Obodlik ozodalikdan boshlanadi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Qoronqul qishlog‘i aholisi o‘zining mehmondo‘stligi, jonkuyarligi bilan yodimda qoldi. Katta-yu kichikning o‘zgalarga hurmat bilan muomalada bo‘lishi, bir-biriga doimo yordam qo‘lini cho‘zishi, tevarak-atrofni ozoda saqlash mahalla ahlining turmush tarziga aylanib borayotgani meni quvontirdi.

Mahalladagilarning o‘zaro suhbatlariga quloq tutganimda, ular mahalla oqsoqoli O‘ktam Nuriddinov haqida o‘zgacha hurmat bilan so‘zlashayotganining guvohi bo‘ldim. Darhaqiqat, o‘zining jonkuyarligi va fidoyiligi, huzuriga kelgan mahalladoshidan o‘z ko‘magini ayamasligi Nuriddin akaning elparvar inson ekanini ko‘rsatadi.

Qoronqul – tog‘ etagida joylashgan so‘limgina qishloq. Ma’lum muddat o‘sha yerda istiqomat qildim. Men turgan joy qishloqdan tepalikda joylashganligi sabab ba’zida ichimlik suvidan muammo yuzaga kelib turardi. Ana shu muammoni hal qilish maqsadida mahalla ahli oqsoqol Nuriddin aka tashabbusi bilan ikki chaqirim tepalikdan toza buloq suvidan tortib kelishdi. Shu bilan bir qatorda o‘n chaqirimdan tabiiy gaz keltirib, qishloq aholisi turmush sharoitining yanada yaxshilanishiga o‘z hissasini qo‘shdi. Shu bilan bir qatorda, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, qariyalar holidan doimiy xabardor bo‘lib turish ham ushbu mahalla fuqarolarining fazilatlaridan biridir.

Doimiy ozodalik va tozalik bor joyda baraka bo‘ladi deydi xalqimiz. Bu gapning isbotini esa Qoronqul qishlog‘i misolida ko‘rishingiz mumkin. Mamlakatimizda bunday go‘shalarning ko‘pligi ozodalik va orastalik xalqimiz turmush tarzining ajralmas bo‘lagiga aylanganidan darak beradi.

Qoronqul aholisining tozalik va obodonlashtirishga qaratgan e’tibori meni cheksiz quvontirdi. O‘zim istiqomat qilayotgan Oqqo‘rg‘on tumani Shoxruhiya QFY “Davlatobod” mahallasida, afsuski, u manzaraning aksini ko‘rib ba’zan dilim ranjiydi. Mahallamizda uyushqoqlik, birdamlik yo‘q. Atrof-muhitning ozodaligiga esa umuman e’tibor berilmaydi. Tevarakda turli xil chiqindilarning sochilib yotishi nafaqat ta’bingizni xira qiladi, balki salomatlik uchun ham jiddiy zarar yetkazadi. Bir odamning qo‘lidan ko‘p ish kelmaydi. Birlashib mahalla uchun, o‘zimiz uchun harakat qilish to‘g‘risida gapirilgan so‘zlar esa besamar ketmoqda. Hech bo‘lmaganda har kim o‘z uyi atrofini toza va ozoda saqlasa ham ana shunday noxush manzaralardan xoli bo‘lardik. Ozodalik va tozalikni mahallamizda istiqomat qiluvchi aholining kundalik mashg‘ulotiga aylantirish zarur. Zero, har kim harakat qilsa, faqat o‘zi uchun naf keltiradi, qolaversa, o‘zgalarga ibrat bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Qaylig‘imning onasi

Yurtimizga ko‘klam o‘z sepini yoydi. Tabiat atrofni go‘zallikka burkayapti. Joylarda xalqimizning azaliy qadriyati – hasharlar o‘tkazilmoqda. Demak, Davlatobod mahallamizni chindan ham obod manzilga aylantirishimiz uchun yaxshi imkoniyatlar bisyor.

Baxtiniso HASANBOYEVA,

Toshkent viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: