RASHID POLVONNING G‘ALABASI
Parijda erkin kurash bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda hamyurtimiz Rashid Qurbonov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
R.Qurbonov musobaqaning vazni 74 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida mezbonlar vakili Luka Lampis, polshalik Kristian Brzozovski, eronlik Muhammad Maktabdorni mag‘lubiyatga uchratib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi bahsda rossiyalik Osman Isakovni yenggan polvonimiz shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Eslatib o‘tamiz, bu Rashid Qurbonovning yangi mavsumda qo‘lga kiritgan ilk muvaffaqiyatidir. Ungacha u 2013 yilda o‘tkazilgan jahon chempionatida bronza medali sovrindori, 2011 va 2013 yillardagi Osiyo chempioni, 2014 yilda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlari g‘olibi kabi bir qator g‘alabalarga erishgan edi.