YOSHLAR KAMOLOTIDA – SPORT
Kuni kecha “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan “Yoshlar kamolotida jismoniy tarbiya va sportning o‘rni hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida vazirlik markaziy apparatining tegishli boshqarma boshliqlari, Sport federatsiyalari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, yuksak natijaga erishgan bir qator sportchilar ishtirok etdi.
Mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida farzandlarimizni sportga jalb etish, ularda sportga bo‘lgan qiziqishni orttirish, shu orqali mustahkam irodali, qat’iyatli va jasur yigit-qizlar sifatida ulg‘ayishiga zamin yaratish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Respublika va xalqaro maydonlarda ishtirok etayotgan o‘g‘il-qizlar safi tobora kengayib, ular tomonidan qo‘lga kiritilayotgan sovrinlar miqdori, ayniqsa, so‘nggi yillarda sezilarli darajada ko‘payishi ham ana shu e’tiborning natijasidir. Shuningdek, anjumanda e’tirof etib o‘tildiki, birgina joriy yilning to‘qqiz oyi davomida Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan 177 ta xalqaro musobaqada hamda 44 ta o‘quv-mashg‘ulotlari yig‘inida jami 1 ming 598 nafar sportchi ishtirok etib, 186 ta oltin, 200 ta kumush, 239 ta bronza, jami 625 ta medalni qo‘lga kiritgan.
Soha xodimlari tomonidan yig‘ilish ishtirokchilariga “Sog‘lom bola yili”da O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish va ommaviylashtirish borasida qilinayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar va sohada ko‘zga tashlanayotgan kamchiliklar xususida so‘z yuritildi.
OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Tadbir so‘nggida nufuzli musobaqlarda ishtirok etib, yuqori natijaga erishgan bir qator sportchilarimiz tegishli tashkilotlar tomonidan munosib taqdirlandilar.
M. TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri