvofiqdir. O‘simlik gullari changiga sezuvchanlik yuqori bo‘lganda ertalab uy derazalarini soat 10-11 ga qadar ochmaslik, mashina oynalarini ham yopib yurish, ko‘zga nimqora ko‘zoynak taqish, kuchli shamolda sayr qilmaslik, uyga kirgach esa yengil dush qabul qilish lozim. Bemorda allergik xastalikning qanday turi bo‘lishidan qat’iy nazar hech qachon o‘zbilarmonlik bilan davolanmaslik zarur. Albatta shifokor-allergolog bilan bamaslahat davo muolajalarini olib borish kerak.
– Allergik xastaliklarni xalq tabobati usulida ham davolasa bo‘ladimi?
– Allergik xastaliklarda xalq tabobati usulida davolanmagan ma’qul. Chunki, ayrim litsenziyasi yo‘q soxta tabiblarning turli shifobaxsh o‘t-o‘lanlardan va giyohlardan tayyorlangan har xil dori-darmonlarni noto‘g‘ri qo‘llashi, ayniqsa, qo‘lbola dori vositalari allergik xastaliklarni kuchaytirib, bemorning ahvolini og‘irlashtirib qo‘yishi mumkin.
Allergik xastaliklarni ko‘z ilg‘amas dard deb befarq bo‘lmay, bu xastalikka nisbatan panja orasidan qaramasdan kasallik alomatlari boshlanishi bilan faqat mutaxassis shifokor-allergolog tavsiyasi bilan davolanish maqsadga muvofiqdir.
Gulchehra ShIRINOVA suhbatlashdi