BRAZILIYADA 2016 YILGI OLIMPIADA VA PARALIMPIADA TIMSOLLARI NAMOYISH ETILDI
Braziliya faunasi (hayvonot dunyosi)ni o‘zida mujassam qilgan obraz – ko‘rinishi mushukni eslatuvchi sariq rangli jonzot Rio-de-Janeyroda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarining timsoliga aylandi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Paralimpiya o‘yinlari maskotini tayyorlashda esa musobaqa tashkilotchilari mahalliy flora (o‘simlik dunyosi)dan ilhom olishgan – musobaqalar timsoli etib ko‘rinishi daraxtni yodga soladigan ko‘k-yashil mavjudot tanlangan.
Endi braziliyaliklar internetda tashkil etiladigan so‘rovnoma yordamida 2016 yilda bo‘lib o‘tadigan o‘yinlarning ramzlariga nom tanlashlari kerak bo‘ladi.
Hozircha nom masalasida uchta variant bor, bular – Oba va Eba, Tiba-Tuki va Eskindim, shuningdek, Vinisius va Tom. Nomlar qatoridagi so‘nggi juftlik braziliyalik mashhur mashshoqlar – Vinisius di Morays va Tom Jobim sharafiga atalgan.
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi yozgi Olimpiya o‘yinlari 2016 yilning 5-21 avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.