EL E’ZOZI
Kosonsoylik Bo‘stonxon Poshshayeva xalq sevgan san’atkorlardan edi. “Bozorga baqqol yarashgan”, “Hamrohing bo‘lay!”, “Hormang, paxtakorlar!” kabi qo‘shiqlari bilan el orasida hurmat qozondi.
Bo‘stonxon Poshshayeva butun umrini o‘zbek xalkining qadimiy qo‘shiqlari, raqslari, laparlari, marosim va udumlarini o‘rganish va uni targ‘ib etishga bag‘ishladi. Uning tashabbusi bilan Namangan shahridagi 7-sonli madaniyat uyi qoshida “Yor-yor” folklor-etnografik ansambli tashkil etildi.
Yaqinda Namangan shahridagi Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatrida folklor san’ati fidoyisi Bo‘stonxon Poshshayeva xotirasiga bag‘ishlangan “Barhayot siymolar” nomli adabiy-musiqiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi, Respublika “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi hamda Namangan viloyat hokimligi Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, mazkur xotira tadbirining tantanli ochilish marosimida Namangan viloyat hokimi o‘rinbosari Hamidxon Jalolov, Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazining direktor o‘rinbosari O‘tkir Tohirov, “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi Respublika boshqaruvi raisi Isfandiyor Latipovlar so‘zga chiqishdi.
Tadbirda Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari folklor-etnografik xalq ansambllari ham ishtirok etishdi.
Muhammadjon QOZOQBOYEV