TADBIRKORLIK KASB TANLAMAYDI

Sayyora o‘sha kuni sevinch va hayajondan tuni bilan uxlay olmadi. Chunki, ertaga uning tadbirkorligi orqasida yaxshi niyatlar bilan qurib bitkazilgan sport maydonchasi Bobur mahallasida voyaga yetayotgan yosh avlodga topshiriladi.

Ertasi kuni tuman hokimligi, tuman “Kamolot” YOIH Kengashi, ta’lim muassasalari rahbarlari, tibbiyot maskani va Bobur mahallasi faollari ishtirokidagi yosh avlodni sog‘lomlashtirish yo‘lida bunyod etilgan sun’iy qoplamali sport maydonchasining ochilishi bayramga aylanib ketdi.

Mazkur tadbirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sho‘rchi tuman subfiliali Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotining raisi, hamshira Sayyora Abrayqulovaning g‘ayrat-shijoati, fidoyi va mehnatsevarligi haqida mamnuniyat bilan so‘zlar ekan, o‘zbek xotin-qizlari orasidan yetishib chiqayotgan ana shunday serg‘ayrat, tadbirkor, el koriga madad bo‘layotgan xotin-qizlarimizning ko‘pligini faxr bilan ta’kidladi. O‘sha kuni Sayyora Abrayqulova el koriga yarashlikning eng katta baxt ekanligini yana bir bor teran his etdi.

Ha, “Intilganga tole yor” deydilar. Surxondaryolik Sayyora Abrayqulova ham suyagi mehnatda qotib ulg‘aydi. Odamlarga mehr qo‘yib, katta bo‘ldi. To‘qqiz farzandni oq yuvib, oq taragan, ularni o‘qitib, oliy ma’lumotli va kasb-hunarli qilgan otasi Yo‘ldosh bobo va onasi Maysara ayaning o‘git va maslahatlaridan bahramand bo‘lib o‘sdi. Yoshlikdan oq xalatli shifokorlarga havas qilib, hamshiralik kasbini tanladi.

1987 yilda Termiz tibbiyot kollejini tugallab, Sho‘rchi Tibbiyot Birlashmasi terapiya bo‘limida o‘z faoliyatini boshlagan Sayyora Abrayqulova amaliyotlar mobaynida tajribali shifokorlar – professor, tibbiyot fanlari doktori Akbarali Mahmudov, terapevtlar Abdujalil Jumayev, Fayzullo Aliqulov, hamshiralar Pardaxol Norboyeva, Halima Qarshiyevalardan bemorlarni parvarishlash, tibbiy amaliyotlarni mukammal bajarish, muomala madaniyati va ishga mas’uliyat bilan yondashish sirlarini o‘rgandi. Ota-onasining “Doimo yaxshilikning boshini tutinglar, farzandlarim!”, – degan o‘gitlarini qalbida singdirgan Sayyora jur’at bilan yaratuvchanlik, bunyodkorlik va tadbirkorlik ishlariga qo‘l urdi.

O‘z ishidan ajralmagan holda 2009 yilda davlat bankidan 14 mln. so‘mlik qisqa muddatli kredit olib, o‘zining “Deymond” go‘zallik salonini ochdi va uch nafar yangi ishchi o‘rinlarini yaratdi. Uch yildan so‘ng esa yana “Qishloq qurilish banki”dan 70 mln. so‘mlik kredit olib, yoshlar uchun sog‘lomlashtirish sport maydonchasi qurilishini boshlab yubordi. Ishlari baroridan kelib, jamoasida o‘z o‘rnini topdi.

Yana o‘qing:  QOIDABUZAR JARIMAga tortildi, TILBUZAR-ChI?

Sayyora Abrayqulovaning faolligi, kasbiga bo‘lgan mehr-muhabbati, izlanishlarini e’tiborga olgan tibbiyot muassasasi rahbariyati uni Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotining raisi etib tayinladi. Bundan tashqari har ishda faolligi tufayli elga tanilib, Sho‘rchi tuman Xalq demokratik partiyasi tomonidan Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatligiga uning nomzodi ko‘rsatildi.

Qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash, bandlik darajasini oshirish, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, el farovonligiga o‘z hissasini qo‘shish, tumanda sport to‘garaklarini tashkil etish kabi vazifalar dasturidagi ezgu rejalardandir. Sayyora Abrayqulovaning nomzodligi va sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan saylovchilar uning nomzodiga yakdil ovoz berdilar.

Rejalarning debochasi sifatida qisqa muddat ichida ishga tushirilgan sport maydonchasi Bobur mahallasida voyaga yetayotgan yosh avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlarida xizmat qila boshladi. Dasturda yana qo‘shimcha sport to‘garaklarini ochish rejalashtirildi.

Ha, deputat Sayyora Abrayqulova doimo izlanishda. Shu bois u viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilgan turli ko‘rik-tanlovlarning g‘olibasi bo‘ldi. Jumladan, u 2012 yilda “Yil ayoli” va “Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod Vatan” viloyat ko‘rik-tanlovlarining g‘olibi, servis xizmati sohasida “Eng yaxshi tadbirkor ayol loyihasi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida II darajali diplom sohibasi bo‘ldi.

– Prezidentimizning biz ayollarga, xususan, tadbirkorlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi, yaratib berayotgan keng imkoniyatlari tufayli men kabi izlanishdagi tadbirkorlarning ishimiz baroridan kelib, el-yurt oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lmoqda. Ayniqsa, tuman hokimligi tomonidan bizni qo‘llab-quvvatlab, ko‘mak berilayotgani ham sa’y-harakatlarimizning samarasiga zamin hozirlayotir. Qolaversa, qilayotgan ishlarimning barchasi shu ona Vatanga mehr-muhabbatim, kasbimga, tug‘ilgan ona tuprog‘imga sadoqatim, mehnatkash xalqimizga bo‘lgan hurmatimning mevasidir,– deydi Sayyora Abrayqulova. – Rejalarim mo‘l. Men hali ko‘plab ayollarni o‘zim kabi tadbirkorlikka jalb etib, ularga nafaqat ma’naviy, balki, moddiy ko‘mak berishni ham niyat qilganman, – deydi u.

Ha, yana bir quvonchli xabar. Yaqinda Surxondaryo viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasining mutasaddi va mas’ul xodimlari tumanlarda yangi loyiha bo‘yicha qishloq ayollariga ijtimoiy-ma’naviy-ma’rifiy yordam ko‘rsatish “Ayollar salomatlik hamda go‘zallik markazi” ochilishi bo‘yicha eng mas’uliyatli vazifani unga ishonib topshirishdi.

Maryam AHMEDOVA,

Surxondaryo viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: