OTA-ONALARGA YAQIN KO‘MAKCHI
Shayxontohur tumanidagi 324-umumta’lim maktabida “Qoratosh” va “Kamolon” mahallalari aholisi o‘rtasida maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlash uchun 5 turdagi suratli qo‘llanmalar taqdimoti o‘tkazildi. Eslatib o‘tamiz, ushbu loyiha “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturining 94-bandida belgilangan. Mazkur qo‘llanma farzandi 5-7 yoshli bo‘lgan har bir ota-onaga bolalarini maktabga tayyorlashda yaqindan yordam beradi. “Maktabgacha ta’limga qo‘yiladigan Davlat talablari” va “Bolajon” tayanch dasturi asosida “Nutq o‘stirish, o‘qitish va savodga tayyorgarlik”, “Matematik tasavvurlarni shakllantirish”, “Sog‘ tanda – sog‘lom aql”, nasriy va she’riy asarlar to‘plamlari shular jumlasidandir. Ushbu rasmli qo‘llanmalar markaz ilmiy-metodik kengashida muhokama qilinib, nashrga tavsiya etildi va ota-onalarga yetkazib berish yo‘llari ishlab chiqildi.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri