Xivadagi mehr maskani

yoxud xalqaro forumda ommalashtirilgan tajriba

O‘tgan yili ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyalovchi Xiva “Mehribonlik” uyi tashkil topganiga 90 yil to‘ldi. Bu dargoh o‘z qadriyatlari va an’analariga ega. Mustaqillik yillarida bu yerda tarbiyalanuvchi bolalar hayotida yuksak o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu nafaqat ularga yaratilgan shart-sharoitlarda aks etadi, balki o‘zaro munosabatlarida va bilim olishga bo‘lgan intilishlarida hamda ularni qo‘llab-quvvatlashda o‘z ifodasini topadi.

O‘ziga xos qadriyatlar

“Eng yaxshi “Mehribonlik” uyi”, “Eng yaxshi “Mehribonlik” uyi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lishga erishgan. “Eng mehmondo‘st “Mehribonlik” uyi”, “Eng yaxshi ta’lim-tarbiya dasturini ishlab chiqqan “Mehribonlik” uyi” kabi yo‘nalishlarda ham sovrinlar olishga muyassar bo‘lgan. Ularning bitiruvchilar bilan olib borayotgan ishlari, o‘quvchilarning kollej va litseylarga o‘qishga kirishi, yangi joyga moslashishi, kasb tanlashi, ularning ijtimoiy integratsiyasi masalalari 2009-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan xalqaro forumda ommalashtirildi.

Bugungi kunda jahonda ijtimoiy himoyaga muhtoj, qarovsiz qolgan bolalarni tarbiyalovchi maskanlarni oilaviy sharoitga yaqinlashtirish masalasi ijobiy deb tan olinmoqda. Shuning uchun bu yerning tarbiyalanuvchilari 2007-yildan boshlab har biriga o‘n yetti nafardan bola to‘qqizta oilaviy guruhga uyushtirilib ta’lim-tarbiya olmoqdalar. Har bir guruhning o‘z ramzi, shiori mavjud. O‘zbek oilalarida opa-singil, aka-ukalar bir-biriga ta’lim-tarbiyada ko‘maklashganidek ular ham bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Har bir oilaviy guruhga xonadonlardagidek barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Yotoqxonalar, dars tayyorlash xonalari, ma’naviyat xonasi va tarbiyachilar xonalari mavjud. Shuningdek, maskanda musiqa ijrosi xonasi, kompyuter sinfi, tez tibbiy yordam xonalari, kutubxona, majlislar, tikuvchilik, sport zallari ishlab turibdi. Yil davomida tarbiyalanuvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ruhshunos, vrach va to‘rt nafar hamshira ularning xizmatida. Fizioterapiya bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Darhaqiqat, davlatimiz tomonidan ularga barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Tarbiyalanuvchilar uchun avtobus va ikki “Damas” mashinasi ham ajratilgan.

Ayni kunda ular uchun 18 kottejdan iborat yangi zamonaviy bino qad rostlayapti. Har bir kottejda 6-8 bola tarbiyalanadi. Shuningdek, bu yerda ma’muriy bino, zamonaviy sport zali, suv havzasi qurilmoqda.

Pedagoglarning qanotlari

Tarbiyalanuvchilar “Mehribonlik” uyiga yaqin joylashgan 3– va 5-sonli umumta’lim maktablarida tahsil olmoqda. Bolaga o‘ziga bo‘lgan ishonch va mas’uliyat tuyg‘usini singdirish maqsadida muassasada o‘z-o‘zini boshqarishga katta e’tibor beriladi. Har bir o‘quv yili boshlanishida oilaviy guruhlarning faollari saylanadi. Bolalar o‘zlarining ichidan yetakchilarni aniqlaydilar. Biri sardor, biri yordamchi tarbiyachi, biri ekoklub a’zosi, yana biri o‘quv sektori a’zosi, jumladan xo‘jalik, sport, tozalik va dam olish ishlariga mas’ullar belgilanadi. Ularga o‘quv yili davomida olib borilishi lozim bo‘lgan ishlar rejasi va ularni amalga oshirish yo‘llari tushuntirib boriladi. Sardorlar kengashida turli muammolarni pedogoglar bilan birga bolalarning o‘zlari hal qiladilar. Faollar kengashda vaqti-vaqti bilan hisobot ham beradilar. Bu usul bolalarning hayotga moslashishiga ko‘maklashadi. Sardorlar va yordamchi tarbiyachilar pedagoglarning qanotlaridir. Shu bilan birga ular direktorning hamkori hisoblanadi. Tarbiyalanuvchilar nomidan “Mehribonlik” uyi kengashi yig‘ilishlarida qatnashadi. Bolaga ishonch uning iste’dodini tarbiyalaydi, topshirilgan ishga bo‘lgan mas’uliyatini oshiradi. O‘z-o‘zini boshqarish tizimida 11ta kengash va klub faoliyat yurityapti.

Yana o‘qing:  AFINADAN XUSHXABAR

Ana shunday yetakchilardan bugungi kunda Anvar Ro‘zmetov mohir mutaxassis ishchi, Yevgeniya Nijnik “Asakabank”ning Urganch shahar filialida mutaxassis, Maryam Ro‘zmetova – hamshira, Temur Tilavov harbiy qismda zobit, Jamolbek Abdullayev va Amir Tilavov Urganch davlat universiteti talabalaridir.

Har bir pedagogning qo‘shimcha vazifalari ham mavjud. Masalan, ma’naviy– ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Leninza Olloberganova rahbarligidagi o‘quv sektori a’zolari maktabda o‘qiyotgan bolalarning o‘zlashtirishini va intizomini nazorat qiladilar.

Xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Leonid Karimov hamshiralar va ekoklub rahbari bo‘lib, ular tozalikka mas’uldirlar. Ijtimoiy muhofaza bo‘yicha direktor o‘rinbosari Gavhar Niyozmetova rahbarligidagi ma’naviyat va ma’rifat guruhi bolalarni mamlakatimiz va jahon yangiliklaridan xabardor qilib turadi. Shuningdek, barcha tadbirlarni uyushtirish va tarbiyalanuvchilarning faol ishtirokini ta’minlash hamda “Mening oilam – mening g‘ururim” klubining faoliyati ham ular zimmasida bo‘lib, ushbu jamoaning asosiy vazifasi o‘g‘il-qizlarni mustaqil hayotga tayyorlashdir.

“Kamalak” oilaviy guruh rahbari Zamira Solayeva tarbiya maskanidagi yetakchi pedagoglardan bo‘lib, bu yerda o‘ttiz bir yildan buyon ishlaydi. Bolalar unga o‘xshashga harakat qilishadi. U “Eng yaxshi “Mehribonlik” uyi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan. Pedagoglar “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari o‘qiydigan kollej va litseylarga biriktirilgan. Ular ushbu o‘quv dargohida tez-tez bo‘lib bolalarning bilim olishi va o‘zlashtirishini nazorat qiladi.

Muassasa xodimlarining mehnati hukumatimiz tomonidan doimiy e’tirofda. Mehribonlik uyi direktori O‘zbekiston Qahramoni Vera Pak 2004-2009-yillarda Oliy majlis senati a’zosi sifatida faoliyat olib borgan bo‘lsa, ijtimoiy muhofaza bo‘yicha direktor o‘rinbosari Gavhar Niyazmetova ikkinchi darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Ta’lim va samara

Yildan yilga muassasa tarbiyalanuvchilari orasida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishni istovchi bolalar soni ortib bormoqda. Bu esa ta’lim-tarbiya to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligini anglatadi. U nimalarda ko‘rinadi?

“Mehribonlik” uyi sharoitiga moslashtirilgan ko‘rik tanlovlar nizomi, shartlari ishlab chiqildi. “Tarbiyachi – ota, tarbiyachi – ona”, “Muqaddassan, muqaddas ayol”, “Men va tarbiyachim, akam-ukam, o‘qituvchim, opa-singlim bilan birga – sportchi oilamiz”, “Obod mahallam mening” va boshqa shiorlar ostida guruhlararo ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlarga mahalla faollari, maktab o‘qituvchilari, pedagogika kolleji talabalari, harbiy qism askarlari, sobiq tarbiyalanuvchilar ham jalb qilinadi. Eng asosiysi, muassasa tarbiyalanuvchilari bellashuvda faol qatnashadilar. Har yili Navro‘z bayrami arafasida tarbiyalanuvchi bolalarning muchal va sunnat to‘ylari o‘tkaziladi.

Yana o‘qing:  Quymoqli tort

Bu yerda yigirmadan ortiq to‘garak va klublar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Xiva san’at maktabining ustozlari ko‘magida musiqa sinflari, Xiva qo‘g‘irchoq teatri yordamida kichik qo‘g‘irchoq teatri tashkil qilindi. Har yili viloyat hokimligi rahbarligida “Mehribonlik” uyining bitiruvchilari uchun shahar va tumanlardagi akademik litsey va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalari direktorlari bilan uchrashuvlar tashkil qilinadi. Bolalar uchun o‘quv maskanlariga sayohatlar uyushtiriladi.

– Muassasamizda tarbiyalanayotgan bolalarning barchasi men uchun huddi o‘z farzandimdek bo‘lib qolgan, – deydi “Mehribonlik” uyi direktori, O‘zbekiston Qahramoni Vera Pak. – Ularning yutug‘i bizning yutug‘imiz deb hisoblayman. Katta hayotga qadam qo‘ygan shogirdlarimizning barcha ishlarida hamkor va hammaslak bo‘lishga, ular bilan doimiy aloqalarni saqlab qolishga harakat qilamiz.

Turar-joy bilan ta’minlash masalasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq “Mehribonlik” uyini bitirib chiqqan har bir tarbiyalanuvchi barcha imtiyozlardan foydalanishga haqlidir. Ana shu Farmon asosida Xiva “Mehribonlik” uyi jamoasi tomonidan tegishli tashkilotlar ko‘magida har bir tarbiyalanuvchiga alohida e’tibor beriladi. Ish va turar-joy bilan ta’minlash masalasi doimo nazoratda bo‘ladi. Masalan, 2004-yili Hazorasp tuman hokimligi tomonidan Rustam Boltayevga, 2005-yil Xiva shahar hokimligi tomonidan Umarbek, Safarboy, Baxtiyor Yusupovlarga, 2006-yili yosh zobit Bobomurod O‘rozovga turar joylar ajratildi. 2009-yili Xiva shahar hokimligi tomonidan O‘ktam Boltaevga turar joy qurish uchun yer maydoni, opasi Guliston Boltaevaga oilasi bilan yashash uchun turar joy berildi. Olga Xalilovaga 2005-yili Urganch tuman hokimligi tomonidan uy qurish uchun yer maydoni ajratildi. Yangiariq tuman hokimligi tomonidan 2007-yili Yarash Rasulovga turar joy qurish uchun yer maydoni berildi. Shu yili Farog‘at Saitnazarovaga yashab turgan viloyat qo‘g‘irchoq teatri tassarufidagi uy xususiylashtirildi. 2008-yilda viloyat hokimi tomonidan Valentina Kosivchenkoning oilasi ikki xonalik uy bilan ta’minlandi. 2009-yili “Asakabank”ning Urganch shahar filialida ishlayotgan Yevgeniya Nijnikka Urganch shahrida qurilayotgan zamonaviy ikki xonali turar-joy ajratib berildi.

Insoniylikning go‘zal namunasi

Muassasada amalga oshirilayotgan insoniylikning yana bir go‘zal namunalaridan biri bu sovchilik va to‘ylar masalasidir. Tarbiyachilarning o‘zi tarbiyalanuvchilar uchun ota-ona vazifasini bajarib ularning nikoh to‘ylarida sovchilik vazifasini ham uddalashmoqda. Radik Shamg‘unov uchun Farg‘onadan, Bobomurod O‘rozov uchun Buxorodan qadimiy Xorazm qadriyatlariga asosan sovchi bo‘lib borib Xivaga kelin olib kelishdi. Shuningdek, Qudrat Abdullayevga Samarqand shahridan, Azamat Bakiyevga Urganch shahridan, Baxtiyor Yusupovga Xiva shahridan kelin olishdi. To‘ylarni o‘tkazishda beminnat ko‘mak bergan homiy tashkilotlar doimo yordamga shay.

Yana o‘qing:  Ayol siyrati suratlarda

“Mehribonlik” uyi binosining ta’mirlanishi, har yili yuzga yaqin bolaning Toshkent viloyati oromgohlarida dam olishini tashkil qilish, sunnatu muchal to‘ylarini o‘tkazish, ularning o‘qishga kirishlari, mustaqil hayotga qadam qo‘yganlaridan keyin turar-joy bilan ta’minlash, nikoh to‘ylarni o‘tkazish masalalari homiylar yordamida hal etilmoqda. Bu go‘zal qadriyatlar bag‘rikeng xalqimizning saxovatpesha an’analarini aks ettiradi.

Ra’no ZARIPOVA,

Xorazm viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: