OTAM, ONAM VA MEN —SPORTCHILAR OILASI

Oila hayotimiz tayanchi va suyanchi, jamiyatimizning asosiy bo‘g‘inidir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, oila sog‘lom ekan — jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan — mamlakat kuchli va barqaror bo‘ladi.

Oilaning sog‘lom va mustahkam bo‘lishida sportning roli beqiyos. “Mustahkam oila yili” Davlat dasturida aholi o‘rtasida sportni ommalashtirish orqali sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ayniqsa, yosh avlodni sportga keng jalb etishga muhim e’tibor qaratilgan. Farg‘ona viloyatida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

— “Mustahkam oila yili” da oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qiluvchi turli tadbirlar o‘tkazildi va u izchil davom etmoqda, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva. — Bunda sport musobaqalarini tashkil etish, sportsevar oilalar sonini yanada ko‘paytirish muhim ahamiyatga ega. “Otam, onam va men — sportchilar oilasi” musobaqasi, “Alpomish va Barchinoy” sport o‘yinlari, xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilgan ayollar spartakiadalari sportning ommaviyligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Keyingi yillarda sport bilan shug‘ullanadigan oilalar ko‘paymoqda. Ular orasidan u yoki bu sport turi bo‘yicha mamlakat, hatto, jahon chempionlari ham yetishib chiqmoqda. Farg‘onalik Saidxo‘jayevlar oilasi shulardan biridir.

Mazkur oila tennis bilan muntazam shug‘ullanadi. Oila boshlig‘i Sobirxo‘ja Saidxo‘jayev kasaba uyushmalari tizimida, oila bekasi Barnoxon ta’lim sohasida mehnat qiladi. Farzandlari Sanjar, Muhammadrizo va Sarvinoz ham tennis bo‘yicha murabbiylardan saboq olishmoqda.

— Yurtboshimiz tomonidan sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor bizni yanada ruhlantirmoqda, — deydi Sobirxo‘ja Saidxo‘jayev. — O‘zbek sportchilari jahon musobaqalarida kuchli raqiblarni dog‘da qoldirayotir. Yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitmoqda.

Tennis epchillikni, mahoratni talab etadi. Bu yoshlar dastlab O‘zbekiston tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Kichkintoy”, Toshkent, Andijon hamda Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan turli musobaqalarda ishtirok etib, g‘olib bo‘lishdi.

O‘n besh yoshli Sarvinoz 2010 yili bir qancha chet davlatlarda o‘tkazilgan musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

O‘tgan yili Malayziya va Isroilda bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarda qatnashib, g‘olib bo‘ldi. Bu yil esa Avstraliya, Turkmaniston va Qozog‘istonda o‘tgan tennis musobaqalarida ishtirok etdi.

— Yurtimizda yoshlarga berilayotgan e’tibor katta-katta musobaqalarda g‘olib bo‘lishimizda asosiy omil bo‘layotir, — deydi Sarvinoz. — O‘tgan yili Malayziyada 14 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo birinchiligida g‘olib bo‘lganim menga katta imkoniyatlarni ochib berdi.

Yana o‘qing:  Ilhom lahzalari

Sanjar va Muhammadrizo ham Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabida tajribali murabbiylardan saboq olishdi. Sanjar Farg‘ona davlat universitetining pedagogika fakulteti jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat ta’lim fakultetida, Muhammadrizo va Sarvinoz esa Farg‘ona olimpiya zaxiralari sport kollejida tahsil olishmoqda. Ular tennis bo‘yicha viloyat terma jamoasi a’zolaridir.

“Toshkent Open”, “Chellenjer”, “Fyuchers” kabi yirik turnirlar yurtimizda tennisning yanada ommalashuviga xizmat qilish bilan birga, yoshlarimizning iste’dod va mahoratini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan Saidxo‘jayevlar oilasi oilaviy sport bo‘yicha ulkan muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda. Chunki sport ular uchun sog‘lik, salomatlik, kuchli iroda manbai, hayoti mazmuniga aylangan.

Ma’sudjon SULAYMONOV,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: