YAXShILAR KO‘MAGI BILAN
Buxorolik 5 yoshli Zaynuraning salomatligi tiklandi
– Sen Yangi yilda nima sovg‘a olishni xohlaysan, – boladan so‘raydi Qorbobo.
– Shokolad, shirinliklar va ko‘p o‘yinchoqlarim bo‘lishini xohlayman, – javob
beradi bola va qo‘shimcha qiladi, – eng asosiysi dadam qaytib kelishini istayman.
– Dadang uzoqdami?, – savol beradi Qorbobo.
– Hmmm…
Oilaviy bag‘ri butunlik, tinch va totuv, osoyishta turmush kechirish mahzun qiyofadagi bolakayning mitti yuragida ulkan orzu ekanini anglaysiz. Filmda aks etgan kichik lavha tomoshabinni hayot haqida mushohada yuritishga undaydi.
Bu kichkintoyning otasiga bo‘lgan mehri, sog‘inchining tasviridir. Ammo ota-onaning farzandiga izhor qilajak mehrini tasvirlash mushkul.
Bola – hayot quvonchi, baxtning doyasi. U bor xonadon charog‘on, sohiblari qalbi esa shirin orzu-o‘ylarga kamarbasta bo‘ladi. Farzandi dardga chalinib qolsa-chi? Ko‘ziga olam tor ko‘rinadi. Dilbandining og‘ir xastalikka chalinib, murg‘ak vujudini qamrab olgan og‘riqlar bilan kurashayotganini jim kuzatib turish, ilojsizlik va ojizlik iskanjasida kun ko‘rishning o‘zi bo‘ladimi?!
Buxoro shahrida istiqomat qilayotgan ayni paytda o‘ttiz uch yoshni qarshilagan ikkinchi guruh nogironi Hamid Shokirov va uning rafiqasi, Zamira Abdullayeva qizi Zaynura tug‘ilganida behad quvongandi. Uning kelajagi haqida shirin orzular, niyatlar qilgandi. Biroq, go‘dak olti oylik bo‘lganida shifokorlar uni og‘ir xastalik – yurak nuqsoni bilan tug‘ilganini aytishdi. Bir lahzada yosh ota-onaning ko‘zlariga dunyo qorong‘u bo‘ldi. Er-xotinning oldida bir savol turardi: Endi nima qilamiz? Qizchaning ahvoli kun sayin og‘irlashib borar, oila a’zolarining dardi esa ortgandan ortardi. “Chiqmagan jondan umid”, deganlaridek, Zaynuraning bobosi Hakim Shokirov “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Buxoro viloyat filialiga murojaaat qildi. 2013 yil fondning homiyligi bilan qizaloq yurak sohasida jarrohlik operatsiyasini boshdan kechirdi. Ahvoli biroz o‘nglandi. 2014 yil – Sog‘lom bola yili munosabati bilan Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan bir guruh tajribali shifokorlar Zaynurani yana tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. So‘ngra “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining ko‘magi bilan u Ukrainaga davolanish uchun yuborildi.
Nabirasi bilan Kiyevdagi Kardiologiya markaziga yo‘l olgan Hakim akaning ko‘nglida bir istak bor edi: “Ilohim, nabiram tuzalib ketsin. Ota-onasining oldiga o‘z oyog‘i bilan yurib borsin”.
Ukrainada Zaynura obdon tibbiy tekshiruvdan o‘tdi. Shifokorlar davo muolajalarini qo‘lladi. Hakim akaning esa ko‘ngli bezovta…
O‘yga tolasan, jonajon xalqimiz kabi farzandi uchun jonini ham fido qilishga uning sog‘lig‘i, baxtiyor yashashi uchun bor imkoniyatini ishga solishga tayyor el bormikan?!
– Shifokorlar nabiramni operatsiya qilishini aytishganda yuragimda og‘riq paydo bo‘ldi, – deydi Zaynuraning bobosi. – Endigina besh yoshni qarshilagan murg‘ak vujud ko‘zim oldida yashash uchun kurashga chog‘langandi. Uning ko‘zlaridagi ilinj, hayotga bo‘lgan muhabbatni ilg‘ab olish qiyin emasdi. Eng muhimi, u farzandimning yolg‘izgina jigargo‘shasi, ovunchog‘i. Shularni o‘ylarkanman, ko‘zimdan yosh shashqator oqar, nabiramdan yuzimni berkitib “ho‘ng-ho‘ng” yig‘lar edim. Zaynura esa ota-onasini sog‘inganini, qachon uyga qaytishini so‘rashdan to‘xtamasdi. Uni operatsiyaga olib kirib ketganidagi holatimni so‘z bilan tasvirlab berolmayman. Shifokorlar nabiramning yuragi urishdan to‘xtab qolganini aytganda, ko‘zimning oldi qorong‘ulashib, qulog‘im bitib qoldi. Shu turishda hushimdan ketibman. Ko‘zimni ochsam shifokorlar yurak xurujini o‘tkazganimni aytishdi. Xayolim esa nabiramda edi. Mo‘jiza ro‘y berib Zaynuraning yuragi yana ura boshlabdi. U shifokorlarning ko‘magi bilan hayotga qaytdi. To‘qqiz yarim soat davom etgan operatsiyada yuragiga biostimulyator o‘rnatildi. Hozir salomatligi yaxshi, sog‘lom bolalardan qolishmaydi. Men nafaqada, o‘g‘lim ikkinchi guruh nogironi, kelinim uy bekasi. Agar Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda bolalarning salomatligiga shu darajada e’tibor qaratilmaganida, bilmadim, hozir nabiramning taqdiri nima bo‘lardi?! Oilamiz quvonchi – farzandimizning salomatligi tiklanishida biz kabi qayg‘urgan, beminnat xizmat ko‘rsatgan hukumatimiz va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi jamoasiga minnatdorlik izhor etaman…
Bayram arafasida Ukrainadan Ona yurtimizga qaytgan Zaynuraxonni suhbatga tortamiz:
– Yangi yil bayramida Qorboboni kutyapsanmi, undan nima so‘raysan?
– Men undan ko‘p shirinliklar, o‘yinchoqlar so‘rayman, – quvnoqlik bilan javob beradi u va qo‘shimcha qiladi, – eng asosiysi, ota-onam, bobom hech qachon yig‘lamasin!..
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri