O‘Z VAQTIDA QO‘YILGAN TASHXIS UMRNI UZAYTIRADI
Onkologiyada kimyoterapiyaning ahamiyati
Onkologik kasalliklar ichki va tashqi omillar ta’sirida, normal hujayraning tuzilishi va faoliyati o‘zgarib, o‘sma hujayrasiga aylanishi hamda rivojlanishi sababli kelib chiqadi. Bemorlarni davolashda jarrohlik, nur terapiya va kimyoterapiya usullari qo‘llaniladi. Kimyoterapiya dorilarni o‘sma hujayralarining bo‘linib ko‘payishi va o‘smani o‘sishiga qarshi maqsadda qo‘llash usuli hisoblanadi.
Kimyoterapiya ko‘pincha operatsiya va nur terapiyasi bilan birgalikda qo‘shma va komleks davo rejasida, radikal(to‘liq tuzatish – o‘smadan xalos etish) va palliativ(o‘smani hosilasini kamaytirish) maqsadda qo‘llanadi. Bu so‘zni eshitgan ko‘pchilik bemorlarda xavotirlanish, qo‘rquv, tushkunlik, davodan bosh tortish holatlari ham kuzatiladi. Sababi bemorlar va ularning yaqinlarida kimyoterapiya va onkologiya tushunchasiga nisbatan tabiblar, ba’zi mutaxassis bo‘lmagan maslahatchilardan olingan noto‘g‘ri ma’lumotlarga ko‘ra salbiy munosabat shakllangan. Ularda davolangan bemorlar keyinchalik klinikaga og‘ir ahvolda kelishadi. Ba’zida maxsus terapiyani o‘tkazib bo‘lmaydigan ahvolda ularni shifoxonaga yotqizishga to‘g‘ri keladi.
Tibbiyot tarixida birinchi kimyoviy dori vositasi 1950 yillarda xorionepiteliomani davolashda ishlatilgan. Hozirda ham ushbu dori vositasi sababli onkologik bemorlarning yarmidan ko‘pida tuzalish holatlari kuzatilmokda. Onkologlarning xalqaro anjumanlaridagi 75 foiz ma’ruzalar hozirda kimyoterapiyaga bag‘ishlangan. Kimyoterapiyaning asosiy maqsadi o‘smani to‘liq davolash, bemorlarni umrini uzaytirish, sog‘lig‘ini tiklashdan iborat.
Davolashning bu usulini mono va polikimyoterapiya shaklida o‘tkazish mumkin. Monokimyoterapiya – bitta kimyoviy dori vositasi bilan davolash. Polikimyoterapiya – bir nechta kimyoviy dori vositalarining birga yoki gormonal dori vositasi bilan hamkorlikda qo‘llanilishidir. Neoad’yuvant (operatsiyadan oldin) kimyoterapiya o‘sma o‘lchamlarini kichraytirish va operatsiya jarayonini yengillashtirish maqsadida o‘tkaziladi. Ad’yuvant (operatsiyadan keyin) kimyoterapiya qolib ketgan o‘sma hujayralarini (subklinik o‘choqlarni) bartaraf qilish, o‘sma qaytalanishini va uning ildiz otishi (metastaz berishi)ning oldini olish maqsadida o‘tkaziladi.
O‘smaga qarshi dori vositalari har bir bemorga alohida yondoshilgan holda o‘smaning xususiyatlari va bemorni ahvolini e’tiborga olgan holda tavsiya etiladi. Hozirgi kunda ko‘p zamonaviy kimyoviy dori vositalari bilan davolash usullari mavjud. Samarali natijaga erishish uchun kimyoterapiya tartibi muhim ahamiyatga ega. Kimyoterapiya kurslarining oraliq vaqti uch-to‘rt haftadan iborat bo‘ladi. Davolash oralig‘idagi vaqt bemorning o‘ziga kelishi va kuchga to‘lishi, kimyoterapiya tufayli zararlangan sog‘lom hujayralarning tiklanishi uchun ham zarur. Kimyoterapiya kasallikni uzoq muddatga to‘xtatib va uni nazorat qilib, bemor sog‘lig‘ini tiklab, og‘riq hamda boshqa belgilarni bartaraf qilsa samarali deb hisoblanadi. O‘smaga qarshi dori vositalari o‘sma hujayrasiga salbiy ta’siri qilishidan tashqari organizmdagi normal to‘qimalarga ham ta’sir etadi. Misol uchun, suyak ko‘migi, me’da-ichak tizimi shilliq qavati va soch follikulasiga, lekin bular ma’lum dozalarda o‘sma hujayralariga ko‘proq ta’sirini hisobga olib buyuriladi.
Butun dunyo onkologlarining tajribasi shuni ko‘rsatadiki bugungi kunda xavfli o‘smalar orasida limfomalar barvaqt aniqlansa kimyoterapiya va nur terapiyasi yordamida xastalik o‘chog‘ining ko‘p qismini to‘liq davolasa bo‘ladi. Xastalikning tarqalgan bosqichlarida va boshqa solid(ichki a’zolar xavfli saratoni) o‘smalarda va kimyoterapiyadan so‘ng o‘n-o‘n besh yil remissiyaga (kasallikning qayta xuruj qilmasligi) erishilgan holatlar bo‘lgan. Bemorlar o‘z oilasi bag‘riga va ish faoliyatiga qaytib, oldingi hayotini davom ettirib, keyinchalik oila qurib farzandlar ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘lishadi.
Bugungi kunda mustaqillik sharofati bilan hukumatimizning tibbiyotning boshqa sohalari qatori onkologiya sohasiga ham e’tibori yanada kuchaygan. Respublika Onkologiya ilmiy markazi klinikasi va hududlardagi onkologik dispanserlar kerakli zamonaviy kimyoviy dori vositalari bilan yetarli darajada ta’minlangan. Hozirgi kunda o‘sma xastaliklarini dori vositalari bilan davolashda eng ilg‘or va zamonaviy usullar, ya’ni monoklonal antitelodan iborat dori vositalari ham qo‘llanilmoqda. Achinarlisi shundaki, ba’zi bir bemorlar xavfli o‘smani turini aniqlash va davolash maqsadida ko‘plab moliyaviy zararlar ko‘rib musofirchilik azoblariga uchrab xorijdagi onkologik klinikalarga murojaat qilishadi. Lekin Respublika Onkologiya ilmiy markazida ushbu dardga to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolash uchun hamma shart-sharoitlar mavjud.
ROIM (Respublika Onkologiya ilmiy markazi) kimyoterapiya bo‘limining shu sohadagi faoliyatining tajribasiga asosan nafaqat xavfli limfomalar, balki boshqa o‘smalarda ham dori-darmon bilan davolashda yuqori samaralarga erishish mumkin. Bo‘lim eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bu yerda bilimdon va o‘z kasbining yetuk mutaxassislari hamda ko‘p yillik tajribaga ega shifokorlar faoliyat yuritishmoqda.
Doniyor PO‘LATOV,
Respublika Onkologiya ilmiy markazi “Kimyoterapiya” bo‘limi ilmiy rahbari,
tibbiyot fanlari doktori