Sardor – xalqaro turnir g‘olibi

Jomboy tumanidagi 23-maktabning 9-sinfida tahsil olayotgan Sardor Yahyoevni bugun nafaqat u tug‘ilib o‘sgan Samarqand viloyatida, balki mamlakatimizda ham yaxshi tanishadi. Chunki, u bir necha yillardan buyon xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan qator sport musobaqalarida yurtimiz dovrug‘ini dunyoga yoymoqda. O‘zbekistonimiz bayrog‘ini boshi uzra baland ko‘tarib, yurt sha’nini munosib himoya qilmoqda.

Uning karate sport turiga ilk qadam qo‘ygan paytlarini otasi O‘ktamxon aka Najmiddinov shunday eslaydi:

– Sardorni o‘zimiz yashaydigan Jomboy tumanida joylashgan “Bolalar va o‘smirlar sport maktabi”ning karate to‘garagiga yetaklab borganimda u endigina besh yoshga to‘lgan bolakay edi. Juda nimjonligi bois boshida uning mashg‘ulotlarga ko‘nikib ketishiga ishonchim kam edi. Keyinchalik o‘g‘limning rostdan qiynalayotganini ko‘rib uni bu yerdan olib ketmoqchi ham bo‘lgandim. Lekin Sardor ahdida qat’iy turib oldi. “Men kelajakda katta sportchi, chempion bo‘laman” deb hatto o‘zidan katta sportchilar bilan ham bahsga kirisha boshladi. Xudoga shukur, bugun u bergan va’dasini ustidan chiqdi. Bizni, ustozlarini, muhimi, jonajon O‘zbekistonimiz, xalqimiz oldida yuzi yorug‘.

Sardor olti yoshidan tuman, viloyat, respublika miqyosidagi, o‘n yoshidan boshlab esa xalqaro musobaqalarda ishtirok eta boshladi. 2009 yilda Qozog‘istonda o‘tkazilgan karate bo‘yicha Yevroosiyo chempionatida bir yo‘la uch sovrin – uchta medalni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning yakkama-yakka bellashuvida oltin, yakka va jamoaviy kompleks mashq bajarish bahslarida ikkita kumush medal bilan taqdirlandi. 2010 yilda AQSHda o‘tgan jahon kubogida oltin, 2011 yili Malayziyadagi xalqaro turnirda kumush medal sohibi bo‘ldi. Uning eng so‘nggi yutug‘i Dubay shahrida yaqinda o‘tkazilgan karate bo‘yicha bolalar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi xalqaro turnirda erishgan oltin medalidir. Sardor qirqdan ziyod davlat vakillari ishtirok etgan mazkur musobaqada yuzlab raqiblaridan ustun kelib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasini egalladi.

Sardor o‘quv fanlarini ham qunt bilan o‘zlashtirmoqda. U hech vaqt o‘qib-izlanishdan charchamaydi. Shu boisdan baholari doimo a’lo. Shuningdek, xorijiy tillarni puxta egallashga harakat qilmoqda. Bo‘sh vaqtlarida kitob o‘qishni, hatto musiqa asboblarini chalishni xush ko‘radi.

– Xorijda bo‘ladigan sport musobaqalariga borganimda chet ellik tengqurlarimga yurtimiz tarixi, uning go‘zal tabiati, bu yerda biz uchun, xususan sport bilan muntazam shug‘ullanishimiz uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘zlab beraman. Va boshqa davlatdagi tengdoshlarimning bizga chindan havasi kelayotganidan cheksiz g‘ururlanaman, – deydi Sardor jilmayib.

Yana o‘qing:  HAR KUN hamroh bolalik

Qahramonimiz hozirda Samarqand Olimpiya zahiralari kollejidagi sport markazida karate bo‘yicha viloyat terma jamoasi murabbiyi Munis Muxtorov rahbarligi ostida kelgusi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Vasila PO‘LATOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: