XUSH ZIYNATI KO‘P NOMADURUR UMR…

“Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutaffakiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir”.

Islom KARIMOV

Alisher Navoiy asarlarida aks etgan insoniylikka chorlovchi yuksak g‘oyalar asrlar davomida avlodlarni tarbiyalash, ruhiy poklikka erishish yo‘lida beminnat xizmat qilib kelmoqda. Shoir asarlari zamon va makon chegaralaridan g‘olib kelgan, uning bitiklarida har qanday holat va muammo uchun aniq yechimlar, falsafiy konsepsiyalar mujassam. Donishmand adibning bir bayt va, hatto, bir so‘z zamiriga ulkan ma’nolarni singdirib yuborish salohiyati doimo bizni hayratlantiraveradi.

Haqiqatni, ehtimol, har bir inson aytishga haqli. Ammo gap haqiqatni qanday ifoda bilan, qay yo‘sinda bayon qilishdadir. Qalam ahlining iste’dodi qaysi so‘zni qay o‘rinda qo‘llay bilishida namoyon bo‘ladi. Hazrat Alisher Navoiy asarlarining umrboqiylik siri ham aynan shundadir, desak yanglishmaymiz. Mutafakkir ijodkorning o‘ziga xos bo‘lgan, mustahkam ifoda uslubini o‘zida aks ettirgan baytlarning ich-ichidan porlab turadigan nur, tasvirlab bo‘lmaydigan sehr bizni o‘ziga ajib jozibasi bilan tortaveradi, jalb qilaveradi.

Alisher Navoiy o‘z asarlarida, avvalo, chinakam inson bo‘lib yashash kerak, qalbni toza, shaffof saqlash lozim, Haq huzuriga yorug‘ yuz bilan borish shart degan qarashlarni ilgari suradi. Bu uning eng kichik janr hisoblangan fardlaridan boshlab katta-katta dostonlarining asl mazmun-mohiyatini tashkil etadi.

Shoirning nazdida umr inson uchun berilgan eng qimmatli hadya. Yashashning o‘zi baholab bo‘lmaydigan ne’mat. U mehnat qilib topiladigan mol-dunyo ham, barcha harakatlar ham umrning bezagi bo‘lishini, insonlar o‘rtasidagi mehru muhabbat rishtalarini mustahkamlash uchun xizmat qilishini istaydi:

Moldin umrungg‘a osoyish agar yetmas ne sud,

Nuh umrin hosil etsang, ganji Qorun qozg‘anib.

Ya’ni, yig‘gan mol-dunyongdan senga tinchlik kelmasa, Nuh (a.s.) ning ming yillik umricha yashab, Qorun kabi xazina yiqqaningdan nima foyda!

Shoir aytmoqchiki, yashashdan maqsad hayotning qadrini anglash, insoniyatga foyda keltirish. Agar shunday bo‘lmasa, uzoq yashash, cheksiz mol-dunyodan mutlaqo foyda yo‘q.

Alisher Navoiy umrning bezagi poklik, vafo, mehr-muhabbat ekanligini alohida e’tibor bilan ta’kidlagan:

Xush ziynati ko‘p nomadurur umr, va lekin

Tavqi’i vafodin anga unvon kerak erdi.

Ya’ni, umr chiroyli bezalgan noma – kitob kabidir, lekin unga poklik, vafo degan unvon kerak edi. Ayon bo‘lmoqdaki, shoir to‘g‘rilik va sadoqatni umr kitobining nomi bo‘lishini istaydi.

Yana o‘qing:  “Biri erur marhamati volidayn”

Alisher Navoiy insonlar hayotidagi osoyishtalik, halovat siri ularning o‘zaro kelishib yashashlarida, o‘zaro hurmat va ehtirom ko‘rsatib, urmguzaronlik qilishlarida deb hisoblaydi.

Shoirning fikricha, har bir insonning hayotda, jamiyatda o‘z o‘rni bor. Kimningdir o‘rni quyiroqda, kimningdir o‘rni yuqoriroqda bo‘lishi mumkin. Jamiyatdagi muvozanat asosi – har kim o‘z o‘rni va qadrini bilishidadir. Agar kimdir o‘zining darajasi baland emasligini sezsa, ana shu maqom uchun intilsin. O‘zidan yuqoridagilarga hasad qilmasin. Yoshlar yoshligini his etsin, shunga munosib harakat qilsin – g‘ayratli bo‘lsin, sira charchamasin, o‘zidan kattalarni hurmatlasin. Keksalar ham o‘z qadrini bilsinlar – vazminlik, sokinlik, rostgo‘ylikni o‘zlariga mezon tutsinlar, sha’nlariga to‘g‘ri kelmaydigan ishlardan o‘zlarini tortsinlar. Alisher Navoiyning bu fikrlari “Hayrat ul-abror” dostonidagi adab bilan bog‘liq maqolatda batafsil aks etgan. Mazkur maqolatda, xususan, quyidagi baytni o‘qiymiz:

Kimki ulug‘roq anga xizmat kerak,

Ulki kichikroq anga shafqat kerak.

Ya’ni, kimki ulug‘ bo‘lsa, yoshi ham, darajasi ham boshqalardan baland ekan, u kishiga xizmat qilish kerak, kichiklar – yoshlarga esa shafqat, mehr-muhabbat ko‘rsatish shart. Demak, yoshlarning burchi – yoshi ulug‘larga xizmat qilish, yoshi ulug‘larning vazifasi – yoshlarga mehr va g‘amo‘rlik bilan yo‘l ko‘rsatishdir.

Shoir asarlarida avlodlar o‘rtasidagi munosabatlarning o‘ta nozik ekanligiga alohida diqqat qaratilgan. Chunki, bu murakkab masala. Bilamizki, ayni paytda G‘arb olamida avlodlar o‘rtasidagi bo‘shliq (generation gap) degan tushuncha bor. Bu, hatto, istiloh darajasiga chiqib qolgan. Biz bu hodisani insoniylik chegaralarining buzilishi, yuksak qadriyatlarning poymol bo‘lishi deb baholagan bo‘lardik. Chunki, yosh va keksa avlod o‘rtasida paydo bo‘ladigan bo‘shliq, ikki avlodning bir-biridan qochishi, o‘zaro muloqot qila olmasligi katta fojialarga olib keladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun esa yoshlar ham, keksalar ham, hazrat Navoiy aytganidek, o‘z o‘rni va qadrini yaxshi bilishi kerak.

Keksa insonning ta’bi noziklashib boradi. Yoshi ulug‘ kishiga bee’tiborlik qilib bo‘lmaydi. Chunki, yillar, hayot sinovlari, qismat imtihonlari har qanday kishini toliqtirishi, uni mehr-muhabbatga tashna qilib qo‘yishi tabiiy holatdir. Demak, yosh avlod shuni hisobga olishi kerak. Kattalar bilan o‘ta mulohaza bilan, odob bilan muloqotda bo‘lish, ularni urintirib qo‘ymaslik lozim. Nuroniylarning ko‘ngliga og‘ir botadigan xatti-harakatlarni qilmaslik, nojoiz so‘zlarni so‘zlamaslik darkor. Ana shunda avlodlar o‘rtasida bo‘shliq yuzaga kelmaydi, odamlar o‘zini yolg‘izlanib qolgan deb his etmaydi. Bu qarashlar hazrat Navoiyda quyidagicha ifoda etilgan:

Yana o‘qing:  HAM SPORTCHI, HAM MURABBIY

Qarilar xotiri nozukdur, ey tifl,

Shikastidin qilib vahm, o‘lma gustoh:

Unuttungmuki, atfol o‘ynag‘anda,

Sinar oz mayl ko‘rgandin quruq shox.

Ya’ni, ey bola (yosh), qarilarning – yoshi ulug‘larning xotiri, qalbi nozikdir, ularning shikastlanishidan qo‘rqib, beodoblik qilib qo‘yma. Unutdingmi, bolalar o‘ynaganda quruq shox ozgina e’tibor ko‘rgani uchun sinib qoladi.

Bilamizki, qurigan shox sal tegib ketsangiz, sinib qoladi. Navoiy aytmoqchiki, keksa kishi xuddi shu quruq shoxga o‘xshaydi. Sen ularni bezovta qilib qo‘ymay deb, bee’tibor bo‘lma, yolg‘iz qoldirma. Chunki, quruq shox ham bolalar qo‘lida salga (kam e’tibor ko‘rgani uchun) sinib qoladi.

Diqqat qilsak, shoir quruq shox, atfol (bolalar) kabi obrazlar, sinish kabi tasvir yordamida keksalarning ruhiyati, ularning o‘ta nozik bo‘lishini ta’sirchan shaklda ifoda etib beryapti. Ya’ni, har qanday sharoitda ham yoshi ulug‘larni yo‘qlab turish kerak, mehru muhabbatimizni ulardan darig‘ tutmasligimiz lozim. Bu chinakam insoniylik namunasidir.

Umuman olganda Alisher Navoiy insonlarni o‘zaro birlashishga, do‘stlashishga, tushunishga chorlaydi. Yuqorida sanalgan boshqa va yana aynan shu jihatlar uchun biz hazrat Navoiy asarlariga qayta-qayta murojaat qilaveramiz, unga ehtiyoj sezaveramiz.

Dilnavoz YUSUPOVA,

filologiya fanlari nomzodi,

O‘zMU dotsenti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: