Musaffo g‘oyalar bilan ulg‘aygan navqiron avlod

Muborak mustaqillikning qutlug‘ 23 yilligini keng nishonladik. Ona O‘zbekiston ham istiqlolning xush epkinlaridan bahramandlikda kundan-kun chiroy ochib bormoqda. O‘tgan yillar ichida shahar-qishloqlarimiz tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Beqiyos ilmi bilan dunyo tamadduniga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘larimiz, allomalarimiz tug‘ilib o‘sgan go‘shalar obod manzillarga aylandi. Hamon bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Yurtimiz taraqqiyot sari yuz burgan. Bularning bari mamlakatimizdagi barqarorlik, tinchlik va osudalik tufaylidir.

Istiqlolning ilk kunlaridanoq uni himoya qilishga qodir bo‘lgan qudratli Qurolli Kuchlarni tashkil etishga kirishildi. Qisqa fursat ichida o‘ta murakkab bo‘lgan bir sharoitda zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlangan, ixcham, tezkor, har qanday tashqi tajovuzga munosib zarba bera oladigan, mustaqillikning mustahkam qalqoni bo‘lgan professional asosdagi milliy armiya tuzildi. Uning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Milliy armiyamiz millatning eng yaxshi an’analari va qadim qadriyatlarini o‘zida aks ettirgan. Harbiy xizmatning nufuzi ham yuksaldi. Endilikda Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilish mamlakatimiz yoshlari uchun tom ma’noda shon-sharaf ishiga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida shunday ta’kidlaydi: “O‘z kindik qoni to‘kilgan, ota-bobolari xoki yotgan Ona yurtni dunyoda tengsiz, muqaddas Vatan deb biladigan odamning maqsad-muddaolari aniq, g‘urur va iftixori yuksak bo‘ladi.

Vatan ravnaqi, avvalo uning farzandlariga, ularning ma’naviy va jismoniy kamolotiga bevosita bog‘liq. Bu o‘z navbatida har bir yurtdoshimizning zimmasidagi yuksak fuqarolik mas’uliyatini his etishga, o‘z manfaatlarini shu yurt, shu xalq manfaatlari bilan uyg‘unlashtirib yashashga da’vat etadi. Va har qaysi fuqaro o‘z mamlakatining xalqaro hamjamiyat safidan munosib o‘rin olishi, bugungi kunda taraqqiy topgan tinch va badavlat yashayotgan davlatlar qatoriga ko‘tarilishidan manfaatdor bo‘lishi shubhasiz.

Ha, bugun Qurolli Kuchlar safida konstitutsion burchini o‘tayotgan yoshlar o‘z taqdirlarini Vatan taqdiri bilan chambarchas bog‘liq holda ko‘radilar. Ular mustaqillikning musaffo g‘oyalari bilan ulg‘aygan navqiron avloddir. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishasiz.

BUG‘DOYZORLAR ShOVURI

Bo‘ylari baland, askarlik kiyimida yanada ko‘rkam ko‘rinadigan bu yigit so‘zlashganida qalbidagi samimiyat ko‘zlariga kulgu bilan qalqib chiqadi. Va shu holatda suhbatdoshining ko‘nglidan joy oladi.

Oddiy askar Shohruh Qo‘chqorov dastlabki kunlardanoq harbiy bilim va ko‘nikmalarni qunt bilan egallashga intildi. Albatta, harbiy xizmatning o‘ziga yarasha murakkab tomonlari ham bor. Bu qiyinchiliklarni sabot bilan yenggan askarning irodasi toblanadi, mahorati oshadi. Shohruh mehnatkash yigit. Aynan shu fazilati tufayli uncha-muncha qiyinchiliklarni pisand qilmaydi. Ayni damda qizg‘in kechayotgan o‘quv mashg‘ulotlarida faolligi bilan safdoshlariga o‘rnak bo‘lmoqda. Namunali xulqi tufayli ko‘pchilikning hurmatini qozongan. Uning xatti-harakatlarida sharafli kasbga bo‘lgan ayricha muhabbatni ilg‘ash qiyin emas.

Yana o‘qing:  Bolalar manfaati – doimiy himoyada

Yurtimiz tabiati g‘aroyibotlarga juda boy. Toshlar bag‘rini tilib chiqadigan zilol suvlar, sharsharalar, yosh bola qo‘li bilan tebratsa bo‘ladigan mo‘jizali ulkan xarsangtosh… bularni aytgan bilan ado qilib bo‘lmaydi. Askar yigit ham ana shunday go‘zal maskanlardan biri – tog‘ bag‘ridagi Sovruk qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. Ma’lum-u mashhur Qo‘ytosh ziyoratgohi ham shu yerda joylashgan. Keling, bular haqida uning o‘zidan eshitaylik:

– Sovruk juda chiroyli qishloq. Ayniqsa, bahorda yanada yashnab ketadi. Afsonaviy Qo‘ytosh etaklarida o‘sib-ulg‘ayganman. Aytishlaricha, bir zamonlar shu atrofda qo‘y boqib yurgan kampirni yovuz sehrgar toshga aylantirib qo‘ygan ekan. E’tibor berib qarasangiz, atrofdagi toshlardan biri kampirga, qolganlari qo‘ylarga o‘xshaydi. Shu sabab nomi ham o‘ziga munosib – Qo‘ytosh. Men bu yerlarni juda yaxshi ko‘raman. Otam bilan birga ishlaydigan bug‘doyzorlar ko‘z o‘ngimda turadi…

Ha, u keng dalalar farzandi. Ko‘ngli ham dalalar kabi ochiq, keng.

Qishloqda bu oilani hurmat bilan tilga oladilar. Jahongir aka fermer xo‘jaligini boshqaradi. 50 gektar yerda g‘alla ekinlari yetishtiradi. Bundan tashqari, chorvachilik bilan ham shug‘ullanadi.

– Bunday ishlarni bir kishi eplashi qiyin, – deydi biz bilan suhbatda Shohruh Qo‘chqorov. – Qishloqda yashaydigan insonning qo‘lidan hamma ish kelishi kerak. Biz aka-ukalar hamisha otamga yaqin ko‘makchi bo‘lganmiz. Hammamiz traktor, yuk mashinalarini boshqarishni erta o‘rganganmiz. Texnikalarsiz fermer xo‘jaligini yuritib bo‘lmaydi, axir.

– Muddatli harbiy xizmatga chaqirilishingiz otangizni qiyin ahvolda qoldiribdi-da, – deb so‘radim askar yigitning so‘zini bo‘lib.

– Aslo, otamning atrofida yordamchilar ko‘p, – deydi o‘sha-o‘sha samimiyat bilan Shohruh. – Ukam Suhrobning ham qo‘lidan ancha-muncha ish keladi. Muddatli harbiy xizmatga munosib topilganimda hammadan ham ko‘proq otam suyungan. “Bolalarimga ishonaman”, degan so‘zlarining o‘zidanoq ruhlanamiz. U kishi bizni bolalikdan mehnat qilishga o‘rgatgan. Yerga mehr ko‘rgazganni yer ham saxovat bilan siylashini bolalikdan bizga uqtirib keladi. Biz aka-ukalarga otamning yonlarida bo‘lib, turli yumushlarni bajarish yanada shijoat bag‘ishlardi.

Ha, Shohruhning qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q. U muddatli harbiy xizmatga qadar G‘allaorol Transport kasb-hunar kollejida tahsil oldi. Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida haydovchilik kursini tamomladi. O‘rganganlari harbiy xizmatda ham asqotmoqda. Kelajakda u ichki ishlar xodimi bo‘lishni orzu qiladi. U qaysi kasbda bo‘lmasin, yurt uchun fidokorona xizmat qilishiga ishonamiz.

Yana o‘qing:  Salomatlik posbonlari yana safarda

ShARAFLI KASBGA MEHR

Oddiy askar Mirasil Mirsiddiqov muddatli harbiy xizmatga qadar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabida murabbiy bo‘lib ishlagan. Yosh bo‘lishiga qaramasdan shogirdlari bilan tez til topishdi. Bunda, albatta, murabbiyning sportda erishgan yutuqlari ham muhim ahamiyat kasb yetgan bo‘lsa, ajab emas. U 2011-2012 yillarda kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida faxrli 2-3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.

Mirasil Chirchiq Olimpiya zahiralari kollejida tahsil olgan. Mamlakatimizning bir qator taniqli sportchilari mazkur o‘quv dargohida ta’lim olganlar. Yosh murabbiy o‘z faoliyatida ustozlar o‘gitiga amal qilishga intildi.

– Bolalar ko‘ngliga yo‘l topish oson emas, – deydi biz bilan suhbatda Mirasil Mirsiddiqov. – Ayniqsa, ulardan besh-olti yosh farqing bo‘lsa, yanada qiyin. Dastlabki kunlarda ustozlar ko‘magiga tayandim. Ammo har doim ham shunday davom etishi mumkin emas. Mustaqil ravishda nimalarga qodir ekanligingni ko‘rsata bilish kerak. Xullas, bor imkoniyatimni ishga soldim. Bolalar menga ishondilar. Men esa ularning ishonchlarini oqlashga intildim. Shogirdlarim orasida umidli yoshlar talaygina: Mirsaid, Jasur, Solijon kabi iste’dodli kurashchilar kelajakda xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladigan shijoatli sportchilar bo‘lib yetishadilar, degan umiddaman.

Ha, u yosh bo‘lishiga qaramasdan shogirdlar ham tayyorlashga ulgurgan. Ayni kunda ham harbiy jamoaning eng ilg‘or posbonlari safidan joy olgan. Sport musobaqalarida uning ishtirokini qizg‘in olqishlar bilan kutib oladilar.

– Harbiy xizmatsiz hayotim kemtik bo‘lib qolar edi, deb o‘ylayman, – deydi sport ustasi oddiy askar Mirasil Mirsiddiqov. – Bu yerda barcha shart-sharoitlar bor. Sport shaharchasi, sport zalida istalgan sport turi bilan shug‘ullanish imkoni bor. Men mutolaa qilishni yoqtiraman. Ayniqsa, detektiv asarlarni sevib o‘qiyman. Kutubxonamizda bunday asarlar serob. Uyda ham kattagina kutubxonamiz bor. Undan o‘zimga tegishli bo‘lgan ayrim kitoblarni harbiy qism kutubxonasiga sovg‘a qilish niyatim bor. Bu yerda o‘tgan qisqa fursat ichida sharafli kasbga yanada mehrim oshdi. Qat’iy qarorga keldim. Hayotimni armiya bilan bog‘lashga ahd qildim. Ota-onam ham bu qarorimdan mamnun ekanliklarini bildirdilar.

SPORTCHILAR GURUHI

– Jamoamizni sportchilar guruhi, desak xato bo‘lmaydi, – deydi biz bilan suhbatda oddiy askar Bekzod Nazarchayev. – Guruh komandiri serjant Qahramon Otaqulovning o‘zi jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha harbiy jamoada yetakchilardan sanaladi. Biz undan o‘rnak olamiz. Muddatli harbiy xizmatga qadar kikboksing bilan shug‘ullanganman. Sport bilan shug‘ullanganligim harbiy xizmatda menga juda qo‘l keldi. E’tiborli tomoni shundaki, bu yerda sportning istalgan turi bilan shug‘ullanib, mahoratingni yanada oshirishing mumkin.

Yana o‘qing:  OILADAGIDEK MUHIT, RISOLADAGIDEK TA’LIM-TARBIYa

Bekzod ham ko‘plab tengdoshlari qatori muddatli harbiy xizmatga munosib bo‘lish uchun astoydil harakat qildi. Shu maqsadda mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida haydovchilar tayyorlash kursida tahsil oldi. Jiddiy sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Vatan himoyachisi degan yuksak maqomga sazovor bo‘ldi.

– Bolaligimdan harbiy bo‘lishni orzu qilaman, – deydi Bekzod Nazarchayev. – Qibray tumanining Baytqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilib o‘sganman. Qishlog‘imizdan sharafli kasb etagini tutgan bir nechta inson bor. Ularga hamisha havas qilganman. Muddatli harbiy xizmatni orzularim yo‘lidagi dastlabki ulkan qadam deb bilaman. Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida o‘qishni juda istayman. Ayrimlar bu intilishimni havoyi orzularga yo‘yishgan edi: haqiqiy harbiy xizmatni ko‘rganingdan keyin, bu haqda o‘ylashni ham istamay qolasan, deyishgan. Ammo ular o‘ylagandek bo‘lmadi. Biror kasbga mehr qo‘ysang, uning qiyinchiliklari haqida o‘ylamaysan. Bu mening yo‘lim, mening qarorim. Bu yerda kunlar juda sermazmun, qizg‘in kechadi. Ayniqsa, shu kunlarda o‘quv mashg‘ulotlari qizg‘in pallaga kirgan. Biz jamoamiz bilan bir yoqadan bosh chiqarib, Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganligining 23 yilligini jangovar yutuqlar bilan munosib kutib olishga ahd qilganmiz.

Ha, bugun ularning har biri ko‘ngillarida qutlug‘ niyatlar bilan ona Vatan oldidagi farzandlik burchlarini o‘tashmoqda. Ayrimlari hayotlarini armiya bilan bog‘lashga ahd qilishgan, ayrimlari boshqa sohalarda xizmat qilib, yurt taraqqiyoti va farovonligiga o‘z hissalarini qo‘shishni maqsad qilganlar.

Inobat IBROHIMOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: