356 TA MEDAL
Surxondaryolik sportchi yoshlarning 2014 yilda xalqaro va respublika musobaqalarida erishgan yutuqlarini shunday ifodalash mumkin.
O‘tgan yil yigirmadan ortiq mamlakatda o‘tkazilgan 56 ta xalqaro sport musobaqasida o‘g‘il-qizlarimiz qator sport turlari bo‘yicha 126 ta oltin, 105 ta kumush, 160 ta bronza, jami 391 ta medalni qo‘lga kiritgan. Bu raqamlar oddiy raqamlar emas. Ular negizida davlatimizning sportga qaratayotgan ulkan e’tibori, ajratilgan mablag‘, yaratilgan shart-sharoit, murabbiylar mehnati, sportchilarning maqsad sari intilishi, ruhi, xarakteri, shijoati va mustahkam irodasi mujassam ekani hech kimga sir emas.
Bugun yoshlarimizning ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanib, salomatligini mustahkamlashi, o‘z iqtidor hamda salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar pirovardida o‘g‘il-qizlarimizning erishayotgan natijalari xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda.
E’tiborlisi, bugun yurtimiz faxriga aylanib ulgurgan yosh sportchilarimiz mamlakatimizning turli shaharu qishloqlarida voyaga yetgan. Masalan, o‘smirlar Olimpiadasi g‘oliblari – boks bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev Farg‘onada, yunon-rum kurashi bo‘yicha Osiyo chempioni Ilhom Bahromov Samarqandda, dzyudochi Suhrob Tursunov Surxondaryoda kamolga yetgan.
Bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar barkamol avlodni tarbiyalashning eng muhim omili sifatida yuksak samaralar berayotgani, yurtimiz sportining kelajagi, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning vositasiga aylanganini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi. Shaharu qishloqlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan muhtasham sport inshootlari o‘g‘il-qizlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etishga xizmat qilmoqda.
Bu sa’y-harakatlarning natijasini Surxondaryo viloyatida qilinayotgan ishlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali tomonidan ta’lim maskanlarida bilim olayotgan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bolalar va o‘smirlar sport maktablarida sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda ularni musobaqalarga ommaviy tarzda jalb qilish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu filial tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Sog‘lom farzand – yurt kelajagi”, “Gimnastika barcha uchun”, “Sog‘lom ayol – sog‘lom jamiyat”, “Bolalar ligasi”, “Bahor malikalari”, “Quvnoq startlar”, kabi sport musobaqalari o‘tkazildi. Oilaviy sportni ommalashtirish maqsadida “Otam, onam va men – sportchi oila”, “Ona sog‘lom bo‘lsa, farzand sog‘lom bo‘ladi”, “Kuch birlikda” va “Sog‘lom yurt, sog‘lom kelajak” kabi sport tadbirlari va musobaqalar samarali tashkil etildi. Surxondaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan barcha umumta’lim maktablarida mavjud sport seksiyalaridan tashqari qo‘shimcha 1-4 sinf o‘quvchilari uchun shaxmat, shashka, 5-9 sinf o‘quvchilari uchun stol tennisi va badminton to‘garaklari tashkil qilinib, ularga o‘quvchi-yoshlar jalb etilgan.
Bunday keng imkoniyatlar o‘quvchilarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning sog‘lom, kuchli, mard va qat’iyatli bo‘lib kamolga yetishiga xizmat qilmoqda, sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar safi tobora kengayib, ular erishayotgan yutuqlar salmog‘i muttasil ortmoqda.
Maktablarda sportning 22 turi bo‘yicha ustoz-murabbiylar o‘quv mashg‘ulotlarini olib borayotgani quvonarli hol, albatta! O‘tgan o‘n yil davomida 108 ta zamonaviy sport inshootlari qurildi, mavjudlari to‘liq ta’mirlandi. Ulardan samarali foydalanish muhim vazifa hamda bolalar va yoshlarni jismoniy tarbiya hamda sportga ommaviy ravishda jalb qilishning asosiy sharti hisoblanadi.
Viloyat va mahalliy hokimliklar mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda ta’lim muassasalarini tugatib kelayotgan yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish, bolalar sport inshootlarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, ularning faoliyat ko‘rsatishlari uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilmoqda. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida surxondaryolik 388 nafar yosh tahsil olmoqda. O‘tgan yili esa 99 nafar mutaxassis mazkur ilm dargohini tamomladi.
Bolalarni sportga jalb etish maqsadida ularning qiziqishlari inobatga olinib, sport turlari sonini ko‘paytirishga e’tibor qaratilmoqda. O‘n yil oldin sport turlarining soni 12 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ular 31 taga yetkazildi. Bugungi kunda aholi uchun viloyatda 3 ming 941 ta sport inshootlari beminnat xizmat qilmoqda. Shulardan 2 ming 874 tasi qishloqlarda joylashgan.
Imkoniyat va e’tibor, albatta o‘z natijasini berib kelmoqda. Birgina o‘tgan yilda surxondaryolik sportchi yoshlar sport turlari bo‘yicha Respublika, Xalqaro, Osiyo va Jahon miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etib, 117 ta oltin, 118 ta kumush, 121 ta bronza, jami 356 ta medalni qo‘lga kiritib, yuqori natijalarga erishdi.
Hech bir soha davlatni sportchalik mashhur qila olmaydi. Yurtimizning sportda erishayotgan yutuqlarida voha sportchilarining ham o‘z o‘rni bor. Bugun yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, jahon uzra O‘zbekistondek qudratli yurtning munosib farzandlari ekanini isbotlashga ahd qilgan, har tomonlama yetuk avlod vakillari voyaga yetmoqda. Ular erishayotgan yutuqlar barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
Sayyora ALLAYEVA,
Surxondaryo viloyati