NONDAY AZIZ, QORDAY MUSAFFO
Yodlangan osh tuzi iste’moli koni foydami?
Qadim-qadimdan ota-bobolarimiz e’zozlab, ko‘zlariga surtib kelayotgan tiriklik manbai jon qadar ardoqli tabarruk nonni barcha sevib iste’mol qiladi. Yurtga mehmon atalmish ne-ne ulug‘ darg‘alarni ming bir tavozeda non ila qarshilaganimizda ana shu bebaho ne’mat yoniga qo‘yilgan azizu mukarram qor misol oppoq osh tuzi ham izzatu ikrom, mehru muhabbat ramzi hisoblanadi. Ikki qo‘lda non ushatib, chimdim tuz ila og‘izga solingan luqma shu elga, shu Vatanga cheksiz hurmat belgisi hisoblanishi ayni haqiqat. Chunki, bu umuminsoniy qadriyat belgisidir. Bu ulug‘ ne’matni kundalik barcha oziq-ovqat mahsulotlarimizda qo‘llanilishini hisobga olsak, uning sog‘lig‘imiz uchun qanchalik bebaho ekanini anglaymiz. Chunki, osh tuzi yod tanqisligi kasalliklarining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Ma’lumki, yod tanqisligi kasalliklari organizmda yod moddasi yetishmasligi sababli yuzaga keladi. Ushbu xastalikning asosiy belgilari bo‘yinda shish paydo bo‘lishi, nafas siqishi, holsizlik va xotiraning susayishi kabi belgilar orqali namoyon bo‘ladi. Keling, yaxshisi bu borada Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Murod RASHIDOVning fikri bilan o‘rtoqlashsak.
– Osh tuzi kaliy yodidi yoki kaliy yodati yordamida yodlanar ekan. Bunda osh tuzining ta’mi va rangi o‘zgaradimi?
– Butun dunyoda ishlab chiqariladigan osh tuzi asosan dengiz suvidan olinadi va uning tarkibida tabiiy ravishda yod bo‘ladi. Suv bilan birga yod ham bug‘lanadi. Osh tuziga yod qo‘shish bilan biz dengiz tuzining tabiiy tarkibini tiklaymiz, xolos.
Yodni osh tuzi bilan aralashtirish xavfsiz va oddiy usul sanaladi. Osh tuzini yodlash (kaliy yodidi yoki kaliy yodati yordamida) tuzning ta’mi, hidi va rangini o‘zgartirmaydi. Boshqacha aytganda yodlangan va yodlanmagan osh tuzlari deyarli farq qilmaydi. Uni yodlash narxi arzon. 1kg osh tuzini yodlash 2-7 AQSH sentiga to‘g‘ri keladi. Ko‘p davlatlarda u osh tuzi qoldiq narxining 5 foiz kam ko‘rsatgichiga to‘g‘ri keladi.
Boshqa oziq-ovqat mahsulotlaridan farqliroq, osh tuzini ishlab chiqarish markazlashtirilgan. Ushbu markazlarda osh tuzini yodlash natijasida aholini fiziologik me’yorda yodlangan osh tuzi bilan to‘la ta’minlanishiga kafolat berish mumkin.
– Yodid-100, yodid-200, antistrumin kabi tarkibida yod tutuvchi tabletkalar yordamida yod yetishmasligi kasalligining oldini olish mumkinmi?
– Ta’kidlash lozim, tarkibida yod tutuvchi tabletkalar (yodid-100, yodid-200, antistrumin va boshqalar) yod yetishmasligi kasalliklarini davlat miqyosida hal qilish imkoniyatini bermaydi. Chunki, bu katta sarf-xarajatlarni talab qiluvchi usul bo‘lib, aholining barcha qatlamlarini bu dori vositalari bilan qamrab olish mumkin emas. Uni faqat xavf guruhlariga, ya’ni bolalar va o‘smirlar, homilador va emizikli ayollarga tavsiya etish mumkin. Shuning uchun sifatli yodlangan osh tuzi bilan aholini to‘liq ta’minlash mutasaddi tashkilotlarning asosiy maqsadi bo‘lishi lozim.
– Endemik bo‘qoq xastaligi asoratlari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi. Endemik bo‘qoq xastaligi og‘ir asoratlarga olib keladi. Ayniqsa, yod moddasining yetishmasligi kuchli bo‘lgan mintaqalarda mazkur kasallik bilan og‘rigan ayollarda homilaning nobud bo‘lishi, shuningdek, bepushtlik kuzatiladi, homiladorlikning birinchi uch oyi davomida homilador ayolning organizmida yod yetishmasligi bo‘lg‘usi farzand miyasining yaxshi rivojlanmasligiga olib keladi. Bunday bolalar ko‘pincha aqli zaif tug‘iladi.
– Ayni vaqtda yod yetishmasligining oldini olish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Istiqlol yillarida Prezidentimizning tashabbusi bilan hozirgi Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi va uning asosiy vazifasi endemik bo‘qoqga qarshi kurashishning ilmiy asoslangan usullarini ishlab chiqarish ekani belgilab qo‘yildi. Shuningdek, qalqonsimon bez fiziologiyasi va uning kasalliklarini o‘rganishga doir chuqur fundamental tadqiqotlarni o‘tkazish bilan bir qatorda hududlarda endemik bo‘qoqning tarqalishi bo‘yicha ekspeditsiyalar ish boshladi.
“Yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganidan keyin 2009-2010 yillarda navbatdagi yirik masshtabda epidemiologik tadqiqotlar qayta o‘tkazildi. Bu izlanishlarda Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va hududlardagi endokrinologiya dispanserlari shifokorlari bilan hamkorlikda 60 ming nafardan ziyod maktab o‘quvchilari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Olingan natijalarga ko‘ra endemik bo‘qoqning tarqalganligi 41,1 foizni tashkil etdi. Ya’ni, endemik bo‘qoq tarqalishi 1998 yilga nisbatan deyarli 2 marta kamayishiga erishildi. Yoduriya ko‘rsatkichi 72 foiz aholida me’yorlashishiga erishildi.
Bundan tashqari yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish bo‘yicha sanoatning butun bir sohasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tuzni qayta ishlash sanoatining qator korxonalari qayta qurildi. Buning samarasi o‘laroq, endemik bo‘qoq bilan kasallanishning ma’lum barqarorlashuviga erishilgan.
Shuningdek, BMTning Bolalar jamg‘armasi tomonidan mamlakatimizga 20 ta osh tuzini yodlash qurilmasi, 25 tonnadan ziyod kaliy yodati, 230 osh tuzi tarkibidagi va peshobdagi yodni aniqlovchi laboratoriya asbob-uskunalari va reaktivlar keltirilgan. Mazkur laboratoriya asbob-uskunalari barcha tuman, viloyat va shahar DSENMlarida va Endokrinologiya institutida o‘rnatilgan. Ko‘rilgan barcha chora-tadbirlar o‘z natijasini berishi tabiiy, ammo iste’molchilar ham o‘z navbatida xarid qilayotgan osh tuzining sifatiga alohida e’tibor qaratishi lozim. Quyosh nurlaridan himoya etilgan quruq osh tuzida yod yaxshi saqlanadi. Namligi baland bo‘lgan osh tuzidan esa tez uchib ketadi.
Yod yetishmasligi kasalliklari insonning eng ko‘p tarqalgan xastaliklar sirasiga kiradi. Dunyoda 1,5 milliardga yaqin aholi mazkur xastalikka chalingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga asosan sayyoramizning 800 million aholisi qalqonsimon bezning kattalashishi (endemik bo‘qoq) bilan kasallangan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga asosan insonning yod moddasiga bir kunlik ehtiyoji yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 50 milligrammni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2-6 yoshli bolalar uchun 90 mkg, 7-12 yoshli bolalar uchun 120 mkg. bo‘lishi lozim. 12 yoshdan katta bolalar uchun esa 150 mkg., ayollar va emizikli onalar uchun 250 mkg. normaga ega bo‘lishi kerak. Yod tanqisligi muammosining oldini olish uchun organizm bu moddani har kuni qabul qilib turishi kerak. Chunki, yod organizmda sintez qilinmaydi. Vujudda zahira holida ham uzoq vaqt saqlanib turmaydi.
Osh tuzi tarkibi va naviga qarab 97 foizdan 99,7 foizgacha xlorli natriydan iborat. U “Ekstra”, oliy, birinchi va ikkinchi navlarga bo‘linadi. Ayni vaqtda mamlakatimizda 125 dan ziyod tuz ishlab chiqarish korxonalari ro‘yxatga olingan.
Darhaqiqat, biz xarid qilayotgan nafaqat osh tuzi, balki boshqa har bir mahsulotni talab darajasida ekanligiga e’tibor berishimiz, ularning sifati, nazorat sertifikati, yaroqlilik muddati kabi iste’moldagi talablariga mosligiga ishonch hosil qilishimiz darkor. Ana shundagina o‘zimiz, farzandlarimiz hamda yaqinlarimiz sog‘lig‘iga katta e’tibor qilgan bo‘lamiz.
Botir BUZRUKOV,
ToshPTI “Oftalmologiya” kafedrasi mudiri,
tibbiyot fanlari doktori, professor:
– Ma’lumki, inson organizmiga natriy xlor asosan osh tuzi (natriy xlorid) tarkibida kiradi. Ushbu minerallarning moddalar almashinuvidagi roliga chuqurroq e’tibor bersak kishi organizmidagi natriy miqdori 15 gr. bo‘lib uning uchdan bir qismi suyaklarda, qolgan qismi esa hujayra tashqi suyuqligida, asab va mushak tolalari tarkibida bo‘ladi. Natriy hujayra ichi va to‘qimalararo moddalar almashinuvida muhim rol o‘ynaydi, u (nordon) kislotali-ishqoriy muhit mutanosibligi va hujayra, to‘qima hamda qonning osmatik bosimini boshqaradi. Organizmda suyuqlik to‘planishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, ovqat hazm qilish fermentlarini faollashtiradi. Ushbu mineralga insonning kundalik ehtiyoji – 4-6 gr. tashkil qiladi. Odam organizmi tabiiy ozuqalar tarkibidagi natriyni yaxshi o‘zlashtiradi. Lekin uning miqdori juda kam. Shuningdek, organizm natriyni non, ovqat tarkibidagi tuzdan oladi. 2,5 gr. osh tuzida 1 gr. natriy bor, 10-15 gr. osh tuzida esa 4-6 gr. natriy bo‘lib, u kundalik ehtiyojni qondiradi. Tuzni me’yordan artiq iste’mol qilish zararli. Chunki, ko‘z ko‘rish qobiyatini susaytiradi.
Shu bilan birga ortiqcha tuz tana a’zolari hamda to‘qimalarning zo‘riqib ishlashiga majbur qilib, ular faoliyatini buzadi. Jumladan, ko‘zda uchraydigan og‘ir kasalliklardan biri nazla (glaukoma) bo‘lib, ushbu xastalikda inson organizmi uchun qabul qilinayotgan tuz miqdori juda katta ahamiyatga ega. Chunki, bu kasallikda ko‘z ichi suyuqligi almashinuvi keskin buzilgan bo‘ladi. Me’yoridan ko‘p tuz iste’mol qilinganda ko‘zning ichida suyuqlik miqdori ko‘payishi natijasida ko‘z ichi bosimi oshib ketadi. Buning oqibatida ko‘rish maydoni torayadi, ko‘rish o‘tkirligi pasayadi va qaytarib bo‘lmaydigan asorat – ko‘rish qobiliyatining yo‘qotishga olib keladi.
Jamila HAYDAROVA suhbatlashdi.