Xabarlar, yangiliklar, voqealar (2012/46-47)
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni matbuotda e’lon qilindi.
- 10 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoni matbuotda e’lon qilindi.
- 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Kengash Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisini shu yil 5-6 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
- Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida kichik biznes va hususiy tadbirkorlik vakillari uchun BMTning O‘zbekiston hamda xorijdagi tender xaridlar tizimida qatnashish imkoniyatlari taqdimoti o‘tkazildi. Unda farmatsevtika, qurilish, mebelsozlik, bosmaxona va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan 60 dan ortiq ishbilarmonlik sub’yektlari ishtirok etdi.
- Sirdaryo viloyatining Endokrinologiya dispanserida 14 noyabr — xalqaro Diabet kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining Sirdaryo viloyati mintaqaviy filiali tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda dispanserdagi bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga dori-darmonlar va kiyim-kechaklardan iborat muruvvat yordamlari tarqatildi.