ShIJOAT VA MATONAT TANTANASI
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida mamlakatimiz futbolchilarining xalqaro maydonlardagi yutuqlari salmog‘i tobora ortib bormoqda.
Eronda o‘tkazilgan qit’a chempionatida g‘olib bo‘lgan o‘smirlarimiz kabi yoshlar terma jamoamiz ham Birlashgan Arab Amirliklarida 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatida yarim finalga chiqib, 2013 yili Turkiyada bo‘ladigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Xabaringiz bor, Jahon chempionatida 24 jamoa ishtirok etadi. Jamoalar qit’a chempionatlari orqali mundial yo‘llanmasiga ega bo‘lishadi. Ushbu yo‘llanmani quyidagi jamoalar qo‘lga kiritdilar: Estoniyada (UYEFA) 19 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida Yevropa chempionatidan: Ispaniya, Gretsiya, Fransiya, Angliya, Portugaliya, Xorvatiya. BAAda (OFK) bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida esa O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Avstraliya, Iroq mamlakat yoshlari qo‘lga kiritdilar.
Shuningdek, Argentinada bo‘lgan (KONMEBOL) Janubiy Amerika chempionatidan 4 ta, Meksikada bo‘lgan KONKAKAF chempionatidan 4 ta, Jazoirda kechgan Afrika chempionatidan 4 ta, Okeaniya chempionatidan 1 ta o‘rin hamda mezbon – Turkiya ishtirok etishadi.