Baqlajon
Ayni damda bozor rastalari yurtimizning sarxil mevalari va turli sabzavotlar bilan to‘la. Inson organizmi uchun turli vitaminlarga boy baqlajonni arzon narxga xarid qilasiz. Xo‘sh, uning salomatlikka doir xususiyatlarini bilasizmi?
Baqlajonning tarkibida dag‘al to‘qima (kletchatka), kalsiy, kaliy, temir, fosfor, mis, magniy, rux, kobalt, marganets, alyuminiy kabi minerallar, RR, V1,V2 vitaminlari, oshlovchi moddalar, uglevodlar, oqsil, yog‘, tabiiy shakar A vitamini, organik kislotalar, pektin moddasi mavjud. Baqlajon to‘yimliligi bilan boshqa sabzavotlardan farq qiladi. Ayniqsa, pazanda bekajonlar baqlajondan tuxum hamda pomidor aralashitirib mazali taom tayyorlashadi. Mutaxassislar baqlajonni me’yorida iste’mol qilishni tavsiya etadi. Sababi uning haddan ziyodi jigarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va organizmda xiltni ko‘paytirishi mumkin. Shu sababli baqlajonni boshqa sabzavotlar bilan birga qovurib, ikra qilish yoki turli salatlar tayyorlash tavsiya etiladi.
Baqlajondan turli parhez taomlar tayyorlash mumkin. U ortiqcha vaznli kishilarga tavsiya qilinadi. Ayniqsa, bu mahsulot organizmda ortiqcha va zararli xolesterinni chiqarib tashlaydi. Yurak va buyrak, hamda jigar faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Ichaklarni tozalab, o‘t yo‘llarini yaxshilaydi. Siyohrang baqlajon qon yaratish tizimi (suyak ko‘migi) va taloq ishini me’yoriga soladi. Kamqon bemorlarning organizmida qizil qon tanachalari hosil bo‘lishiga yordam beradi. Shu sababli gemoglobin normaga keladi. Yana qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda qonda qand miqdorini kamaytiradi. Shuningdek, baqlajon podagra(bo‘g‘im og‘riqlari) kasalligida ham foydali.