QILICHBOZLIK: ChAQQONLIK, ZIYRAKLIK VA MATONAT SABOG‘I

Qilichbozlik bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati poytaxtimizda o‘tkazilishini eshitib ko‘ngilga yaqin, samimiy tuyg‘ularni tuya boshladim. Bolaligim: tol xivchindan yasalgan ot, yog‘och qilichni o‘ynatib Alpomish-u Amir Temur bobolarim kabi bola qalbimda jasorat tugganim, tengqurlar bilan muzaffarlik uchun kurashganimiz va bobo-buvilarimizdan dakki eshitganlarim xayolimdan birma-bir o‘ta boshladi. “Shundan boshqa o‘yin yo‘qmi senlarga. Undan ko‘ra biror narsa yasashni o‘rgan, bolalikdan biror hunarning boshini tut…” deb koyigandi bobom… Shukr, bugungi dorulomon kunlarda bobom aytganday yurtimizning har bir go‘shasida bunyodkorlik, obodlik… Ana shunday xayollar og‘ushida qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilayotgan sport saroyi tomon yo‘l olaman.

Muhtasham “O‘zbekiston” sport majmuasi. Muxlislarning hayqirig‘idan quloq qomatga keladi. Qilichlarning “jangir-jungir”ini eshitgan odam o‘zini o‘rta asrlarga tushib qolgandek his qiladi. Ammo, bularning barini yagona maqsad – do‘stlik birlashtirib turibdi.

Qilichbozlik bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati qizg‘in va murosasiz kurashlar, shiddatli bellashuvlar va eng muhimi, do‘stona kayfiyatda o‘tmoqda. 150 dan ziyod davlatdan 1500 nafarga yaqin sportchi ishtirok etayotgan ushbu nufuzli musobaqa dunyo sport ixlosmandlari e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Ishtirokchilarning yuzidagi hushnudlikni ko‘rib mazkur musobaqa eng avvalo katta shodiyona ekaniga amin bo‘lasiz. Musobaqaning borishini kuzatib borayotgan OAV vakillari ham ishtirokchilar bilan bo‘lgan suhbatlardan o‘zgacha zavq olishmoqda desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

– Men O‘zbekiston to‘g‘risida avval ham ko‘p eshitganman. Ammo yurtingizda bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lmaganman, – deydi Janubiy Koreya terma jamoasi a’zosi Kim Don Chju. – Shukrki, sport tufayli O‘zbekistonga kelish nasib qildi. Bu yerga kelib xalqingizning o‘ziga xos an’analari va urf-odatlariga guvoh bo‘ldim. Ayniqsa, mehmondo‘stlik fazilati xalqingizning qon-qoniga singib ketgani meni lol qoldirdi. Sportga bunday ulkan e’tibor qaratilayotgan mamlakatlar dunyoda sanoqli. O‘zbekiston qisqa muddatlarda ana shunday yuksak islohotlarni amalga oshirayotgani bilan ham ko‘plab davlatlarga o‘rnak bo‘la oladi. Jahon chempionatining yuksak saviyada tashkillashtirilgani biz sportchilarning ishtiyoqini yanada oshirdi.

Bellashuvlar davomida koreyalik sportchilar o‘zlarining tezkor va chiroyli harakatlari bilan ko‘pchilikning mehrini qozonishdi. Jamoaviy bahslarda Yaponiya terma jamoasi bilan finalda kuch sinashgan koreyalik sportchilar muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlari ostida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Kim Don Chju esa o‘z jamoasi g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.

Yana o‘qing:  MUSTAQILLIKNING QUTLUG‘ SAODATI

– O‘zbekiston boy tarixga va buyuk kelajakka ega davlat, – deydi rapira bahslarida o‘smir qizlar o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan germaniyalik Leoniya Ebert. – Men o‘zim tarixga qiziqaman. Aynan shu qiziqishim meni qilichbozlik sportiga yetaklab keldi. Tarixni o‘rganishim davomida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan ko‘plab buyuk shaxslar haqida ham o‘qiganman. Shu bilan bir qatorda o‘zbek xalqining o‘ziga xos fazilatlarini ham eshitganman. Sizdagi mehr-oqibat tushunchasi shu darajada keng shakllanganki, unda biron chegara bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilish mushkul. O‘zbekistonga birinchi marta kelishim. Ammo, yurtingizga safarim davomida xuddi avvaldan shu yerda yashagandek o‘zimni nihoyatda erkin his qildim. Ba’zi davlatlarga borganda qandaydir hadik doimiy siquvga olib turadi. Ammo O‘zbekistonda buning mutlaqo aksi bo‘ldi. Quyoshli Toshkent ko‘chalarini aylanar ekanman, faqat men emas, balki butun O‘zbekiston ahli ana shunday xotirjamlikda, emin-erkin yashayotganlarining guvohi bo‘ldim. Bu esa xalq uchun eng katta ne’mat.

Darhaqiqat, istiqlol bergan imkoniyatlar samarasi o‘laroq bugun shunday dorulomon kunlarda yashayapmiz. Ko‘z tegmasin, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonimiz to‘kin. Yoshlarimiz shijoat bilan ilm o‘rganib, bilim olmoqda. Sport bilan shug‘ullanib dunyo maydonlarida ona yurt sharafini mustahkam himoya qilmoqda. Hunar o‘rganib, tadbirkorlik bilan el koriga yarayotir. Ular jasoratda tengsiz Alpomish avlodlari, sohibqiron Amir Temur avlodlari, qilich o‘ynatishda tengi yo‘q Mirzo Bobur avlodlari…

Qilichbozlik sportning boshqa turlari singari insonning salomatligini saqlash, uni doimo sog‘lom turmush tarziga oshno qilishga yordam beradi. Ziyraklikka o‘rgatadi, aqlni charxlaydi. Shu bilan bir qatorda qizlarning qaddi qomatini xushsurat qiladi.

So‘nggi yillarda yurtimizda jadal sur’atlarda rivojlanayotgan qilichbozlik sportining ham asta-sekin muxlislari safi kengayib bormoqda. Mazkur jahon chempionati esa bu qiziqishlarni yanada oshirishi shubhasiz.

– Men ancha vaqtlardan beri qilichbozlik sportiga qiziqaman, – deydi musobaqalarni kuzatib o‘tirgan katta yoshli muxlis Ilhom Umarov. – Bizda avval ham qilichbozlik bilan shug‘ullanishardi, ammo bu darajada katta e’tibor berilmagan. O‘z vaqtida Sobir Ro‘ziyev olimpiada vitse-chempioniga aylangan. Bugungi musobaqalarni ko‘rib men ham nabiralarimni aynan shu sport bilan shug‘ullantirishni dilimga tugib qo‘ydim.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Bugungi kunda yoshlarimiz sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro arenalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda. Qilichbozlik sport turi ham bundan mustasno emas. Ayni paytda yurtimizdagi yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarining natijalari chakki emas. Yaqinda BAAda o‘tgan Osiyo chempionatida o‘smir va yoshlarimiz oltin va bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bunday natija ilk bor qayd etilgani e’tiborga molik jihat. Sportning bu turi bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan sportchimiz Ruslan Kudayev bir necha bor Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan.

Yana o‘qing:  QOMUSIMIZ – BAXTIMIZ

– Yaqinda o‘zbekistonlik sportchilarning Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etganlarining guvohi bo‘ldim, – deydi Yaponiya terma jamoasi vakili Misaki Emura, – shundan bildimki, Osiyo qit’asida yana bir raqobatdosh jamoa shakllanmoqda. Garchi bu galgi chempionat mezbonlar uchun yutuqlarga boy bo‘lmasada, O‘zbekiston yaqin yillarda nafaqat Osiyo balki jahon miqyosida ham kuchlilar orasida turadigan jamoalardan biriga aylanishiga ishonaman. Chunki mamlakatingizda buning uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Yoshlardan talab qilinadigani esa faqat harakat va mehnat. Eng muhimi tinimsiz o‘z ustida ishlash va erishgan natijada to‘xtab qolmaslikdir. Sport mashg‘ulotlar asosiga qurilgan, deydi murabbiyim. Shunday ekan imkoniyatlar bisyor bo‘lgan mamlakatda chempionlar yetishib chiqadi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan qilichbozlik ham mamlakatimiz yoshlari orasida tobora ommalashmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013 yil 25 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston sportchilarini 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Qishloq joylarda zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan sport inshootlarining qurib foydalanishga topshirilayotgani shubhasiz yoshlarimizning sportning ushbu turi bilan shug‘ullanishlari uchun qulaylik yaratmoqda.

Yurtimiz mustaqillikka erishgach, ko‘plab jabhalarda faoliyat yuritayotgan o‘zbek yoshlariga keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Iste’dodli yoshlarimiz dunyo minbarlarida madaniyat, sport va fan-ta’lim yo‘nalishlarida o‘z iqtidorlarini namoyon qilib tenglar ichra teng ekanliklarini isbotlab kelmoqdalar. Yoshlarga yuksak e’tibor qaratilayotgan yurtimizda hali shonli zafarlar oldinda. Bugun nihoyasiga yetadigan qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati ham O‘zbekiston zaminida hali ko‘plab iste’dodlar yetishib chiqishi haqidagi bir bong bo‘lib yangradi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, hech narsa mamlakatni sportchalik dunyoga mashhur qila olmasligi bugun inkor etib bo‘lmas haqiqatlardan biriga aylandi. Zero, farzandlari sog‘lom yurtning kelajagi ham buyuk bo‘ladi.

Farhod TOLIPOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: