MTMda BAYRAM ShODIYONASI
Yashnaobod tumanidagi 531-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida tashkillashtirilgan bayram kechasi haqiqiy shodiyonaga aylandi.
Mazkur bayramda har bir guruh kichkintoylari o‘ziga xos chiqishlari bilan ishtirok etdi. Ayniqsa, tarbiyachi Shahlo Erkaboyeva guruhidagi bolajonlarning ajoyib chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Unda bolajonlar tarbiyachilari bilan ertak qahramonlari siymosida turli sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi. Birgalikda ijro etilgan kuy-qo‘shiq va raqslar orqali bolajonlar ona Vatanga muhabbat, do‘stlik, ezgulikni kuylashdi.
– Bolalik olamida o‘tgan har bir xursandchilik go‘dakning qalbida bir umrga muhrlanib qoladi, – deydi muassasa mudirasi Farida Jo‘rayeva. – Shuning uchun muassasamizda faoliyat olib borayotgan tarbiyachilar bolajonlar bilan har bir bayramga alohida tayyorgarlik ko‘rishadi.
Muassasada o‘tkazilgan bayram kechasi ko‘tarinki ruhda o‘tkazilib, bolajonlar tarbiyachilari bilan birgalikda kuy-qo‘shiqlar ijro etib, bayram kechasida yig‘ilganlarga yaxshi kayfiyat ulashdi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri