Yangi yilni yangi uyda nishonlaymiz
Navoiy viloyati Uchquduq tumanida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining shimoliy kon boshqarmasi tomonidan yosh oilalar uchun qurilgan ko‘p qavatli, 48 xonadonga mo‘ljallangan uy-joy foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, xususan, yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Yangi uyga ega bo‘lganlar orasida shimoliy kon boshqarmasida samarali mehnat qilib kelayotgan Ortiq Fayzullayev ham bor. Tadbirda uning oilasiga ham ikki xonali uyning kaliti topshirildi.
– Zamonaviy loyiha asosida qurilgan yangi uyimizning xonalari, ayniqsa, oshxonada yaratilgan shart-sharoitlar menga juda ma’qul keldi, – deydi Ortiqning turmush o‘rtog‘i Mahbuba Mullayeva. – Shaharnikidan aslo qolishmaydigan qulayliklarga ega uyda yashash kishining kayfiyatini ko‘tarib, hayotga qiziqishini yanada oshiradi. Farzandlarimizning sog‘lom va komil bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi. Yangi yilni yangi uyda qarshi olamiz. Yosh oilalarning hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda yashab va mehnat qilishi uchun barcha sharoitni yaratib berayotgan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
N.RAHIMOV,
O‘zA muxbiri