SIFATLI OZIQ-OVQAT – SALOMATLIK KAFOLATI
Toshkentda 7 aprel – “Jahon salomatlik kuni”ga bag‘ishlab, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonalari bilan hamkorligida “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va uni ta’minlashda samarali hamkorlik masalasi” mavzusida konferensiya tashkil etildi.
Foydali va xavfsiz oziq-ovqat inson salomatligi uchun g‘oyat muhimdir. Xavfli mahsulotlarni iste’mol qilish hazm a’zolari, reproduktiv salomatlik va rivojlanish borasida muammolarni keltirib chiqarishi, yuqumli va onkologik kasalliklarga olib kelishi mumkin.
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir. Chunonchi, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sektorlari, transport korxonalari, oziq-ovqat sanoati va umumiy ovqatlanish sohasining yaqin hamkorligi samarasida barcha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi ta’minlanmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimi shakllantirilgani va sohaga oid mustahkam me’yoriy qonunchilik bazasi yaratilganini ta’kidladi.
V.PO‘LATOVA