ShOGIRDLIK BELBOG‘I
O‘zbek xalqida azaldan farzandining murg‘akligidanoq kasb-korli qilish asosiy vazifalardan biri hisoblangan. Ota-onalar ustoz tanlashga jiddiy e’tibor qaratgan. Uning o‘z mahorati, tajribasi, shuningdek ma’naviy olami bilan qiziqqan. Shu bilan birga ustoz bo‘lmish kishi ham bolaning ota-onasi, nasl-nasabi, iqtidorini hisobga olgan. Shogirdiga otaday mehr ko‘rsatib, hunarining sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatgan. Saboqlarni a’lo darajada o‘zlashtirganlarga ustozi tomonidan belbog‘ sovg‘a qilinib, uning ustaligi elga ovoza qilingan. Qolaversa, shogird ham belbog‘ni oqlab, ustoziga e’tibor ko‘rsatishi, uning ilm-hunar borasidagi o‘gitlariga amal qilishi lozim hisoblangan.
Ustoz va shogirdlik an’anasi borasida hayotda ko‘plab voqealarning shohidi bo‘lganmiz. Uchko‘prik tumanida o‘tgan asrda shunday ustoz-shogirdlar bo‘lganki, ularga hamma havas bilan qaragan. O‘z davrida qanchadan-qancha imoratlarning qurilishiga rahbarlik qilgan katta quruvchi-usta Egamberdi Qurbonov ana shunday ustozlardan edi. Usta atrofiga qobiliyatli shogirdlarni to‘plab sinovdan o‘tkazardi. Hunar o‘rgatish barobarida uning yigitlarga ta’lim-tarbiya berishi o‘ziga xos edi.
Ustoz-shogirdlar yangi imoratlar qurish bilan birga ta’mirlash ishlarini ham amalga oshirgan. Egamberdi Qurbonovning shogirdlariga nisbatan o‘ziga xos tarbiya berish qoidalari bo‘lgan. Masalan, “ – Xonadon sohibining ijozatisiz xonadonga bosh suqmaysan. Uy egasining qizini singlingdek, ayolini onangdek, kichik bolasini esa ukangdek ko‘rasan. Ish vaqtida boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lmaysan. Uy egasi pishirgan taomni norozilik bildirmasdan tanovul qilasan. Uy qurilishida xonadon egasi qanday xomashyo olib kelsa, shuni ishlatasan. Shartnoma tuzilgan holatdan tashqari ishlab berish o‘zingning himmating. Ishni tugatib, xayrlashib ketayotganda uy egasi bilan rozi-rizolashasan. Shu xonadondagi shartnomaga kirmagan boshqa joyni qurib yoki ta’mirlab bersang juda a’lo ishni bajargan bo‘lasan. Ishingni tasmiya aytish bilan boshlasang ishingda baraka inadi.
Ana shunday o‘gitlar asosida tarbiyalangan shogirdlardan Alijon Ahmedov, Siddiqjon Qurbonov, aka-uka Yoqubjon va Komiljon Mamajonovlar katta ustaning yo‘lidan borib el olqishiga, rizosiga erishdilar. Shogirlar ustoz-shogirdlar an’anasini chiroyli davom ettirdi. O‘z navbatida o‘zlari ham shogirdlar tayyorlab kelmoqda. Kimki shogird sifatida yetishib, hamma hunar va qoidalarni o‘zlashtirib ustozidan fotiha olsagina ishida unum bo‘ladi. Shogirdga fotiha berishning an’anaviy usulini Egamberdi Qurbonovning shogirdlari bilan muomalalarida kuzatganmiz. Yetuk shogird fotiha olishdan avval oqsoqollar davrasiga chaqirtirilgan. Keyin unga belbog‘ o‘ratish marosimi o‘tkazilgan. Katta usta belbog‘ bog‘lagach, o‘sha yerda hozir bo‘lgan va uni tan olgan taniqli kishilar ham belbog‘ bog‘laganlar. Keyin shogirdning haqiga duo qilingan.
Belbog‘ning xalq tabobatida ham o‘rni beqiyos. Fiziolog mutaxassislar inson organizmidagi asosiy tayanch nuqta deb bel sohasini bilishadi. Barcha hayotiy kuchlar – energiya asosan bel qismdan taqsimlangani uchun donishmand ota-bobolarimiz hamisha belbog‘ bog‘lab yurganlar. Bularning hammasi ota-bobolarimizdan meros qolgan. Shogirdga belbog‘ bog‘lash an’anasi Kaykovusning “Qobusnoma” asarida ham mukammal yoritilgan.
Albatta, biz zikr etayotgan amaliy misollar, odoblar va belbog‘ timsoli ustozlar haqini ado qilish, sodiq bo‘lish kabi ezgu amallarni talab etadi.
Hamidjon OMONOV,
mehnat faxriysi