BOSHIMNI SILADI VATAN QO‘LLARI

Tahririyatimizga kelgan xatlar bilan tanishar ekanman, samarqandlik Ashurbibi Baratovaning kechinmalari diqqatimni tortdi. Ko‘zimda yosh bilan maktubni o‘qib chiqdim. Ota-ona mehriga, diydoriga to‘ymagan Ashurbibi o‘zi va to‘rt ukasi qarindosh urug‘laridan topmagan g‘amxo‘rlikni Vatanidan ko‘rganini, o‘zining yelkasida Ona-Yurtning issiq taftini his qilayotganini quvonch va faxr bilan yozgan edi.

Biz bu maktubni juz’i tahrir bilan e’tiboringizga havola etishga qaror qildik. Zora murg‘ak qalbning dil kechinmalaridan ba’zi qahri qattiq, beoqibat qarindosh urug‘lar xushyor tortsa, degan tilagimiz bor.

Vasila PO‘LATOVA

Har bir inson dunyoga kelganida o‘z oilasi bag‘rida kamol topishni, bolalikning eng beg‘ubor, shirin lahzalarini quvonch va shodliklar, ezgu orzular og‘ushida o‘tkazishni istaydi. Biz ham oilada besh nafar farzand edik (uch ukam va singlim)…

Men 1999-yil 29-aprelda Samarqand viloyatining Toyloq tumanida dunyoga keldim. Ikki yoshga to‘lganimda ukam Javohir tug‘ilgan. Oyim biz bolalarning tarbiyasi bilan shug‘ullanardi. Ammo keyinchalik dadamning ishlari yurishmay qoldi. Shundan so‘ng oyim dadamga yordam bo‘lsin, deb ishga chiqdi. Oradan yana ikki yil o‘tib ukam Jahongir dunyoga keldi. Mehribonlarim ertadan kechgacha ishda bo‘lishar, ukalarimni “ovutib” turish mening zimmamda edi.

Men yetti yoshga to‘lganimda maktabga, 1-sinfga chiqdim. Shuning uchun oyim noiloj ishdan bo‘shab uyda qoldi. 2007-yilda ukam Jonibek, 2009 yilda esa singlim Irodaxon tug‘ildi. Biz bu vaqtda baxtli oila bo‘lib yashardik.

Turmushning mushti qanchalar qattiq bo‘lishini esa juda yoshligimdayoq tushundim. Taqdirning bizga tayyorlab qo‘ygan sinovlari ko‘p ekan. 2011-yil bizning oila uchun juda ham og‘ir keldi. Shu yili dadamdan ayrildik. Bu ham yetmagandek oyim tuhmat bilan qamaldi. Bu voqealar oilamiz hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Dadamning vafotidan keyin “bunday qarindoshdan begona yaxshi” degan so‘zning ma’nosini tushundim. O‘sha kundan boshlab amakim uyni bo‘shatib qo‘yishimizni talab qildi. Qarindosh-urug‘lar bizni qabul qilishmadi. Ko‘chada qolib ancha vaqtgacha sarson bo‘lib yurdik. Bir kuni bizni oyimning ota-onasi, bobom va buvim olib ketdi. Ularning epchilgina dastyoriga aylandik. Biroq, tog‘amning maslahati bilan bizni “Mehribonlik” uyiga topshiradigan bo‘lishdi. Tezda hujjatlarimizni tayyorlab, ikki ukamni Samarqand shahridagi 9-son “Mehribonlik” uyiga, meni va ikki ukamni 10-son “Mehribonlik” uyiga joylashtirishdi. Bu yerdagi jamoa, bolalar bizni juda yaxshi kutib oldilar, biroq ko‘nikishimiz qiyin kechdi. Chunki, bo‘lib o‘tgan voqealar bizga salbiy ta’sir qilgan edi. Ketma-ket dadamdan, oyimdan, ukalarimdan va mehribon oilamizdan ajraldik. “Mehribonlik” uyi pedagog xodimlari, tarbiyachilari biz bilan dildan suhbatlar olib borishdi, o‘z maslahatlarini berishdi. Bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha xodimlar taqdiri bir-biriga o‘xshash bolajonlarga juda mehribon. Ular barcha tarbiyalanuvchilarni o‘z farzandlaridek ko‘radilar. Guruhimiz tarbiyachilari Ozoda To‘raboyeva, Saida Muzaffarova hamda Ozoda Jumaboyeva mendan tashqari yana 12 nafar qorako‘z do‘stlarimni mehr bilan tarbiyalamoqdalar.

Yana o‘qing:  TA’LIMDA ZAMONAVIY USLUB: bolalar salohiyatini yuksaltiradi

“Mehribonlik” uyimiz rahbari Salohiddin otamiz ham har bir bolaning ko‘ngliga yo‘l topib, ularning dardlariga quloq soladilar. U kishi bizni va bizga o‘xshagan tengdoshlarimizni boshqa “Mehribonlik” uylarida tarbiyalanayotgan aka-uka, opa-singillari bilan uchrashishga sharoitlar yaratib bermoqdalar. Shunday vaqtlarda men 9-”Mehribonlik” uyida tarbiyalanayotgan ukalarimdan tez-tez xabar olib turaman.

Qolaversa, muassasamizda sport-sog‘lomlashtirish ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Turli yo‘nalishdagi to‘garaklar, sport seksiyalari faoliyat ko‘rsatadi. Men “Biser”, “Zardo‘zlik” va “Milliy kashtachilik” to‘garaklariga qatnashmoqdaman.

Men shu yilning bahorida viloyatimizda bo‘lib o‘tgan “Tashabbus – 2014” ko‘rik tanlovida “Munchoqqa ishlov berish borasidagi ishlanmalarim bilan qatnashib, “Eng yosh hunarmand” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldim. Bu g‘alabamdan hayotga qiziqishim yanada ortdi.

“Mehribonlik” uyida tez-tez ommaviy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, yurtimizda ijod qilayotgan shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, ularning kitoblari taqdimotlari bo‘lib o‘tadi. Katta xonadonimizga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik kelib, bizlar bilan dildan suhbat qurdi. Ushbu uchrashuvda “Milliy kashtachilik” to‘garagida tikkan, “Ot” ramzi tushirilgan palakni atoqli adibga sovg‘a qildim. U kishi ham menga o‘z dastxati qo‘yilgan kitobni hadya etdi.

Ha, taqdir yo‘llarida mehribonlaridan ayrilib qolgan, yoki turli sabablarga ko‘ra ota-ona g‘amxo‘rligidan mosuvo bo‘lgan bolalarga davlatimiz tomonidan chinakam e’tibor va mehr ko‘rsatilmoqda.

Bu g‘amxo‘rlik menga ruh beradi. Mana shunday bag‘rikeng el bolasi bo‘lganim uchun faxrlanaman va kelajakda Vatanim uchun xizmat qiladigan farzand bo‘laman.

Mening ushbu bosib o‘tgan hayot yo‘limni yozishimdan maqsad, barcha ota-onalardan o‘z oilasiga, farzandlariga mehrli bo‘lib, oila degan muqaddas maskanni asrashlarini so‘rayman. Barcha bolajonlarni o‘z oilasi, ota-onasi bag‘rida kamol topishlarini tilab qolaman.

Ashurbibi BARATOVA,

Samarqand shahridagi

10-sonli “Mehribonlik” uyi 7-guruh tarbiyalanuvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: