YUZ BILAN YUZLASHIB YASHASH SAODATI

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi “Beshbuloq” mahallasida istiqomat qiluvchi 102 yoshni qarshilagan Tojixol buvi Jumaboyeva ana shunday piru badavlat onaxonlardan. Eng qizig‘i, qutlug‘ yoshli momoning opasi Qambar buvi 105 yoshga to‘ldi. O‘g‘li Bo‘riboy bobo 85 yoshni qoraladi.

…Mayin shamollar epkinida asta mo‘ralagan quyosh nurlari zaminga iliqlik baxsh etmoqda. Chor-atrofda qaynayotgan kuzning so‘nggi yumushlari tugab borayotir.

Hovliga kirib kelgan oppoq kiyimli shifokorlarni tabassum bilan qarshilab, so‘ri ustiga to‘shalgan ko‘rpachaga o‘tirayotgan Tojixol buvi beixtiyor qo‘llarini duoga ochadi:

– Ollohim! Yetkazganingga shukur, yurtimizni tinch, tanimizni sog‘, iymonimizni butun ayla, – deya yuziga fotiha tortarkan, so‘zida davom etadi. – Bo‘riboy makkajo‘xori qayirayotgan ekan o‘g‘limning holidan xabar olay deb hovli etagiga borib kelayapman…

– Tinch-omonmisiz, buvijon. Sog‘lig‘ingiz yaxshimi? – buvi bilan so‘rashadi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi rahbari Yulduzxon Usmonova, – Sizni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun butun tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadamiz bilan keldik.

– Rahmat bolam, sizlarni ovora qilibman, ahvolim yaxshi, sog‘lig‘im ham durust, kalishimni “g‘arch-g‘urch” qilib, hovli kezib yuribman-da, – ta’kidlaydi buvi hazilomuz.

Tojixol buvini obdon tekshiruvdan o‘tkazgan tibbiy patronaj brigadasi shifokorlari onaxonning sog‘lig‘ida muammo yo‘qligining guvohi bo‘lishdi. Olib kelgan sovg‘a-salomlarini sekingina so‘ri ustiga qo‘yishdi. Bu dili toza keksa buvijon bilan suhbat ancha vaqtgacha davom etdi.

Darvoqe, Tojixol buvining aytishicha uzoq umr ko‘rishning siri, avvalo serharakatlik, saranjom-sarishtalik, xushfe’llikdadir. So‘ngra sof havo, to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga amal qilish, to‘yib uxlash hamda tabiiy meva-sabzavotlar va poliz mahsulotlarini ko‘proq iste’mol qilishda ekan.

– Dalaning ko‘m-ko‘k o‘t-o‘lanlarini yegan sigirning sutu qatig‘i, qaymoq va suzmasi qanchalik shifo ekanligini ko‘pchilik bilar, ammo hovlida donlab yurgan xonaki tovuqning tuxumi inson uchun qanchalik naf keltirishini aytmasam bo‘lmaydi. Shifobaxsh asal tanga darmon bo‘lsa, sadafdek dur novvotlar yurakka quvvat bag‘ishlaydi. Ana shulardan bahramand bo‘lgan buvingiz uzoq umr ko‘rmay kim uzoq umr ko‘rsin, – yana hazilomuz so‘zida davom etadi buvi qo‘llarini ikki yonga yoyib.

Yoz bo‘yi qish uchun g‘amlangan turshak, mayiz, tutmayiz, jiyda, yong‘oq, shaftoli, qovun qoqilarni farzandu nabiralari bilan baham ko‘rgan buvining ma’noli so‘zlari barchaga birdek yoqadi. Hazilkash momoning atrofidan odam arimaydi.

Yana o‘qing:  ISIRIQNING HALI KO‘P SIRI

Tojixol buvi farzandlarini tergashga ham, kelinlariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga ham vaqt topadi. Bu piru badavlat onaxon mahallasining maslahatgo‘y va duogo‘y farishtasi. Chunki, uning o‘gitlari keksayu yoshga birdek yoqib, ularga amal qiluvchilar aslo kam bo‘lgan emas.

Ust-boshining toza-yu ozodaligini ko‘rgan kishi buvini biron joyga mehmondorchilikka otlanayotganmikin, deb o‘ylaydi. Aslida esa tozalikdan huzur qiladigan Tojixol buvi o‘zgalarga ham shu haqida bot-bot takrorlashni kanda qilmaydi. Har kuning bir to‘ydek o‘tishiga ne yetsin, deydi bolalarcha shodlanib. Tojixol buvi shajarasi haqida so‘zlar ekan avlodidagi ko‘pchilikning ana shunday uzoq umr ko‘rganini havasingizni keltirib so‘zlaydi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyat hududiy bo‘limi xodimlari Tojixol buvining hovlisidan chiqib yana ko‘plab xonadonlarda bo‘lishdi. Belgilangan reja asosida Sirdaryo, Guliston, Boyovut, Mirzaobod, Sardoba, Xovos tumanlarida 14 ming nafarga yaqin aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan qo‘li yengil shifokorlar ularda aniqlangan xastaliklar bo‘yicha zarur dori-darmonlar berib, sog‘lomlashtirish ishlarini olib bordi va tegishli muassasalarga yo‘llanmalar berdi. Shuningdek, viloyatdagi harbiy qismlarda mehnat qilayotgan harbiylarning oilalari ham chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda Guliston shahridagi “Bolalar shaharchasi” tarbiyalanuvchilari ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib “Shaxsiy gigiyena”, “Tibbiy-genetik maslahat”, “OIV va OITS to‘g‘risida bilasizmi?”, “Kamqonlik kasalligi”, “Erta nikohning salbiy oqibatlari” kabi mavzularda davra suhbatlari tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 1 avgustdagi “2014-2018 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Sirdaryo viloyat hududiy bo‘limi tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlardan nafaqat Tojixol buvi kabi keksalar balki barcha aholi mamnun. Mazkur bo‘lim har bir oiladagi ijtimoiy sharoit, undagi psixologik muhit, oila a’zolarining sog‘lig‘i va ayniqsa, fertil yoshidagi ayollar, bolalar, o‘smirlar va qariyalarning salomatligini nazorat qilib borish, ularga o‘z vaqtida ko‘mak berish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish kabi masalalarga sidqidildan yondoshmoqda.

– 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda “Xolis xizmat” ijtimoiy sifatli xizmat ko‘rsatish” loyihasi bilan ishtirok etib 14 mln.so‘mlik grantni qo‘lga kiritgan edik. Loyihaga muvofiq aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish mavzusida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Nogironlar, yolg‘iz qariyalar, kam ta’minlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar aniqlanib, ularga manzilli tarzda sifatli ijtimoiy-tibbiy xizmatlar, insonparvarlik yordamlari ko‘rsatildi.

Yana o‘qing:  Arosat yo‘li armonga eltar

2014 yilning 9 oyi davomida 23 nafar tug‘ma yurak nuqsoni bilan og‘rigan bemor bolalar aniqlanib dispanser nazoratiga olindi. 13 nafar bemor bola operatsiya qilindi. 1 nafar bemor bola Koreya Respublikasida jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtirildi. 28 nafar lab-tanglay tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bemor bola aniqlanib, 13 nafari yurtimizning nufuzli klinikalarida jarrohlik muolajalaridan o‘tkazildi. Birgina bu emas, fondning viloyat filiali onalar va bolalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan turli sport musobaqalarini o‘tkazib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida 130 dan ortiq turli sport musobaqalari o‘tkazildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” hududiy filiali rahbari Yulduz Usmonova.

Jamila HAYDAROVA,

Sirdaryo viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: