ISIRIQNING HALI KO‘P SIRI
Isiriq O‘rta Osiyo va Sharq xalqlari tabobatida asrlar davomida keng qo‘llanib kelinayotgan shifobaxsh o‘simliklardan biri hisoblanadi. Hazorispand (isiriq) barcha ofat va xastaliklarning oldini oluvchi himoya vositasi sifatida ham xonadonlarga ilib qo‘yilgan. Oqila buvijonlarimiz xonadonda isiriq tutatib turilsa kasallik kam bo‘lishini yaxshi bilishgan.
Qadimda odamlar bu giyohda qandaydir kuch bor deb bilishgan. Bu esa uning shifobaxshlik xususiyatlarini tushunib yetmaganlikning natijasidir. Vaholanki, ilmiy tibbiyot isiriq tarkibida mavjud bo‘lgan moddalar ko‘zga ko‘rinmas mikroorganizmlarga qiron keltirishini isbotlab berdi. Hozirda isiriqdan ajratib olingan garmin alkoloidi va o‘simlik ildizidan tayyorlangan spirtli damlama Parkinson xastaligini, tutqanoq, ensefalit, bosh miyaning yallig‘lanishi asorati – qaltirashni davolashda hamda uxlatuvchi dori sifatida ishlatiladi.
Buyuk tabib Abu Ali ibn Sino ham bir qator xastaliklarni davolashda isiriqdan foydalangan. Buning uchun og‘rigan yerga isiriqning yer ustki qismini ezib bog‘lashni tavsiya etgan. Isiriqni ba’zida xarmal, isvant, adrasmon, garmala deb atashlari ham bejiz emas. Uning asl nomi hazorispanddir (forscha “ming otni tutishga qodir”). Isiriqni bo‘g‘imlar og‘riganda va asab tizimidan yallig‘lanish jarayonlari kuzatilganda og‘riq qoldiruvchi dori sifatida ishlatgan. Buning uchun og‘rigan yerga isiriqning yer ustki qismini ezib bog‘lashni tavsiya etgan. Isiriqning barcha qismlari va urug‘i alkaloidlarga boy. O‘simlik ildizida 3,3 foizgacha, poyasida 3,57 foizgacha, bargida 4,96 foiz va urug‘ida 6,6 foizgacha alkaloidlar borligi qayd qilingan bo‘lib, ular yig‘indisidan garmolin, garmin, peganel, dezoksipeganin kabi moddalar ajratib olingan. Bulardan tashqari o‘simlikning urug‘ida ko‘p miqdorda moy bo‘ladi. Isiriq urug‘idan juvozda va boshqa usullar bilan yog‘ olish mumkin. Uning yog‘i miyadagi to‘siqlarni ochish, paylarni mustahkamlash, ulardagi yellarni tarqatishga qodir. Isiriq yog‘ini iste’mol qilish ham mumkin.
Xalq tabobatida ushbu shifobaxsh o‘simlikning yer ustki qismidan tayyorlangan qaynatma bod, bezgak, tutqanoq, uyqusizlik, organizmdagi yallig‘lanish jarayonlari va gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) va boshqa kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Bulardan tashqari qo‘tir, qichima va boshqa teri kasalliklariga ham davo qiladi. Urug‘idan tayyorlangan qaynatma zig‘ir urug‘ining qaynatmasi bilan birga nafas qisishi, nafas olishning qiyinlashishida, qalampir urug‘i qaynatmasi bilan zahm, bod kasalliklariga davo sifatida qo‘llaniladi. Isiriqning shifobaxsh xususiyatlaridan biri u ichaklardagi bodlarni haydaydi, quyuqlashgan moddalarni suyultiradi. Sovuq mijozli kishilarga jinsiy quvvat bag‘ishlaydi, yana badanni semirtiradi, peshob, ter, sut va hayz yurishini ravonlashtiradi. Savdo, quyuq balg‘amni ich ketishi bilan daf etadi.
Nargiza UGLAMOVA tayyorladi