XALOSKOR
Bugungi kunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida o‘z ishiga sadoqatli, professional mutaxassislar mehnat qilmoqda. O‘zgalar dardiga befarq odam hech qachon qutqaruvchi bo‘lolmaydi. Chunki, qutqaruvchilik – bu oddiy kasb emas, balki inson hayotini saqlab qolish uchun o‘zini qurbon qilishga, jasorat ko‘rsatishga hamisha tayyor turish demakdir”. Yurtboshimizning O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilganligining 15 yilligi munosabati bilan tizim xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlangan yuqoridagi fikrlar bugun soha vakillarining yurak-yuragiga singib ulgurgan.
Hozirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi (FVDT) hamkorligida yurtimizda tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlar xavfi mavjud hududlarni o‘rganish, monitoring qilish, bashoratlash, xavflarni kamaytirish, oldini olish, sodir bo‘lganda oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish borasida samarali tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan joylarda o‘tkazilayotgan qator profilaktik tadbirlar, seminar va uchrashuvlar, anjumanlar, Fuqaro muhofazasi kunlari, Qutqaruvchilar musobaqalari, qo‘mondonlik-shtab, taktik-maxsus, ko‘rgazmali o‘quv mashg‘ulotlari fikrimiz tasdig‘idir.
Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB) Qutqaruv otryadi qidiruv-qutqaruv guruhi qutqaruvchisi, “Shuhrat” medali sohibi Zuhriddin Yusupovni ham ana shunday xaloskorlar sirasiga kiritish mumkin.
Qahramonimiz 1965 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1983 yilda Namangan shahridagi 136-sonli hunar-texnika bilim yurtini tamomlagan. FVV tizimida o‘n sakkiz yildan beri xizmat qilib keladi.
U tizimdagi xizmat faoliyatini 1997 yil dekabr oyida Namangan viloyati FVB Namangan shahar FV bo‘limida haydovchi vazifasidan boshlagan. Mana, necha yildirki, o‘tgan vaqt oralig‘ida u boshqarma Qutqaruv otryadida po‘latdek toblandi. Safdoshlari bilan necha-nechalab favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf qildi. Qanchalab insonlarga umid va ishonch bag‘ishladi. Qator shogirdlarni tarbiyaladi. Boshqarma jamoasining faxriga aylandi.
– Qutqaruvchi Zuhriddin Yusupov barchamizning ustozimiz. Ular boshqarmada ko‘p yillik tajribaga ega qutqaruvchi sifatida munosib hurmat-e’tibor qozongan. O‘z ishiga doimo talabchan, safdoshlaridan ham shuni talab qiladi. O‘zining qimmatli maslahat va tavsiyalarini hech qachon ayamaydi. Tashkiliy tadbirlarda hamisha faol tashkilotchi va tashabbuskor xodim , – deydi viloyat FVB Qutqaruv otryadi komandiri katta leytenant Umid Shorustamboyev.
Darhaqiqat, uning g‘oyat mashaqqatli, xayrli va savobli xizmat faoliyati 2009 yilda Yurtboshimiz farmoniga asosan “Shuhrat” medaliga munosib deb topildi.
– Bu mening emas, balki men bilan birga, yonma-yon turgan qutqaruvchi ukalarim, do‘stlarimning jasorati, boshqarmaning barcha fidoyi xodimlari faoliyati uchun berilgan yuksak baho, – degandi o‘shanda qahramonimiz. – Bu e’tibor barchamizni yanada shijoat bilan ishlash, el-yurt manfaatlari uchun bor kuch-imkoniyatlarimizni safarbar etish sari undaydi.
Ha, bunday ezgu niyatli insonlarning bosib o‘tgan xayrli yo‘llariga havas ko‘zi ila boqar ekanmiz, ularni chinakamiga jasorat sohiblari, matonatli Vatan himoyachilari, deya atagimiz keladi.
Shunday ekan, yaqinlashib kelayotgan 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida ularga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik doimo yor bo‘lishini chin yurakdan tilaymiz.
Dilshod RAJABOV,
Bahodir VALIYEV