“TANTANA”DAN KATTA SAHNAGACHA
Hozirgi kunda yurtimiz yoshlarining iqtidorini ko‘rib, dunyo hamjamiyati ham yuqori baho bermoqda. Ana shunday yoshlarimizdan biri xushovoz xonanda Shaxbozbek Ernazarovdir.
Shaxbozbek yosh bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston teleradiokompaniyasi “Bolalar dunyosi” ko‘rsatuvida bir necha yildan beri har xil lavhalar olib boradi. Ushbu ko‘rsatuvdagi mavzular juda qiziqarli bo‘lgani uchun, bolalarning sevimli ko‘rsatuviga aylangan. Qo‘shiq kuylashga juda qiziqqani tufayli bolaligida Fotima va Zuxra opa boshchiligidagi “Tantana” bolalar vokal-estrada guruhiga qatnagan. Guruh unga ko‘plab ketma-ket muvaffaqiyatlar olib keldi. U ustozlari yordamida ko‘pgina nufuzli bayram tadbirlarida jumladan, Vatan himoyachilari kunida “Askar”, Navro‘z bayramlarida “Kichkinajon” qo‘shiqlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturlarida qatnashib, birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. 2010-yilda “Yagonasan muqaddas Vatan” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida ham g‘oliblikni qulga kiritgan. 2014 yilda esa “Yangi avlod” lauriatiga sazovor bo‘ldi. 2013-2014 yillarda Malayziya hamda Latviya davlatlariga borib “O‘zbekiston kunlari” tanlovida yuqori darajalarni egallab keldi.
Shaxbozbek Ernazarov o‘zining izlanuvchanligi bilan “Nihol” davlat mukofoti uchun o‘tkazilgan tanlovning respublika bosqichigacha yetib bordi.
– Bilasizmi, “Nihol” davlat mukofotida qatnashishim uchun rosa ter to‘kishimga to‘g‘ri keldi. Yosh san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini rag‘batlantirish maqsadida “Nihol” davlat mukofotini tashkil etgani uchun hukumatimizdan minnatdorman. Ushbu tanlov yanayam o‘z ustimda ishlashga o‘rgatdi, – deydi qahramonimiz.
Yulduz YUNUSOVA