Teri parvarishida tabiiy vosita
Bahorning “ilik uzildi” davrida inson organizmi vitaminlar, makro va mikro mineral moddalarga tanqislik sezadi. Shu sababli qo‘l va yuz terisi ham quruqshab qoladi. Teri parvarishi uchun kanakunjut moyi shifobaxsh hisoblanadi. Kechqurun yaxshilab atir sovunda yuz va qo‘llarngizni yuving. Keyin tabiiy kanakunjut moyini teringizga surting.
Asosan sovuq siqish yo‘li bilan olinadigan kanakunjut moyi o‘zida bir qancha foydali xususiyatlarga egaligi bilan o‘ziga xosdir. Uning eng qimmatli xususiyati esa teriga nafislik baxsh etadi.
- Kanakunjut moyini muntazam qo‘llanilganda teriga ijobiy yordam beradi. Teri muloyim, baxmalga o‘xshash mayin, tarang ko‘rinishda bo‘ladi. Shu bilan birgalikda bu moy teridagi namlikni bir xilda ushlaydi. Teridagi dog‘ va husnbuzarlarning rangini oqartirish xususiyatiga ega.
- Sovuq holda siqib olingan moy eng foydali va eng sifatli moy hisoblanadi. Kanakunjut moyi issiq siqish va kimyoviy yo‘l bilan ham olinadi. Bu yo‘l bilan olingan moy sifati biroz past va shu bilan birgalikda uning foydalik xususiyati ham biroz kamroq bo‘ladi. Moy asosan soch va kipriklarning yaxshi o‘sishiga ko‘maklashadi.
- Kanakunjut moyi quruq teri uchun juda foydali. Sababi moy bevaqt ajin tushishining oldini olib unga mayinlik baxsh etadi. Shuningdek, bu moyni shifokor yoki xalq tabibi tavsiyasiga asosan qabul qilish, shu bilan birgalikda ta’sirchan terilarni tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatish mumkin.
- Bu moy yordamida mayda ajinlarga qarshi samarali kurashish mumkin. Barchaga ma’lumki ko‘z atrofi terisi ajinlar bilan qoplanishga moyil bo‘ladi. Moyni doimiy ravishda qo‘llash orqali bu muammodan ham xalos bo‘lish mumkin.
- Kanakunjut moyini terida qo‘llashda ehtiyotkor bo‘lgan ma’qul. Eng yaxshisi bu moyni sof holda qo‘llamaslik kerak. Moy o‘zining ajoyib sifati bilan yuqori natija ko‘rsatsada, allergik reaksiya chaqirishi ehtimoldan xoli emas. Sababi moy boshqa efir moyi bilan aralashtirilgan holda tayyorlangan bo‘lishi mumkin. Ko‘z atrofi terisi uchun 1 marta 1 tomchi kanakunjut moyidan foydalanish, 2-3 marta krem (ko‘z atrofi terisi uchun mo‘ljallangan)dan foydalanishga teng.
- Agar kanakunjut moyi vositasida ajinlar bilan kurashmoqchi bo‘lsangiz uni boshqa moylar (zaytun, shaftoli, na’matak moylari) bilan birgalikda qo‘llagan ma’qul.
- Shu bilan birgalikda bu moydan kosmetolog – shifokor tavsiyasi asosida boshqa mahsulotlar bilan aralashtirib, oziqlantiruvchi niqob tayyorlash mumkin. Kanakunjut moyini quruq teri uchun qo‘llaganda boshqa turdagi moyni 1:3 nisbatta aralashtirish maqsadga muvofiq.
Xurshida HUSENOVA