“SALOMATLIK BURCHAGI”: SOG‘LOM KELAJAK SARI
O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar, fan olimpiadalari, turli bellashuvlar, sport musobaqalari ko‘plab iqtidor egalarini kashf etish bilan birgalikda ularning dunyoqarashini boyitib, bilimini mustahkamlamoqda. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlarning dil so‘zlarini tinglar ekansiz chindanda ularga havasingiz ortadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 27 fevraldagi “Mustahkam oila yili” Davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda umumta’lim maktablari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi salomatlik burchagi” respublika ko‘rik-tanlovi ham ana shunday iqtidor egalarini aniqlab berdi. Uch bosqichda o‘tkazilgan ushbu tanlovning 1-bosqichi umumta’lim maktablari o‘rtasida tuman va shaharlar miqyosida, 2-bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar miqyosida bo‘lib o‘tib, 3-bosqichda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jami 15 ta umumta’lim maktablari tomonidan yuborilgan o‘quvchi-yoshlarning ilmiy va ijodiy izlanishlari hakamlar tomonidan o‘rganilib baholandi.
Tanlov tashkilotchilaridan iborat hay’at a’zolari maktablarda mavjud bo‘lgan tibbiyot xonalarining to‘g‘ri jihozlanishi (favqulodda baxtsiz hodisalar ro‘y berganda birinchi yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligi, maktab hamshirasi bilan sinf salomatligi sektori orasida hamkorlikning va “Orasta qizlar” to‘garagining qay darajada yo‘lga qo‘yilganligi), dorivor giyohlardan tayyorlangan “Salomatlik burchagi” dagi devoriy gazetaning dolzarb mavzularni qamrab olganligi, gerbariylar hamda fotoalbomlar kerakli ma’lumotlar bilan boyitilganligi, doimo yangilanib borilishiga e’tibor berib g‘oliblarni aniqlashdi.
Umumta’lim maktablari o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur tanlov maktab o‘quvchilarining tibbiyot borasidagi bilimlarini oshirishda, sog‘lom turmush tarzi xususida tushunchalarining kengayishiga xizmat qilishi bilan birgalikda, jannatmakon yurtimizda o‘sadigan giyohlar bilan tanishishi, kezi kelganda qo‘llanilishi, tabiatdan oqilona foydalanish haqida yuksak bilimga ega bo‘lishiga puxta zamin yaratdi.
Shunday qilib, respublika bosqichiga chiqqan “Salomatlik burchagi”ning namunalari birin-ketin poytaxtga yuborildi.
Birinchi may. Navoiy ko‘chasi, 30 uy. To‘rtinchi qavat… Tahririyatimiz xodimlari odatdagi ish faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lgan bir mahal xonamizga respublikamizning turli hududlaridan kelgan “Salomatlik burchagi” tanlovining respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan maktablarning katta qutilarda joylangan ijodiy ishlari birin-ketin olib kelina boshladi. Tanlovning respublika bosqichi haqida xabarimiz bor ediku-ya, ammo maktab rahbarlari va maktab o‘quvchilaridan bu darajadagi faollik hamda e’tiborni kutmagan edik. Bu Xorazm, mana bu esa Sirdaryo, anavi ulkan qutidagi Termiz, Navoiy, Buxoro, Andijon, Toshkent yana Farg‘ona, Namangan viloyatlari… Viloyatlar nomi yozilgan turfa hajmdagi qutilar keltirildi-yu, bahosi oltinga qiyos etsa bo‘ladigan asl qo‘l mehnatida ishlangan ijod mahsuli, har bir viloyatdan tanlovga taqdim etilgan ko‘rgazmali qurollarni ko‘rib ochig‘i juda hayratlandik. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, har bir ishtirokchi maktablarning iqtidorli o‘quvchi-yoshlari tanlov shartlarini to‘g‘ri anglagan holda yondashgan. Tanlov shartlaridan biri – turli dorivor o‘simliklar va giyohlardan gerbariy yasash, u haqida ma’lumot berish kabi shartlarni barcha viloyat maktablari yuksak izlanish bilan tayyorlagan. Ayniqsa, Denov tumanidagi 77-, Termiz shahridagi 13-, Namangan shahridagi 57-umumta’lim maktablarining bu boradagi ishlari tahsinga loyiq. Favqulodda baxtsiz hodisalar ro‘y berganda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyorgarlik ko‘rish kabi shartlarda Sirdaryo viloyatidan ishtirok etgan 8-umumta’lim maktabi o‘quvchilarining ishlari ko‘zga yaqqol tashlandi. Sababi, maktab jamoasi tanlovning respublika bosqichiga favqulodda vaziyatlarda qo‘llashi mumkin bo‘lgan vositalari aks etgan katta plakat tayyorlab olib kelishgan. Bu esa barchaning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Keltirilgan barcha ko‘rgazmali ishlarni birin-ketin ko‘zdan kechirar ekanmiz, Chirchiq shahridagi 7-, Farg‘ona viloyatidagi 2-, 11-umumta’lim maktablari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan 6-umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan yozilgan ijodiy ishlar, salomatlik mavzusini qamrab olgan insholar salmog‘i, hajmi hamda qiziqarliligi bilan e’tiborlidir.
Tan olish kerakki, olib kelingan ko‘rgazmalar xonamizga sig‘may qolganligi bois, asta ularni tahririyatimiz joylashgan qavat yo‘laklariga tartib bilan joylashtira boshladik. Buni qarang-ki, tahririyatimiz tibbiyot muzeyiga aylandi qoldi. Qo‘shni tahririyat xodimlari yoki biror yumush bilan o‘tayotgan insonlar bunday ajoyib ishlar yonidan shunchaki o‘tib keta olmadilar. Ijodiy ishlar haqida fikr-mulohazalarini bildirib, yo‘l-yo‘lakay baho berib borishdi. Va bu fikr-mulohazalarning barchasi hay’at a’zolari e’tiboridan chetda qolmadi. Kimdir bu ko‘rgazmali ishlardan maktab haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘lgan bo‘lsa, yana boshqalar o‘simliklar haqidagi ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Boshqa gazeta xodimlarining fotomuxbirlari esa o‘z nashrining maxsus soni uchun noyob “eksponat”larni suratga tushira ketdilar. Shu jarayonning o‘zidayoq ko‘pchilikning iliq fikr-mulohazalariga guvoh bo‘ldik.
Eng muhimi, har bir ko‘rgazma bizga viloyatning so‘lim, bahavo tabiati, shinam va ko‘rkam maktabi, orasta, bilimli va zukko o‘g‘il-qizlarining timsolini yaqqol gavdalantirib bera oldi.
Demakki, bu jaryonda ishlagan maktab xodimlarining, o‘quvchilarning mehnatlari besamar ketmadi va bu orqali ular ko‘pchilikka tibbiyot borasida anchagina bilim berishga harakat qilishgan.
YIL BO‘YI KUTILGAN KUN
26 noyabr. Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 324-umumta’lim maktabi majlislar zali. Maktab foyesida “Eng yaxshi salomatlik burchagi” tanloviga taqdim etilgan ijodiy ishlar ko‘rgazmasi tashkil etilgan. Zal gullar va rang-barang sharlar bilan bezatilgan. Ammo tadbirni bezab, unga ko‘rk berib va mazmunan boyitib, o‘zgacha shukuh bag‘ishlab turgan bu – shu tanlovda g‘olib bo‘lamiz deya, butun mehrini hamda mehnatini ayamay o‘quvchi va murabbiylarning birgalikda yaratgan ijodiy ishlaridir.
Sahnaning to‘rida tanlov aks ettirilgan banner osilgan. Mayin musiqa sadolari ostida anjumanlar zaliga viloyatlardan kelgan tanlov ishtirokchilari, OAV xodimlari, o‘quvchilar, mehmonlar hamda san’atkorlar kirib kela boshladilar.
Bayram tadbiri boshlandi. Mehmonlarning bildirgan fikri va tilaklari, xalqimiz sevgan san’atkorlar hamda yosh ijrochilarning chiqishlari tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
Tadbirning hayajonli lahzalari boshlandi.
– Bunday tanlovning tashkil etilishi avvalo o‘quvchi va murabbiylarni, shuningdek, maktab jamoasining yanada hamjihatlikda, uyushqoqlik bilan mehnat qilishiga sabab bo‘ldi. Ushbu tanlov orqali maktabimiz o‘quvchilari bu mavzuda yanada kengroq tushuncha oldilar. Ijodiy ishlarni ko‘rib, boshqa viloyatlardan kelgan do‘stlarimizning ishlari anchagina salmoqli ekanligiga guvoh bo‘ldik. Keyingi tanlovda albatta birinchi o‘rinni egallashga harakat qilamiz, – deydi Namangan viloyati 57-umumta’lim maktabi direktori Dilorom Matmusayeva.
Tadbirni ochish uchun so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi ma’naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi bosh nazoratchisi Ravshan Ergashev, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi Boshqaruvi raisi Isfandiyor Latipov, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” bosh boshqarmasi boshlig‘i Saidmurod Ismoilov, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi ijrochi direktori Nozimjon Mo‘minovlar g‘olib o‘quvchilarni qutlab ularning o‘qish va ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
KUCHLILARGINA YAXShISIGA MUNOSIB
Umumta’lim maktablari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi salomatlik burchagi” tanlovining yakuniy bosqichiga yuborilgan ijodiy ishlar saralanib, hay’at a’zolari tomonidan baholab borildi.
Shunday qilib, “Eng yaxshi salomatlik burchagi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari qo‘yidagi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar.
“Eng yaxshi salomatlik targ‘ibotchisi” nominatsiyasiga Buxoro viloyati Buxoro shahridagi 12-maktab, Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi 8-maktab, Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi 4-maktab hamda Navoiy viloyati Navoiy shahridagi 11-maktab o‘quvchilari loyiq topildi.
“Eng yaxshi salomatlik burchagi” nominatsiyasiga Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi 1-maktab, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 13-maktab, Samarqand viloyati Samarqand shahridagi 66-maktab hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh shahridagi 6-maktab o‘quvchilari munosib ko‘rildi.
“Eng yaxshi salomatlik posboni” nominatsiyasiga Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi 2-maktab hamda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi 11-maktab o‘quvchilari va Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 48-maktab o‘quvchilari loyiq deb topildilar.
– Bugungi tanlov biz pedagoglar uchun yana bir bayram desak yanglishmaymiz. Chunki, respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Salomatlik burchagi” tanlovida bizning 6-umumta’lim maktabi jamoasi “Eng yaxshi salomatlik posboni” nominatsiyasida faxriy o‘rinlardan biriga munosib ko‘rildi. Bunda maktabda o‘tkaziladigan “Salomatlik” darslarining ham o‘z o‘rni bor, albatta. O‘quvchilar tanlovga tayyorgarlik davrida salomatlikni asrash, turli kasalliklarni oldini olish uchun nimalarga e’tibor qaratish zarurligi, yurtimizning meva-sabzavotlar tarkibidagi vitaminlarning inson salomatligini mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyati qanday kabi savollarga javob olish maqsadida ko‘plab adabiyotlarni o‘qib izlanishdi. Eng asosiysi, o‘z salomatligini asrash borasida chuqur bilimga ega bo‘lishdi, – deya ta’kidlaydi tanlov sovrindori Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiyatosh shahridagi 6-umumta’lim maktabi direktori Asiya Medetova.
Yana bir rag‘batlantiruvchi o‘ringa sazovor bo‘lgan Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi 4-umumta’lim maktabi direktori Ergash Samandarov esa maktab faoliyati, jumladan “Salomatlik burchagi” ishlari bilan bizni tanishtirar ekan, shunday fikrlarni bildirib o‘tdi:
– Maktabimizdagi “Salomatlik burchagi”da salomatligimizni asrash o‘z qo‘limizda ekanligi, salomatlikka oid tavsiyalar muntazam yoritib boriladi. Shuningdek, mazkur burchakdan vohamizning tabiiy boyliklari, uning fauna va florasidagi tabobat olami, dorivor o‘simliklari, ularning tarkibi haqidagi ma’lumotlar qatorida giyohlardan tayyorlangan gerbariylar ham joy olgan. Bugungi tadbirda bizning maktab “Salomatlik burchagi” jamoasi “Eng yaxshi salomatlik targ‘ibotchisi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Bu albatta, o‘quvchilarning sog‘lom turmush tarzi, izlanishlari natijasidir. Biz pedagoglar bugungi tadbirdan keyin yoshlarga bu yo‘nalishda bilim va tarbiya berishda yanada mas’uliyat bilan yondoshishimiz kerakligini yana bir bor his qildik. Chunki, sog‘lom turmush – sog‘lom kelajakdir. Farzandlar sog‘lom, demak millat sog‘lom bo‘ladi. Bunday tadbirlarni o‘tkazishdan asl maqsad ham ana shudir.
KUCHLI UCHLIK
G‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishni kim ham orzu qilmaydi, deysiz. Kuchli uchlikka kim kirgan ekan, degan savol barchani bir zum o‘ylantirib qo‘ydi. Nihoyat, asosiy g‘oliblar e’lon qilindi.
3-o‘rin Namangan viloyati Namangan shahridagi 57-maktab o‘quvchilariga, 2-o‘rin Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi 77-maktab o‘quvchilariga va 1-o‘rin Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 7-maktab o‘quvchilariga nasib etdi. Chehralarda tabassum, qalblar to‘la hayajon. Chirchiqdan kelgan “Orasta qizlar” klubining a’zolari sahnada bir-biridan go‘zal she’rlari bilan hammani hayratga solishdi.
– “Salomatlik burchagi” tanlovi haqidagi Nizomni qo‘limga olib tanishib chiqar ekanman, uning mazmun-mohiyati ko‘p narsani o‘rganish, tadbirlar o‘tkazish, izlanishga undadi. Avval maktabimiz sinflari o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlaridan keyin g‘oliblarning saralangan guruhi yig‘ildi. Ular mazkur tanlovning shahar, viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgandan keyin respublika bosqichida qatnashish huquqiga ega bo‘lishdi. Nazarimda, “Salomatlik burchagi” sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Biz ta’lim muassasasi xodimlarining vazifasi ruhan, ma’nan va jismonan sog‘lom avlodni voyaga yetkazish bo‘lsa, bu tanlov ana shu maqsad yo‘lida dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi, – deydi biz bilan suhbatda Chirchiq shahridagi 7-umumta’lim maktabi direktori Mavjuda Ashirova. — Bugungi tadbirda bizning maktab jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bunda maktabimiz yuqori sinf o‘quvchilarining hissasi katta bo‘ldi. Ular “Salomatlik burchagi”ga kerakli ko‘rgazmalarni o‘z qo‘llari bilan yasashga xarakat qildilar. Ayniqsa, 9-sinf o‘quvchilaridan Durdona Hamidullayeva, Dildora Davronova kabi o‘quvchilar faol ishtirok etdi. Bunday ko‘rik-tanlovlar yoshlarga shijoat, o‘z mehnatidan zavqlanish, oldinga intilish kabi ezgu his-tuyg‘ularni baxsh etishini bugungi tadbir namoyon etib turibdi. Yoshlar tarbiyasida, ularning kelajakda jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishida bunday tadbirlarning o‘rni muhim ahamiyatga ega. Shu bois bugungi anjuman tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
– Tanlov juda ko‘tarinki kayfiyatda va qizg‘in tayyorgarlik ostida o‘tdi. Bizlarga sovrinlarni tantanali va bayramona ruhda taqdim etganliklari uchun barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiramiz. Bu tanlovga bizning Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi 77-maktab o‘quvchilari katta tayyorgarlik ko‘rishgandi. Bunga o‘zingiz ham guvoh bo‘lgan bo‘lsangiz kerak. O‘quvchilarimiz birinchilikka da’vogarlardan edi. Lekin bu yerga kelib shunga amin bo‘ldikki, raqiblarimiz bizdan-da yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgan ekan. To‘g‘risini aytsak, ularning bajargan ishlarini ko‘rib lol qoldim. Garchi birinchi o‘rinni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsakda, bundan sira xafa emasmiz. Aksincha, tanlovda ishtirok etib do‘stlar orttirganimizdan juda mamnunmiz. Nasib etsa, kelgusi tanlovlarda albatta, birinchilikni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz, – deydi Denov tumani 77-maktab direktori Gavhar Xudoyberdiyeva.
– Tan olish kerakki, taqdim etilgan barcha ijodiy ishlar yuksak o‘ringga loyiq edi. Sababi o‘quvchilarning qo‘l mehnatida ishlangan har qanday ijodiy ish tahsinga loyiq. Ammo, hay’at a’zolarining bildirgan fikr-mulohazalarini inobatga olinib g‘oliblar aniqlandi. O‘ylaymanki, navbatdagi tanlov yana ham yuksak saviyada o‘tkaziladi degan umiddamiz, –deydi biz bilan suhbatda hay’at a’zosi Muhabbat Sherbo‘tayeva.
Tanlov o‘z shiori va nizomi bilan respublika o‘quvchilarini salomatlik bayrog‘i ostida birlashtira oldi. U tom ma’noda salomatlik targ‘ibotchisiga aylangan desak, aslo mubolag‘a emas. Chunki, bildirilgan barcha fikrlar ijobiy. Mazkur tanlov salomatlik harakatiga aylandi va keyingi bosqichlari ommaviy tarzda o‘tkazilib, yana ham ko‘proq maktab o‘quvchilari ishtirok etishadi. Buning isbotini o‘quvchilarning hamda ularning jonkuyar ustozlarining yuzu ko‘zidan balqib turgan shijoatidan uqib olish qiyin emas.
Ha, maktab tarbiya o‘chog‘i bo‘lishi bilan bir qatorda, salomatlik targ‘ibotchisi hamdir. Har bir o‘quvchi o‘z salomatligiga avvalo o‘zi mas’ul bo‘lishi lozim. Buning uchun albatta tibbiy bilim zarur. O‘quvchi maktab partasida tibbiyotga oid bilimni avvalo “Salomatlik burchagi”dan o‘qib o‘rganadi. Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, shifobaxsh giyohlarning salomatlik borasidagi ahamiyati kabi qator mavzularni o‘z ichiga olgan mazkur burchak o‘quvchining kundalik hayotida muhim o‘rin tutadi.
Bir so‘z bilan aytganda maktab “Salomatlik burchagi” tibbiy targ‘ibot borasida bolajonlarning eng yaqin do‘sti hisoblanadi.
Jamila HAYDAROVA,
Muhabbat HO‘JAMURODOVA,
Mayna HASANOVA,
Ma’rifat TOLIPOVA