Yil quvonchlari (2015/1)
Asadbek SOLIJONOV,
V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan
musiqa akademik litseyi o‘quvchisi
– 2014 yilda Gretsiyada bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston Mustaqilligi kunlari”da “Meros” jamoamiz bilan qatnashdim. Uch ming nafar tomoshabinga konsert berib, o‘zbek mumtoz qo‘shiqlarini kuylab, olqishlar oldim. Diplom bilan mukofotlandim. Angliya, Italiya, Fransiya elchixonalaridan mehmonlar ishtirok etdi. Ular konsertdan keyin yonimga kelib, yana kuylashni va jonli ijro etishimni iltimos qildilar. Tomoshabinlar bizning milliy liboslarimizga ham yuqori baho berdi. Boshqa mamlakatlardan kelgan tengdoshlarimizga o‘zaro esdalik sovg‘alari taqdim etdik, do‘stlar orttirdik. Ayniqsa, Gretsiyaning “Sertaki” musiqasini ansamblimiz jamoasi milliy cholg‘u asboblarida chalib eshittirganimizda tomoshabinlarning o‘rnidan turgancha – “Bravo, bravo!” degan olqishlari anchagacha jaranglab turdi.
Ana shunday damlarda bizning mustaqil yurtimizga ko‘z tegmasin, degim keladi.