OAV: VAZIFA VA MAS’ULIYAT
Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyati ko‘p jihatdan fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligiga, mamlakat taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorligiga bog‘liq.
Huquqiy demokratik davlat qurish jarayonida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri – jamiyatda siyosiy-huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda aholining fuqarolik faolligini oshirishdan iborat.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir ham ana shu masalaga bag‘ishlandi. “Aholining siyosiy-huquqiy madaniyatini oshirish va fuqarolik faolligida matbuotning roli va ahamiyati” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sherzod G‘ulomov ochib, istiqlolning dastlabki yillaridanoq yurtimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, so‘z erkinligini amalda ta’minlash, fikrlar xilma-xilligi, kishilarning o‘z fikrlarini ochiq ifoda etishlari uchun real imkoniyatlar yaratish kabi vazifalarni hal etish borasida mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgani haqida gapirib o‘tdi.
Darhaqiqat, aholini davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining faoliyati to‘g‘risida doimiy xabardor qilish maqsadida barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari va Internet tarmog‘ida veb-saytlari tashkil etildi. Bu esa o‘z navbatida nafaqat respublika aholisini, balki mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida xalqaro jamoatchilikni axborot olish darajasini oshirish uchun zamin yaratib bermoqda. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilayotgan bunday sa’y-harakatlar jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, davlat bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratik davlat barpo etish hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirishda muhim o‘rin tutishini alohida qayd etishdi. Shuningdek, Ommaviy axborot vositalarining axborot olish yuzasidan murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda OAVning oldida turgan vazifalar, bu borada jurnalistlarning ixtisoslashuvi va mas’uliyatini kuchaytirish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tildi.
Jamila HAYDAROVA