Rang tasvirda o‘tgan asr manzaralari
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida “Bizning meros” turkumidan “O‘zbekiston rassomlari rangtasviri. 1930-1970 yillar” mavzusidagi retrospektiv ekspozitsiya tashkil etildi.
Ko‘rgazmada o‘tgan asrning 30-70-yillarida yashab ijod qilgan ustoz musavvirlarning ijod namunalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Ona yurtimizga muhabbat, mehridaryo xalqimizga ehtirom bilan yo‘g‘rilgan ushbu asarlar san’at muxlislarida shu tabarruk zamin uchun faxr-iftixor tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirishi tabiiy.
Yurtimiz tasviriy san’atining XX asr 30-70-yillarini qamrab oluvchi davrida diyorimizning boy va betakror tabiati, qadimiy shaharlarimiz manzaralari, xalqimizning hayot tarzi, orzu-umidlari, beg‘ubor intilishlari sodda va ravon usulda, yorqin ranglarda aks ettirilgan. Abdulhaq Abdullayev, O‘rol Tansiqboyev, Yusuf Yelizarov, Lutfulla Abdullayev, Rahim Ahmedov, Mannon Saidov, Ne’matilla Qo‘ziboyev kabi ko‘plab mohir ustoz-musavvirlarning ijodi ayni shu davrga mansubdir.
Maqsadoy ABDURASULOVA