Sog‘liqni saqlashda samarali hamkorlik

Keksalarimiz qo‘lini duoga ochib, barchaga tani sihatlik, tinchlik-totuvlik so‘raydi. Ushbu niyat bejiz qilinmaydi. Har bir inson hayoti farovon, farzandlarining sog‘-salomat ulg‘ayib, yurtiga kamarbasta inson bo‘lishini orzu qiladi. Zero, odamning tani sog‘, oilasi tinch, ertangi kunga umid va ishonchi mustahkam bo‘lsa, ishida unum va baraka bo‘ladi.

Mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan izchil ishlar ushbu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi qator xalqaro hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hukumatimiz qarorlari hamda davlat dasturlari ijrosini ta’minlash maqsadida bemor bolalarni sog‘lomlashtirish yo‘lida ko‘plab loyihalarni hayotga joriy etmoqda. Xususan, o‘tgan yillar mobaynida ushbu tashkilot tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Germaniyaning “Friedensdorf international” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda tug‘ma yurak kantrakturalari nuqsoni, qo‘l, oyoq, bo‘g‘imlar, yuz-jag‘ sohasining tug‘ma nuqsonlari bilan xastalangan bemor bolalarni bepul sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirayotgan qo‘shma loyihalari bunga misoldir. Qolaversa, fond uzoq yillardan buyon Koreya Respublikasidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar va universitetlar bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirayotir.

Ushbu xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilning 18-23 yanvar kunlari Koreya Respublikasi “Ewha Womans University” gospitalining malakali shifokorlari respublikamizdagi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Tibbiy-ijtimoiy markazida bo‘lib, 402 nafar fuqaroni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, ayni paytda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida aholiga samarali tibbiy yordam berib kelinmoqda. Ixtisoslashtirilgan bo‘limlarda mijozlarga tezkor, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun qulay sharoit yaratilgan. So‘nggi rusumdagi zamonaviy diagnostika jihozlari har qanday kasallikni bir zumda aniqlab berayotir.

Ushbu markazda “Ewha Womans University” gospitalining 19 nafar malakali urolog, kardiolog, pediatr, oftalmolog mutaxassisi bemor bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar. Unda sohaning dolzarb muammolari, tibbiyot xodimlari oldidagi maqsad va vazifalar, kasalliklarni davolashning yangicha uslublari haqida klinika xodimlariga ma’ruzalar o‘qildi. Ikki davlat tibbiyot xodimlari o‘rtasida fikr almashildi.

– “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi taklifiga binoan o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda davolash amaliyotlarini olib bordik. Ushbu klinikada asosan yurak va buyrak kasalliklari bilan og‘rigan bemor bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik, – deydi “Ewha Womans University” gospitali professori, kardiolog Park Siun. – Yurtingizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotganining guvohi bo‘ldik. Bu mazkur tibbiy-ijtimoiy markazning barcha zamonaviy tibbiy jihozlar va asbob-uskunalar bilan ta’minlanganida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston bilan mazkur yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorligimiz izchil mustahkamlanib borayotganidan mamnunmiz.

Yana o‘qing:  FUTBOLCHI QIZLAR SAFI KENGAYMOQDA

Darhaqiqat, ana shunday xayrli ishlar natijasida O‘zbekiston nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan tuzilgan jahon reytingida bolalar salomatligini mustahkamlash borasida katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan eng ilg‘or o‘n mamlakat qatoriga kiritildi. Zero, sog‘lom va barkamol farzand nafaqat oilaning, balki butun jamiyatning bebaho boyligidir.

– Yurtimizda aholi salomatligi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, istiqlol yillarida bu borada ko‘pgina e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Tibbiy-ijtimoiy markaz raxbari Adham Usmonov. – Oilalardagi ijtimoiy sharoit va psixologik muhit o‘rganilib, tegishli amaliy yordamlar ko‘rsatilayotir. Ushbu sa’y-harakatlar samarasida aholining reproduktiv salomatligi mustahkamlanib borayotir. Hamkorligimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham aslida shu.

Amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar samarasida bolalar urologik kasalliklarining keskin kamayishiga erishilmoqda. Natijada jismoniy va ma’naviy barkamol avlod voyaga yetayotir.

– O‘g‘lim Usmonjon olti yoshda. Uning eshitish sohasidagi nuqsoni borligi sababli ushbu ko‘rikka keldik, – deydi poytaxtimizning Yashnobod tumanidan kelgan Dilnoza Musayeva. – Xorijlik shifokorlar unga uzoq muddatli muolaja tayinlashdi. Ushbu muolajani o‘z vaqtida olib borsak, o‘g‘limning eshitish qobiliyati tiklanar ekan.

Ertaga Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Ariran” qariyalar uyida ushbu xayrli ish davom ettiriladi.

N.NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: