Kelajak – bilimdon yoshlar qo’lida

Yurtimizda oldimizga qo'ygan ezgu g'oya va maqsad­la­rimiz­ni amalga oshirish yo'lida yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlab, ularning ijodiy kamol topishi yo'lida «Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti», «Nihol» mukofoti, «Kamolot» Yoshlar ijtimoiy harakati grant­la­ri «Kelajak ovozi» Respublika ko`rik tanlovi, «Yosh tadbirkorlar» loyi­halari va boshqa bir qator mukofotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, xorijiy tillarga bo'lgan e'tibor bois yoshlarimiz orasida davlat grantlari asosida xorijiy mamlakatlarda o'qiyotganlar ham ko'pchilikni tashkil etadi.

Ana shunday iqtidorli yoshlarimizdan biri xorazmlik Rimajon Sotliqovadir. Bolaligidanoq kitobni o'ziga do'st deb bilgan bu qizaloqqa onasi tez-tez kitob sovg'a qilardi. O'qigan hikoyalaridan ta'sirlangan Rimajon esa uni onasi bilan muhokama qilishni yaxshi ko'rardi. Bundan tashqari u buvijoni bilan yonma-yon o'tirib buvisi tikkan palaklarni kuzatar, kashtachilik sirlarini ham qunt bilan o'rganardi. Keyinchalik uning tikkan milliy kashtalari xorijliklar e'tiboriga tushib, xaridorgir mahsulotga aylandi.

Pedagoglik kasbiga mehr qo'ygan bu qiz Urganch shahridagi 8-sonli ko'p tarmoqli pedagogik litsey-internatini tamomladi. O'qish jarayonida o'zining bilimga chanqoqligi, tashkilotchiligi, bir so'zliligi bilan ustozlari va tengdoshlari orasida e'tibor qozondi. Uning sinfdoshlari, do'stlari, maktabda o'tkazilgan tadbirlar haqidagi maqolalari esa viloyat, keyinchalik respublika matbuoti sahifalarida chop etila boshladi. Bundan tashqari Rimajon viloyat televideniesida ham bolalar uchun beriladigan «Kichkintoy safarda» va «Kichkintoy oshxonasi», «Bilib qo'ygan yaxshi» kabi ko'rsatuvlarda boshlovchilik qilar hamda viloyat miqyosidagi bayram tadbirlarida o'zining ijodiy ishlari bilan ishtirok etardi.

2008 yilda u O'zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining ingliz filologiyasi fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagach, Urganch Davlat universiteti qoshidagi 3-sonli akademik litseyda ingliz tili fani o'qituvchisi, shuningdek, «Kamolot» YoIH boshlang'ich tashkiloti yetakchisi bo'lib ishlay boshladi. U ingliz tilini o'zlashtirish bilan birga hind tilini ham o'rgana boshladi. Hatto o'sha kezlarda grant sohibasi ham bo'lib, Dehlida hind tilini yanada mukammal o'rganib qaytdi.

Qator yillar ko'rik-tanlovlarda ishtirok etib sovrinli o'rinlarni egallagan bu iqtidor egasi onasi Shodmonjon opaning duolari tufayli bir necha bor «Kamolot» YoIH hamda BMT TD «O'zbekiston biznes forumi» loyihasining «Yosh tadbirkorlar biznes treningi» va boshqa kurslarda o'quv malakasini oshirib, sertifikat va 1-darajali diplomlar egasi bo'ldi.

Яна ўқинг:  ERTAK QAL’ASI – ma’naviyat mash’alasi

Shu bilan birgalikda Rimajon Sotliqova ingliz tilidan dars berish jarayonida o'z ustida ishlashni kanda qilmasdi. U xorijiy mamlakatlarning mazkur fan o'qituvchilari bilan masofaviy ta'lim orqali tajriba almashish imkoniyatidan samarali foydalandi, tajriba orttirdi. Natijada Rimajon bugungi kunda grant asosida Indoneziya Universitetida bilim olmoqda. U yashayotgan Jogja, ya'ni Yogyakarta shahri Indoneziyaning Java orolida joylashgan. O'ziga xos urf-odat hamda boy madaniyati va mahalliy tiliga ega bu yurt odamlarining iltifotliligi uni boshida biroz hayron qoldirgan bo'lsa, ammo keyinchalik bu xalq vakillarining ko'chada ketayotgan batamom notanish odamga tabassum hadya etib, u haqda qiziqib so'rashlari va suhbat so'nggida «Xonim yoki janob, yo'lingiz bexatar bo'lsin», «O'zingizni ehtiyot qiling» – deya samimiy tilak bildirishlari ular uchun odatiy hol ekanini ko'rib rosti havasi keldi. Ayniqsa, yoshi ulug' erkaklarni «ota», ayollarni «ona» deb ulug'lashlarini eshitib, ular o'z ota-onasiga qanday murojaat etishlari bilan qiziqdi. Shunda ular o'z ota-onamiz haqida so'zlaganimizda «mening onam», «mening otam» deya murojaat qilishlarini aytib o'tishdi.

– Meni bir ko'rishda qizim deb atab, oilasi bilan tanishtirgan xonim, dam olish kunlari ham tez-tez yo'qlaydigan, holimdan xabar oladigan bo'ldi, – deydi Rimajon telefon orqali suhbatimizda. – Ha, onajonimning o'rnini hech kim bosolmasa-da, xonimni hech ikkilanmasdan ikkinchi onam deya atay olaman. U kishi bilan hatto sohamiz ham bir ekan.

Uy xo'jayini ham oliyjanob inson. Xonadonlariga kirib borishim bilan, farzandlariga — «Qaranglar, katta opangiz keldi» deydi. Uy egalarining qizi pianino chalish, qo'shiq kuylashni yaxshi ko'rsa, o'g'li gitara chalishni o'zlashtirib olgan. Ular bilan yashaydigan onalari esa hozirda sakson olti yoshda bo'lib, ulardan uzoq umr ko'rish sirini so'raganimda, «qizim, hayotda nima bo'lishidan qat'iy nazar barcha voqea-hodisalarni faqat ijobiy qabul qilaman. Biror muammoli vaziyatdan ana shu tarzda chiqib ketaman va o'zimni ancha yengil xis qilaman», — deya javob berdi. Ha, bu mehribon, bag'ri keng oila hamda men tahsil olayotgan yurt xalqi haqida qancha gapirsam ham oz. Ulardagi bag'rikenglik, mehmondo'stlik jihatlari bizning o'zbekona urf-odatlarimizga o'xshab ketadi.

Men eng baxtli insonlar qatoridaman, desam yanglishmayman. Chunki, biz yoshlarning bilim olishi, turli yo'nalishlarda iqtidorini namoyon qilishi uchun Yurtboshimiz tomonidan yaratilgan sharoitlardan to'liq foydalanib, o'z malakamni oshirmoqdaman. Yurt ravnaqi va kelajagi, taraqqiyot poydevori ta'lim sohasidan boshlanar ekan, kelajagimiz poydevori bo'lgan yoshlarning chuqur va mukammal bilimli, mustaqil fikrlay oladigan bo'lishlari uchun ularning kamolotiga o'z hissamizni qo'shaylik, degim keladi, — deydi suhbatimiz so'ngida Rimajon Sotli­qova.

Яна ўқинг:  Соғлом руҳ танни даволайди

Yurtimizning kelajagi mana shunday vatanparvar, mustahkam bilimga ega bo'lgan mutaxassislar bilan yorug'dir. Ana shunday farzandlar kamolini ko'rish barcha ota-onalarga nasib etsin.

Muhabbat XO'JAMURODOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: