URUG‘LARNING ShIFOBAXSHLIGINI BILASIZMI?
Mittigina donda katta axborot mujassam. Urug‘larning unib chiqishi yoki gullarning dunyoga yuz ochishi bamisoli insonning tug‘ilishiga o‘xshaydi. Ko‘z oldimizga keltiradigan bo‘lsak, urug‘ning yerdan unib chiqishi uchun qanday ulkan kuch zarur. Agar siz birorta donni olib, uni kaftingizda isitsangiz, ushbu genetik xazinada naqadar kuchli quvvat borligini his etasiz. Urug‘larning ana shunday xususiyati tibbiyotchilarning va naturopat (tabiiiy usulda davolovchi)larning e’tiborini o‘ziga tortdi.
Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, ko‘pgina dukkakli don mahsulotlari undirilib, salatlar va taomlar tayyorlanadi. Ularni choy kabi damlab, lat yegan sohalarga bog‘lab qo‘yiladi.
Ammo uzoq vaqt davomida urug‘larning shifobaxsh xususiyatlari fanda qo‘llanilmay kelingan. Bu “yo‘qotishlar” o‘rnini Su-Jok terapiya usuli to‘ldirdi. Bu yo‘nalish asoschisi koreyalik shifokor, professor Chje Vu Pak hisoblanadi. Hozirgi kunda u Xalqaro Fanlar Akademiyasi akademigidir.
Koreys tilida su – qo‘l kafti, jok – oyoq kafti degan ma’noni anglatadi. Tibbiyotning bu yo‘nalishi yaqinda, ya’ni 1986 yilda paydo bo‘ldi. Koreyalik olim sohaga doir tadqiqotlari natijalarini matbuotda e’lon qildi. Ushbu uslubga bioquvvat meridianlari va biologik faol nuqtalar nazariyasi asos qilib olingan.
Olimning fikriga ko‘ra, qo‘l va oyoq kaftlarida organizmning barcha a’zolari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan biologik faol nuqtalar mavjud. Ularni qo‘l kaftlari bilan uqalab, isitib, so‘ngra turli don urug‘larini qattiq bosib, organizmning umumiy holatini yaxshilash mumkin. Shuningdek, xasta a’zolarni ham davolash mumkin.
Professor Chje Vu Pak: “Har bir don, ya’ni urug‘ murakkab axborot tizimi. U atrof-muhit bilan o‘zaro axborot almashadi. Urug‘larning eng muhim xususiyatlaridan biri, ular tashqaridan ma’lumot olishidir”. Ya’ni, kasallikni o‘ziga “so‘rib” oladi. Kasallik ham axborot hisoblanadi. Ammo u salbiy va nuqsonli ma’lumot. Qo‘l va oyoqlardagi biologik faol nuqtalarda insonda xastalikning yangi belgilari paydo bo‘lmasidan avvalroq kasallik haqida axborot to‘plana boshlaydi. Har qanday xastalik dastlab “mudroq” holatda bo‘ladi, – deydi professor.
Olimning nazariyasiga asosan olamda gomogetero, ya’ni gomo o‘zaro birlashish va jamlanishga intilish, geteroning vayron qiluvchi ta’siridan himoyalanish tamoyillari mavjud.
Geterota’sir murakkab tuzilmalarning rivojlanishi va yangilanishiga turtki bo‘ladi. Shu tufayli inson kasallikning ilk davrida oldini olishni bilmaydi. Chunki, u bu haqda xayoliga keltirmaydi. Bu holatda mittigina urug‘dan foydalanish zarur. Yana donlar odamdagi xastaliklar haqidagi ma’lumotlarni o‘ziga “so‘rib” oladi.
Eng muhimi urug‘larni har bir biologik faol nuqtaga bilib, o‘z vaqtida bog‘lash kerak.
Buning uchun avval xasta a’zoga taalluqli nuqta uqalanadi. So‘ngra unga bir necha marta qattiq bosib, urug‘ qo‘yiladi(og‘riq his etilguncha). Oyoq va qo‘llar kaftlaridagi biologik faol nuqtalarga qog‘oz plastir bilan bog‘langan urug‘lar ertalabgacha shishib, o‘z shaklini o‘zgartiradi va nobud bo‘ladi.
Surunkali kasalliklarda urug‘lar ko‘proq ishlatiladi va uzoqroq tutib turiladi. Bitta donni 24 soat bog‘lab qo‘yish mumkin. Donni tanlashda uning shakli, hajmi va xususiyatlari e’tiborga olinadi. Davolash uchun foydalaniladigan urug‘lar unib chiqadigan bo‘lsagina, yaroqli hisoblanadi. Chunki, shikastlangan va nuqsonli urug‘larning shifobaxsh xususiyati bo‘lmaydi.
Shuningdek, oqlangan donlar ham shifobaxsh bo‘lmaydi. Kasallikni davolashda bug‘doy, sholi, olma urug‘i kabilar qo‘llaniladi.
Su-jok urug‘terapiyasi umuman zararsiz hisoblanib, an’anaviy refleksoterapiya (igna bilan davolash)dan farqli o‘laroq, uni bilmasdan biologik faol nuqtalar kesishgan quvvat meridianlariga noto‘g‘ri qo‘llanilsa ham xavf tug‘dirmaydi. Bu usulda faqat qo‘l va oyoqlardagi biologik faol nuqtalardan foydalanish mumkin.
Oyoq va qo‘llardagi bosh barmoq bosh va bo‘yin bilan bog‘liq. Ko‘rsatgich va jimjiloq barmoqlar esa oyoqlarga taalluqli. O‘rta va nomsiz barmoqlar oyoqlar uchun javob beradi. Oyoq va qo‘llarning kaftlarida barcha ichki a’zolar bilan tutashgan biologik faol nuqtalar mavjud. Kaftlarning o‘rtasida umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq nuqta joylashgan.
Su-jok urug‘terapiya oddiy va soddaligi bilan boshqa davolash usullaridan farq qiladi. Bunda amaliyotchi shifokorlardan an’anaviy va noan’anaviy tibbiyot sohasiga doir bilimlar talab etiladi. Shuningdek, urug‘larning sifati va shifobaxshlik xususiyatlariga qarab tanlash ham katta ahamiyatga egaligini unutmaslik lozim.
Maryam AHMEDOVA tayyorladi.