Buvimning duolari meni qo‘llaydi
Buvim shu yil yozda 90 yoshni qarshilaydi. Buvimning tug‘ilgan sanasini aniq bilmayman-u, ular doim “…Onamning aytishicha, men ayni qovun pishig‘ida tug‘ilgan ekanman”, – deya kulib qo‘yadi. Buvimning anu shu “qovun pishig‘ida tug‘ilganman…”, degan so‘zini faxr bilan aytishining o‘zida shu tug‘ilgan yurtga, kindik qoni to‘kilgan tuproqqa bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati, sadoqati ufurib turganini ajin bosgan nurli yuzlaridan, xira tortib qolgan ko‘zlarining ma’noli boqishlaridan uqib olgandek bo‘laman.
O‘sha paytlarda, ayni bolalik davrimizda buvimning biror to‘y yoki marosimdan “nabiralarimga” deb ilinib, yengining barida tugib keladigan xo‘rozqand, qurt yoki bir bo‘lak holva bizga shu qadar tansiq va qadrli tuyulardiki, hozir eng sarxil yegulikni totinganimda ham o‘sha ta’m va mazani topib bo‘lmasligini tushunaman. Chunki, o‘sha shirinliklarda buvimning qaynoq mehr-muhabbati, yoshlikning sargashta lahzalarining betakror mazasi qo‘shilgan bo‘lsa, ajab emas.
Ayni paytda, voyaga yetib, o‘qib, hozirda poytaxtda yashayotgan bo‘lsamda, mudom sho‘x-shodon bolaligimni, buvimning serajin, mehr balqib turgan yuzlarini, uning dasturxon boshida qo‘l ochib o‘qigan uzundan-uzoq duolarini yodga olaveraman. “…Nasibangizni qayerdan termang, sog‘-omonlikda, orqamda qolib yuringlar. Olganingiz oltin bo‘lsin! Ko‘pning qatorida turinglar. Kattaga hurmatda, kichikka izzatda, yurtda ardoqda bo‘linglar, bolalarim!…”
Buvim va rahmatli bobomning mustajob duolarining ijobati ila akam va men poytaxtda yashab, yolg‘iz onamning yordami va g‘amxo‘rligida o‘qib, bilim oldik, kasb egalladik. Ayni damda men poytaxt markazidagi nufuzli gazetalardan birida sahifalovchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatib, ahil jamoamiz va tajribali rahbarimizning ko‘rsatma va topshiriqlarini o‘z vaqtida ado etishga, ulardan ibrat olishga harakat qilib kelyapman.
Biz baxtli farzandlarmiz, omadli yoshlarmiz. Chunki, davlatimiz rahbarining biz yoshlarga ko‘rsatayotgan cheksiz g‘amxo‘rligi, ilm olishga, kasb-hunar o‘rganishga, erkin mehnat qilishga, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun biz yoshlarga barcha shart-sharoit va keng imkoniyatlarni yaratib berayotgani shu yurtda yashayotgan har bir insonning yuragida faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otib, shu ona Vatanga munosib farzand bo‘lishga undaydi.
O‘qigan sari yana o‘qiging, izlanging, javlon urib mehnat qilging keladi. Bundan tashqari, yaqinda muhtaram Prezidentimizning taklifi bilan joriy 2015 yilning “Keksalarni e’zozlash yili” deb nomlangani yana bir muhim va quvonchli voqea bo‘ldi. Chunki, bu so‘zlar biz yoshlarga keksalarni hurmat qilish, ularning og‘irini yengil qilib, e’zozlash, qadrlash, qimmatli o‘git va nasihatlariga quloq tutish hamda ularga munosib farzandlar bo‘lib voyaga yetish mas’uliyatini yuklaydi.
Demak, olis tuman yoki viloyatlarda bir yilda bir yoki ikki marta zo‘rg‘a xabar oladigan farzandlarining diydorini sog‘inib, yo‘liga intizor ko‘z tutayotgan bobo-buvilarimiz, ota-onalarimiz va yaqinlarimizning jamoliga tez-tez musharraflikka, ularning sog‘inchu quvonchlariga sherik bo‘lishga, ularga qisqagina vaqtli diydorimizni, lahzalik baxtli onlarni hadya etishga shoshilaylik!
Men ham bu yilgi rejalarim qatorida avvalo viloyatda bizni, ya’ni doimo onam va akamni sog‘inib kutadigan, biz uchun azizu mukarrama bo‘lgan, to‘qson bilan to‘qnashayotgan qadrli buvijonim – Musharram ayaning mustajob duosini, beminnat o‘gitlarini olishga, issiq bag‘ri va mehridan bahramand bo‘lishga ahd qildim. Chunki, bu so‘zlar yuragim tubida yotgan sog‘inchlarni, mehr-oqibat tuyg‘ularini olovlantirib yubordi, o‘zligimni anglashga da’vat etdi. Bir vaqtlar buvim bizga ilingan totli yeguliklar evaziga o‘z mehnatim bilan topgan maoshimdan tansiq taomlar bilan siylash istagini uyg‘otdi.
Istagim, barcha keksa va nuroniylarimiz, uyimizning farishtasi bo‘lgan otaxon va onaxonlarimiz biz yoshlarning baxtiga doimo sog‘ va omon bo‘lishsin!
Laziz MEYLIKOV