Mehnat qilish huquqi va uning qonuniy asoslari
O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki yillardanoq milliy va madaniy an’analarimizga mos tushadigan huquqiy demokratik jamiyat poydevoriga asos qo‘yildi. Endilikda yangi demokratik mezonlar hayotimizga tobora chuqurroq kirib borayotir. Inson haq-huquqlari va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlariga aylanmoqda.
Jumladan, mehnat-huquqiy munosabatlari ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda tegishli qonun hujjatlari bilan tartibga solinganini va mustahkam huquqiy asosga ega ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining davlatimiz milliy qonunchiligida mehnat huquqiy munosabatlari Mehnat Kodeksi bilan va boshqa me’yoriy huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar mehnat huquqlariga ega bo‘lishi va ulardan foydalanishda teng imkoniyatlarga ega bo‘ladilar.
Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqeidan, e’tiqodi, jamoat birlashmasiga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklashlar va imtiyozlar belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday cheklashlar yoki imtiyozlar kamsitish deb hisoblanadi. Davlat mehnatning ba’zi muayyan sohalarida hamda yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar (ayollar, voyaga yetmaganlar, nogironlar va boshqalar) to‘g‘risida alohida g‘amxo‘rligi bilan bog‘liq farqlashlarni belgilagan, bunday farqlashlar kamsitish deb belgilanmasligi lozim.
Har bir shaxsning mehnat huquqlari nazorat qiluvchi organlar, shuningdek mehnat nizolarini ko‘ruvchi organlar tomonidan amalga oshirish yo‘li bilan kafolatlanadi.
Respublikamizda ishga qabul qilishga 16 yoshdan yo‘l qo‘yiladi. Ba’zi hollarda 15 yoshga to‘lgan shaxslar ham ishga qabul qilinishi mumkin, ammo bunda tegishli tartibga rioya etilishi lozim, ya’ni 15 yoshga to‘lgan shaxslar ota-onalaridan birining yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsning yozma ravishdagi roziligi bo‘lishi shart. Lekin shunday holda ham 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning ishga qabul qilinishida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 241-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilishi qat’iy nazorat qilinadi.
Ushbu moddada 18 yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan ularning sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan mehnat sharoit noqulay ishlarda, yer osti ishlarida va boshqa ishlarda foydalanish ta’qiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan og‘ir yuk normalarining chegaralari ishlab chiqilgan. Ish beruvchilar mana shu mezonlardan ham chetga chiqishlari mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har bir shaxs, respublikamiz hamda chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehnatga oid munosabatlarning sub’yektlari bo‘lishi mumkin. Ular mehnat qilish, erkin kasb tanlash, haqqoniy mehnat sharoitlari asosida ishlash huquqlariga egadir.
Sh.TOSHPO‘LATOV,
Yuristlar malakasini oshirish markazi tinglovchisi