OIVGA ChALINMASLIK VA OITSNING OLDINI OLISH: MUAMMOGA YANGICHA YONDOSHUV
YUNEYDSning 2011-2015 yillarga mo‘ljallangan strategik rejasi
O‘tgan asrda dunyo hamjamiyatining boshiga og‘ir musibatlar yog‘dirgan odamning orttirilgan immun tanqisligi (OITS) xastaligiga qarshi kurashish borasida muayyan yutuqlarga erishilgandi. Ammo olib borilgan izlanishlar va izchil profilaktika chora-tadbirlariga qaramay ushbu og‘ir dard odamlar orasida hamon tarqalmoqda.
YUNEYDS (Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITSga qarshi kurashishning umumlashtirilgan xalqaro dasturi) uzoq yillar davomida dardi bedavoga nisbatan qizg‘in kurash olib bormoqdaki, bu xayrli ishlarning samarasi anchagina ko‘zga tashlanib qoldi. Shu vaqtga qadar olib borilgan strategik rejalar o‘z maqsadiga yetkazildi. Shu narsani e’tirof etishga majburmizki, OITSga qarshi kurash borasida uzoq yillar davomida amalga oshirilgan amaliy chora-tadbirlar o‘zining potensial imkoniyatlarini to‘liq amalga oshirib bo‘ldi. Ilgari birmuncha samara bergan yondashuvlar va uslublar ortiq naf keltirmay qo‘ydi.
OITSga qarshi kurash borasida yangi palla boshlandi. Insoniyat va mutaxassislar oldida odamlarda immun tanqisligi holatini keltirib chiqaruvchi xavfli virusga qarshi kurashda yangi zamonaviy uslublarni kashf etish va ularni amalda qo‘llash vazifasi ko‘ndalang turibdi. Bu masala insoniyat uchun hayot yoki mamot masalasi darajasidagi muammolardan biriga aylandi.
YUNEYDSning zamon talablariga mos ravishda ishlab chiqilgan OITSga qarshi kurashishning yangi strategiyasi bundan buyon OIV/OITSga chalinish, diskriminatsiya (bemorlarni kamsitish, tahqirlash), og‘ir dard tufayli o‘lim holatlariga mutlaqo chek qo‘yish prinsipiga asoslanadi.
Yangi strategiya qanday maqsadlarni kO‘zlaydi?
Umuman olganda, YUNEYDSning zamon talablariga mos ravishda ishlab chiqilgan OITSga qarshi kurashishning yangi strategiyasida og‘ir xastalikka qarshi kurashning istiqbolda erishilishi kutilayotgan xayrli oqibatlari hamda o‘rtacha davomiylikdagi kelajakda OITSga qarshi kurash chora-tadbirlari majmuini tubdan o‘zgartirish yo‘l-yo‘riqlari, shuningdek, 2015 yilga qadar bajarilishi ko‘zda tutiladigan 10 ta aniq maqsadli chora-tadbirlari ifodalangan.
“OITSga qarshi kurash chora-tadbirlari majmuini tubdan o‘zgartirish” deb nom olgan yangi harakat dasturi og‘ir dard bilan kurashishning samaradorligini oshirish va shu tariqa OIVni yuqtirib olish hollarini keskin kamaytirishga erishishga qaratilgan. Tashkiliy jihatdan olib qaralsa, ushbu harakat dasturining tarkibiga quyidagi asosiy vazifalar kiritilgan:
- Uchta asosiy yo‘nalishda, ya’ni jarayonda bevosita yoki bilvosita ishtirok etadigan alohida odam(guruh)lar, mamlakatlar tomonidan bajariladigan chora-tadbirlar, o‘zaro aloqadorlikning sinergetik samaradorligini ta’minlash borasida olib boriladigan ishlar xususida o‘zaro hisobdorlik. Shunga ko‘ra, birinchi yo‘nalish bo‘yicha OIV/OITSga chalinishi mumkin bo‘lgan yoki ushbu dardni yuqtirib olgan odamlar bilan ishlash, bu ishlarga imkon qadar keng aholini jalb etish, dardga chalingan odamlarning insoniy haq-huquqlarini himoyalash kabi masalalar bilan shug‘ullanish ko‘zda tutiladi. Ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha og‘ir xastalik bilan kurashishning alohida davlatlar miqyosidagi harakat dasturlarini ishlab chiqish, ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirishni diversifikatsiyalash (mavjud shart-sharoitlarga mos ravishda o‘zgartirish, yangidan tashkillashtirish), ishlab turgan tizimlarni yanada takomillashtirish rejalashtiriladi. Uchinchi yo‘nalish bo‘yicha xalqaro miqyoslarda xavfli kasallikka qarshi kurash harakatlarini umumlashtirish, kuchlarni birlashtirish va shu tariqa olinadigan natijaning samaradorligini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi kutiladi.
- Xavfli dardga qarshi qaratilgan sa’y-harakatlar maqsadini aniq vazifalar sari yo‘naltirish. Bu borada qilinadigan ishlarning bosh maqsadi turli davlatlar ixtiyorida mavjud bo‘lgan resurslarni OIV/OITS keng tarqalgan epidemik o‘choqlarga yo‘naltirishdan iborat bo‘ladi.
- Sa’y-harakatlarning samaradorligini oshirish. Buning uchun xavfli kasallik bilan kurash uchun safarbar etilayotgan sarf-xarajatlarning salmog‘i (massasi)ni optimal darajada kamaytirishga erishish, xastalik bilan kurashish yo‘lidagi profilaktika va davolash ishlarini yangi g‘oyalar asosida tashkillashtirish, bunday ishlarga turli xil jamoalarni jalb etish, bemorlarga va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlarni integratsiyalashtirish talab qilinadi.
- Sheriklikni rivojlantirish. Bu yo‘nalishda qilinishi lozim bo‘ladigan birlamchi vazifa milliy miqyoslardagi javobgarlikni oshirish, qolaversa, “Janub-janub” tamoyili asosidagi sheriklikni rivojlantirish, xavfli kasallikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan harakat dasturlariga ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanib kelayotgan davlatlarni keng ko‘lamda jalb etish lozim bo‘ladi.
Yangi strategiyaning mazmun-mohiyati nimada?
YUNEYDSning zamon talablariga mos ravishda ishlab chiqilgan OITSga qarshi kurashishning yangi strategiyasi quyidagi uchta yo‘nalishda olib boriladi:
1. Yangi infeksiyalarning tarqalishini nol darajasigacha kamaytirish. Strategik maqsad va vazifalari: OIV/OITSning tarqalishi va rivojlanishini oldini olish borasida keskin va tub o‘zgarishlarni amalga oshirish. Bu borada 2015 yilga qadar quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:
- xavfli kasallikning jinsiy yo‘l bilan yuqishini ikki barobarga qisqartirish;
- OIV/OITSning vertikal yo‘nalishda yuqishiga batamom chek qo‘yish va og‘ir dardga chalingan onalarning bevaqt nobud bo‘lishini ikki barobarga kamaytirish;
- narkotik moddalarni ist’yemol qiladigan shaxslar orasida OIVning yuqishi bilan bog‘liq yangi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik;
- davlatlar miqyosida keng aholi orasida OIV/OITSning yuqishi va tarqalishi haqida tushuntirish ishlarini olib borish;
- bu borada olib borilayotgan harakat dasturlarining ijrosini ta’minlashga keng aholini jalb etish;
- OIV/OITS keng tarqalgan, epidemiologik nuqtai nazardan vaziyat xavfli deb hisoblanadigan hududlar va epidemik o‘choqlarga zarur resurslarni jalb etish.
2. OITS tufayli yuz beradigan o‘lim holatlarini nol darajasigacha kamaytirish.
Strategik maqsad va vazifalari: OIV/OITSga chalingan bemorlarni davolash, ularni parvarishlash va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning keyingi bosqichiga o‘tishni jadallashtirish. Bu borada 2015 yilga qadar quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:
- OIVni yuqtirib olgani tufayli davo muolajalarini olishi zarur bo‘lgan bemorlarga antiretrovirus terapiyasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
- OIVni yuqtirib olgan hamda shu bilan bir vaqtda sil kasalligiga chalingan bemorlar orasida o‘lim holatlarining umumiy sonini ikki barobarga kamaytirish;
- OIVni yuqtirib olgan alohida shaxslar va shunday shaxslar bilan birga yashaydigan oila a’zolari (uy xo‘jaliklari)ni milliy miqyoslarda olib borilayotgan ijtimoiy himoya dasturlariga kiritilishini ta’minlash;
- OIVni yuqtirib olgan alohida shaxslar va shunday shaxslar bilan birga yashaydigan oila a’zolariga zamon talablari darajasidagi davo muolajalaridan bahramand bo‘lishi uchun shart-sharoit yaratib berish;
- OIVni yuqtirib olgan alohida shaxslarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi milliy va mahalliy tizimlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam berish.
3. Dardga chalingan bemorlarni kamsitish, tahqirlashga chek qo‘yish.
Strategik maqsad va vazifalari: OIV tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish uchun inson huquqlarining ta’minlanishini kafolatlash va bu borada gender tengligiga amal qilinishiga katta ahamiyat berish. Bu borada 2015 yilga qadar quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:
- OIV/OITSga chalinish ehtimoli yuqori bo‘lgan faoliyat sohalarini tartibga solish borasida qat’iy jazo choralarini qo‘llashga moyil bo‘lgan va og‘ir dardga chalingan kishilarga nisbatan og‘ir jazo choralarini qo‘llash tamoyillariga amal qiluvchi davlatlarning salmog‘ini ikki barobarga kamaytirish;
- OIV/OITSga chalingan kishilarni xorijiy mamlakatlarga kelib muqim yoki vaqtinchalik istiqomat qilishini ta’qiqlab qo‘ygan mamlakatlarning sonini kamaytirish;
- turli sabablarga ko‘ra OIVni yuqtirib olgan qiz bola va ayollarga ijtimoiy va tibbiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilgan milliy harakat dasturlari doirasida taklif etiladigan yordamlardan hech bir moneliklarsiz foydalanishi uchun sharoit yaratib berish;
- gender prinsipi asosida ayol va qiz bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilinishiga batamom chek qo‘yish;
- milliy davlatlar miqyosida OIV/OITSga chalingan bemorlarni stigma va kamsitilish (diskriminatsiya)dan himoyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga jiddiy e’tibor qaratish.
Hurmatli mushtariylar, asrimizning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lmish OIVni yuqtirmaslik OITSning rivojlanishiga qarshi kurashda YUNEYDS tashkiloti olib borayotgan xayrli ishlarga hamdard bo‘ling va yaqindan yordam bering. Axir kezi kelsa bu mudhish darddan himoyalanishga hech kim kafolatlanmagan.
Sahifani Halima RUSTAMOVA tayyorladi