Mehr va muruvvat ulashib

“Salomatlik” poyezdi Navoiy viloyatida bo‘ldi

Yurtimizda aholi turmush tarzini yaxshilash borasida samarali ishlar amalga oshirilayotir. Xususan, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, oila institutini mustahkamlash, jismonan va ma’nan sog‘lom avlodni kamol toptirish maqsadida samarali ishlar yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligini ta’minlash mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Uzoq yillardan buyon yurtimizning chekka va olis hududlari aholisini malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida faoliyat yuritib kelayotgan “Salomatlik” poyezdi loyihasi fikrimizning yaqqol isbotidir.

Ta’kidlash joiz, “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish borasida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi hamkorligida tashkillashtirilgan “Salomatlik” poyezdi bu gal Navoiy viloyatida bo‘ldi. Yurtimizning hududiy jihatdan chekka va ekologik noqulay joylarida istiqomat qiluvchi aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida joriy yilning 23-31 mart kunlari Toshkent – Tinchlik – Konimex – Mustaqillik – Buzouboy – Uchquduq II – Toshkent yo‘nalishida “Salomatlik” poyezdi safarda bo‘ldi.

“Salomatlik” poyezdi ham ushbu ezgu ishlarning uzviy davomidir. Tibbiy ko‘rik va insonparvarlik yordamlarini tarqatish davomida 3 ming 445 nafar fuqaroga hamda Navoiy viloyatining 50 ta tashkilot va muassasalariga 700 million so‘mdan ziyod miqdoridagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, turli mavzudagi bukletlar, dori-darmon hamda sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.

Hududiy jihatdan chekka va ekologik sharoiti noqulay joylarda istiqomat qiluvchi aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda ham zamonaviy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvlarni o‘tkazish yurtimizda inson va uning manfaati eng oliy qadriyat ekanidan dalolat beradi. Shu bois tibbiy ko‘rik davomida aniq laboratoriya tahlillari hamda zamonaviy tekshiruv usullariga tayangan holda tashxis qo‘yiladi. Jumladan, ushbu “Salomatlik” poyezdi doirasida 2 ming 50 nafar fuqaro chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shifokorlar tomonidan kasallik aniqlangan bemorlarga sog‘lomlashtirish yuzasidan tavsiya va maslahatlar berildi.

Mutaxassislar tomonidan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvlar o‘tkazilib, aniq laborator tahlillarga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashxislar qo‘yildi. Jumladan, 606 nafar fuqaro EKG tekshiruvi, 644 nafar fuqaroga 1 ming 175 ta UTT tekshiruvi hamda 824 nafar fuqaroga 2 ming 484 ta laboratoriya tekshiruvlari (qon va peshobning umumiy tahlili, surtmalarning tahlili, eritrotsit, leykotsit, ECHT tekshiruvlari va qondagi gemoglobin miqdori aniqlandi) o‘tkazildi. Xususan, ayrim bolalarda endokrin tizimi kasalliklari (endemik bo‘qoq), kamqonlik, allergik xastaliklar va moddalar almashinuvining buzilishi (raxit) aniqlandi.

Yana o‘qing:  VATANNI ShARAFLASH – MUQADDAS BURCHIMIZ

“Salomatlik” poyezdida ko‘rik uchun zarur bo‘lgan barcha asbob-uskunalar mavjud. Tibbiy ko‘rik davomida katta yoshdagi fuqarolar o‘rtasida turli xastaliklar, ya’ni yurak-qon tomir, asab va endokrin, nafas olish tizimi, tayanch harakat tizimi xastaliklari aniqlandi. Bemor bolalar va o‘smirlarga ambulator sharoitda, shuningdek, tuman va viloyat miqyosidagi shifoxonalarda statsionar davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.

Bu kabi fuqarolar ko‘p yillardan buyon ona va bola salomatligini muhofaza qilayotgan tibbiyot xodimlarining yordami hamda qo‘llab-quvvatlashlaridan mamnun.

Tibbiy ko‘rik “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAKning “Salomatlik” tibbiy sanitariya yordam poyezdi shifokorlari, fondning Navoiy viloyat hududiy filiali tibbiy ijtimoiy patronaj brigadasi mutaxassislari va Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi shifokorlari tomonidan amalga oshirildi.

Muruvvat yuklarining birinchi manzili “Tinchlik” temir yo‘l bekati bo‘ldi. U yerda Navoiy shahri, Navbahor, Nurota, Karmana, Xatirchi, Qiziltepa tumanlari aholisiga insonparvarlik yordamlari topshirildi. Mehr-muruvvat “karvoni”ning debochasi bo‘lmish ushbu bekat Tinchlik qo‘rg‘oni, Konimex, Tomdi, Uchquduq tumanlari va Zarafshon shahrining chekka va olis manzillariga ulandi.

Safar davomida fond vakillari va shifokorlar hamkorligida Navoiy shahridagi pedagogika kolleji o‘quvchilari bilan aholi tibbiy madaniyatini shakllantirish, “Ona va bola” skriningi tekshiruvlarining mohiyatini tushuntirish maqsadida davra suhbati o‘tkazildi. Unda o‘smir qizlar uchun “Erta nikoh qurishning salbiy oqibatlari haqida bilasizmi?”, “Qarindoshga quda bo‘lmang” kabi bir necha turdagi bukletlar tarqatilib, o‘zaro fikr almashildi.

Shuningdek, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan kishilarga (500 nafar fuqaroga) manzilli tarzda oziq-ovqat mahsulotlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, dori-darmon va sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordamlari yetkazib berildi. Shu bilan bir qatorda fondning Navoiy viloyati filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi orqali markaziy va bolalar shifoxonalari, tug‘ruq majmualari hamda bolalar maxsus maktab-internatlariga xayriya yordamlari ko‘rsatildi.

Dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari, tibbiyot jihozlaridan iborat yuklar temir yo‘l bekati tibbiyot punktlari, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, qishloq vrachlik punktlari, tuman Tibbiyot birlashmalariga qarashli markazlar hamda fondning tayanch maskanlariga topshirildi. Shuningdek, 30 ta nogironlik aravachasi nogironlar va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga manzilli yetkazib berildi.

Abbosjon ERGASHEV,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi matbuot kotibi,

Abdumutal Norboyev,

Yana o‘qing:  Chorrahadagi bolalar baxt tomonga ketishi kerak

Navoiy viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: