Ko‘zlarida yulduz bor

Quyosh ukpar bulutlar orasidan mo‘ralaydi. Shabadada ko‘klam hidi. Bir durkun qizlar sayil bo‘layotgan adir tomon o‘rlaydilar. Oldinda borayotgani beixtiyor to‘xtab qoladi.

– Qizlarjon, bu yoqqa bir qaranglar!

Qiyalikdagi yaxlagan yer ustida nozikkina boychechak tebranib turardi. Qizlar unga sog‘inchu mehr bilan tikilib hayratlanishadi.

– Voy, bunchayam chiroyli! Ayozli kunda ochilib turishini-chi?

Qizlardan biri boychechakni uzmoqchi bo‘ldi. Dugonasi uning qo‘lidan ushladi.

– Qo‘y, uzma, bizdan boshqalar ham ko‘rsin.

Keyin shu yo‘ldan yigitlar o‘tishdi. Ular boychechakni ko‘rib darrov uzib olishdi.

“Qizlarga ko‘rsatib maqtanamiz”, deyishdi. Qizlar esa boychechakni yigitlar qo‘lida ko‘rib, ko‘ngillari og‘rindi. Boychechakni uzgan yigit xijolatomuz jilmaydi. Qizlar uni “kechirgan” bo‘ldi.

– Boychechakni bizga beringlar.

– Yo‘q, shartlarimiz bor.

– Ayting.

– “Boychechak bazmi” o‘ynaymiz. Laparda kim yengsa boychechak o‘shaniki bo‘ladi.

– Bo‘pti!

Yigitlar bir taraf, qizlar bir taraf bo‘lishdi. Bo‘z yigit o‘rtaga chiqib laparni boshlab beradi:

Qishlog‘imda bir qiz bor,

Ko‘zlarida yulduz bor.

Yulduzidan olay desam,

Otasi ko‘p jahldor,

Yordam bering yoronlar!

Qizlar yasama araz bilan lab burishadi, so‘ng yigitga darrovgina javob hozirlaydilar:

Hoy yigit-a, hoy yigit,

Maqtanishni qo‘y, yigit.

Sen u qizni olmoq bo‘lsang,

Bor, raqibingni yiqit!

Buni qarang, yoronlar…

Yigit “taslim” bo‘lgandek yerga qaraydi, so‘ng boychechakni qizga uzatadi. Yigitning sheri o‘rtaga chiqadi va yangi laparni boshlab yuboradi:

Qo‘shni qizning bog‘iga,

Olma otdim, hay yora.

Uchrashgani chiqar deb,

Poylab yotdim, hay yora.

Bir qiz unga javob so‘zi aytadi:

Olma otmang bog‘imga,

Men na ko‘yda, hay yora.

Uchrashuvga chiqolmam,

Otam uyda, hay yora.

So‘ng yigit o‘zicha “arazlab” nari ketadi. Sal o‘tib, yana ortiga qaytadida, qizga lutf qiladi:

Hoy qo‘shni qiz, bu qanday,

Nozu firoq, hay yora.

Bir bor kulib, dilimga,

Yoqqin chiroq, hay yora.

Qiz yuzlarini to‘sib chetga qaraydi. Keyin dugonalari yoniga borib “ahvolini”ularga tushuntiradi. Uning yonidagi qiz o‘rtaga chiqib, yigitga deydi:

Kuyunmang-ey, bu qizning

Boshi bog‘liq, hay yora.

Sizga bir so‘z aytolmay,

Dili dog‘lik, hay yora.

Shunda yigit boshini “changallab”, bir zum turib qoladi. So‘ng asta-sekin yigitlar tomon yuradi. Ketayotganida qizlar guruhi tomon boqib shunday deydi:

Yana o‘qing:  CHINIQISH MAHORATI

Hoy, qo‘shni qiz, sevmasang,

Yo‘qdir zorim, hay yora.

Dunyoda qay oshiq bor,

Ko‘ngli yarim, hay yora!

Aytishuv va laparlar poyoniga yetgach, qizlaru yigitlar davra-davra bo‘lishib sirlashadilar.

Baxt va sevgi haqidagi go‘zal suhbatlar to kechga qadar davom etadi.

Gulchehra JAMILOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: